Breaking News

Evril Turon: Yozuvchilar uyushmasining o'z so'zi va ko'zi bo'lishi kerak


Toshkent
Toshkent

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Ekspertlar komissiyasi tashkilotdan quvilgan adiblar ro’yxatini tuzgani jamoatchilikda norozilik uyg’otdi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mustaqil bo'lishi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:27 0:00

Nafaqat muxolifatdagi, balki so’nggi yillarda xalq shoiri yoki yozuvchisi degan unvonga sazovor bo’lgan taniqli adiblar ham uyushmadan chiqarilgan.

Bu ro’yxat matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda aks sado berishi ortidan O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raddiya bilan chiqdi.

Unga ko’ra, adiblarning chiqarilishi birdaniga emas, yillar davomida amalga oshirilgan. Yangi a’zolar yuzasidan esa uyushma hali izoh bermagan.

Gap ancha yillardan buyon muxolifligi bilan tanilgan shoir va yozuvchilardan tashqari hukumat tomonidan taqdirlangan hamda jamoatchilikka ancha tanilgan adiblar haqida ketmoqda.

Ko’pchilik uchun Muhammad Solih, Yusuf Juma, Botir Norboyev, Gulchehra Nurullayeva, Yodgor Obid, Mamadali Mahmudov kabi muxolif qarashdagi adiblarning uyushmadan chiqarilishi tushunarli, ammo Xurshid Davron, Salomat Vafo, Sulaymon Rahmon, Muhammad Rahmon, Hamroqul Asqar, Norto’xta Qilich ham haydalgan.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek:

“Tanishib chiqdim. U yerda 26 ta emas, 13-14 kishi edi, lekin bu ro’yxatning yana davomi ham bor deyishayotgan edi. Xullas, u yerda familyalar keltiriladi. Prezidentning ma’ruzasiga muvofiq ravishda ish tutmagan, Yozuvchilar uyushmasi bilan aloqani uzgan, deya a’zolikdan chiqarilsin, deyilgan. Tagida imzo yo’q, ekspertlar guruhi qarori deyilgan xolos. Bu qaror rasman qabul qilingan bo’lishi ham mumkin. Bu ro’yxatda Xurshid Davronning ham borligi ayniqsa g’alati”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Haydalgan adiblarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda faol.

Shoir Muhammad Rahmon Feysbukdagi sahifasida bu qarordan Stalin davridagi qatag’onlar isi kelayotgani haqida yozadi. Xurshid Davron ham o’z sahifasida yozuvchilar qatag’on qilinayotgani haqida ishora qoldirgan.

Baxtiyor Isabek fikricha, ijtimoiy tarmoqlar adabiy jamoatchilik faoliyatida o’ziga xos o’zgarishlar qilmoqda.

“Adabiy jamoatchilikni ilg’or qismida, men ularning ijodini nazarda tutmayapman, balki ijtimoiy qarashlarini nazarda tutayapman, o’shalarda bir muncha o’zgarishlar bor. Deylik, 1990-yillardan keyin bostirilgan va hozirgacha davom etib kelgan oraliq davrdagi qo’rquv, hadik kabi narsalar sal chekina boshlaganga o’xshaydi. Ehtimol bu qaror shuning natijasidir. Men suhbatda bo’lgan yosh ijodkorlar, hatto qarilarida ham ma’lum darajada o’zgarishlar bor. Albatta bu hali 90-yillar darajasidagi o’zgarishlar emas, bunga hali uzoq, lekin nisbiy siljish bor”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Ro’yxatda muxolifatdagi faoliyati uchun 17 yillik qamoq jazosini o’tab chiqqan taniqli yozuvchi Evril Turon - Mamadali Mahmudov ham bor.

Mamadali Mahmudov uyushmadan birinchi bor quvilayotgani yo’q. U allaqachonlar faoliyati o’lgan Yozuvchilar uyushmasining bu qarorini arzimagan bir voqelik sifatida baholaydi.

“Yozuvchilarning bu darajada ommaviy ravishda haydalishi mustaqillik siyosatiga to’g’ri kelmaydi. Qatag’on yillarida ham bu darajada ