Breaking News

Muhammad Solih: O'zbekistonga erkin fuqaro sifatida qaytaman


Muhammad Solih uzoq yillardan beri Turkiyada yashaydi
Muhammad Solih uzoq yillardan beri Turkiyada yashaydi

O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihning xalqaro politsiya Interpol ro'yxatidan olib tashlanishi O‘zbekiston hukumatining qarorimi, yo‘qmi, hozircha noma’lum. Ammo hukumat Solihning murojaatini ko‘rib chiqmoqda. Muxolifatchi esa O‘zbekistonga erkin fuqaro sifatida qaytish qarorida.

Muhammad Solih bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:48 0:00

27 yillik rahbar Islom Karimov o‘limidan so‘ng hokimiyat almashganiga bir yil bo‘ldi. Muxolifatida mamlakatda siyosiy islohotlar boshlanishiga umid yo‘qolmagan.

Muhammad Solih "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, xalqaro politsiya Interpol endi uni qidirmayotgani uning advokatlari olib borgan harakat samarasimi yoki har yili Intepoldagi ro‘yxatni yangilab turuvchi O‘zbekiston hukumati qarorimi, bu mavhum.

Men hukumatga yuborgan talabim ham shu kutilayotgan siyosiy o‘zgarishlar chorcho‘pida ijobiy hal bo‘ladi degan umiddaman.

Muhammad Solih avvalroq O‘zbekiston hukumatiga o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmini chiqarish haqida murojaat jo‘natgan. Bu ariza o‘rganib chiqilar ekan, javob ijobiy bo‘lgan taqdirda Muhammad Solih O‘zbekistonga qaytmoqchi.

"Javob ijobiy bo‘lsa, biror shartlar qo‘yilmasa, O‘zbekistoning hur bir vatandoshi sifatida vatanga qaytishga tayyorman“, - deydi u.

Karimov boshqaruvini xorijdan turib kuzatishga mahkum qilingan muxolifat yetakchisi mamlakatda rahbar o‘zgarar ekan, yangi hokimiyatning islohot va’dalari umid uyg‘otayotgani, prezident Shavkat Mirziyoyev samimiy bir rahbar sifatida ko‘rinayotgani haqida bayonot bilan chiqqan edi. Uning bu bayonotidan ham ancha fursat o‘tdi.

67 yoshli Muhammad Solihning tarafdorlari hamon ko'p
67 yoshli Muhammad Solihning tarafdorlari hamon ko'p
O‘zbekistonga yangi kadrlar kerak. Tuzum eski, tomog‘i o‘g‘rilik bilan ko‘tarilgan kadrlardan tozalanishi kerak. Umid qilamizki, Mirziyoyev bu to‘siqlarni yengib, o‘zgarishlar qilishga jur’at topadi.

"Biz, Karimovning 27 yillik diktaturasiga qarshi kurashib kelgan bir muxolifat sifatida, uning o‘rniga kelgan yangi hokimiyatga ma’lum bir muddat berishimiz kerak edi. Yangi hukumatga darhol radikal talabalar bilan chiqish siyosiy tomondan ham noto‘g‘ri bo‘lardi. Albatta, yangi hokimiyatning kelishida ham xatoliklar bo‘ldi. Bu haqda o‘sha paytda ochiq gapirdik. Biz yangi hokimiyatga darhol hujum qilishni emas, unga hech bo‘lmasa bir yil muhlat berishni, tishni-tishga bosib sabr qilishni lozim topdik. Agar bu inson (Mirziyoyev) haqiqatda ijobiy o‘zgarishlar qiladigan bo‘lsa, tanqid qilish emas, balki uni dastaklaymiz degan yaxshi niyatda jim turdik va jim turishda davom etyapmiz. Mana hozir, Karimov o‘lganiga bir yil to‘ldi, Mirziyoyevning rasman ish boshlaganiga bir to‘lgani yo‘q, lekin bu ham katta o‘zgarishlar qilish mumkin bo‘lgan muddat edi. O‘zgarishlar esa biz kutgan darajada emas, ayniqsa siyosiy islohotlar bo‘yicha. Ammo biz baribir nekbinlik bilan Mirziyoyevdan xalqimiz foydasiga qilinadigan o‘zgarishlar kutyapmiz, va’damizda turibmiz. Eng muhimi - siyosiy reformalar, bu borada hozircha biror qadam yo‘q. Iqtisodiy jabhada bor, mana valyuta bozori erkinlashishi ham muhim qadam. Men hukumatga yuborgan talabim ham shu kutilayotgan siyosiy o‘zgarishlar chorcho‘pida ijobiy hal bo‘ladi degan umiddaman“, - deydi Muhammad Solih.

Prezident mamlakatdagi rasmiy partiyalar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularni siyosiy mudroqlikdan uyg‘onishga chaqirdi, ammo ularning birortasi hukumatga muxolif emas.

“Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih 1992- yilda o‘tgan ilk prezidentlik saylovlarida muxolif nomzod sifatida ishtirok etgan
“Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih 1992- yilda o‘tgan ilk prezidentlik saylovlarida muxolif nomzod sifatida ishtirok etgan

Ijtimoiy hayotda, xususan o‘zbek televideniyesi, matbuotida kuzatilgan jonlanishlar ham so‘nggi paytda bosimlardan xoli bo‘lmayapti. Qamoqda qolayotgan siyosiy, diniy mahbuslarning mustaqillik munosabati bilan afv etilishi haqidagi umidlar ham oqlanmadi. Kadrlarni tinimsiz, shiddat bilan o‘zgartirishda davom etayotgan Mirziyoyevning islohotlari og‘ir siljiyotgani kuzatiladi.

Mirziyoyevdan xalqimiz foydasiga qilinadigan o‘zgarishlar kutyapmiz.

“Hokimiyat almashishidan biroz o‘tib, Karimov davridagi illatlar ochiq-oydin gapira boshlangani umid uyg‘otdi. Mirziyoyevning Karimov qo‘yib ketgan kadrlarni qattiq tanqid qilishi, jamiyatga zarar yetkazganini ochiq aytishi umidli edi. Afsuski, umidimizga soya solayotgan o‘zgarishlar ham kadrlarga bog‘liq. Ishdan olinganlarining o‘rniga yana o‘sha Karimov davridagilar, zehniyatida xalq manfaati shakllanmagan, korrupsioner insonlar kelyapti. Mana eng so‘nggi misol - Alisher Xo‘jayev. U yana teleradiokampaniyaga boshliq qilib olib kelindi. Bu bizning hafsalamizni pir qildi. Bu Mirziyoyevning kadrlar sohasida qilgan so‘nggi katta xatosi. Buni biz yangi hokimiyatga muvaffaqiyat tilayotgan muxolifat sifatida ochiq aytmoqchimiz. O‘zbekistonga yangi kadrlar kerak. Tuzum eski, tomog‘i o‘g‘rilik bilan ko‘tarilgan kadrlardan tozalanishi kerak. Umid qilamizki, Mirziyoyev bu to‘siqlarni yengib, o‘zgarishlar qilishga jur’at topadi”, - deydi Muhammad Solih.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih 1992-yilda o‘tgan ilk prezidentlik saylovlarida muxolif nomzod sifatida ishtirok etgan edi. Karimovning g‘alabasi bilan yakunlangan bu saylovlar ortidan muxolifatga nisbatan tazyiq kampaniyasi boshlandi. Bu tazyiqlar bois muxolif a’zolari, jumladan Muhammad Solih ham mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

1999-yil Toshkentda yuz bergan portlashlardan so‘ng tazyiqlarning yangi to‘lqini kuzatildi. O‘zbek muxolifati faollarining bir guruhi bu portlashlarda aybdor topilib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular qatorida Muhammad Solih ham portlashlarga aloqadorlikda ayblandi. Oliy sud sirtdan unga nisbatan qamoq jazosi haqida hukm chiqardi. O‘zbekiston hukumati uni xalqaro qidiruvga berdi.

Muxolifatchining o‘zi bu ayblovlarni inkor qilib, ularni Karimov rejimi tomonidan muxolifatni yo‘qotish uchun qilingan tazyiqlar sifatida baholaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG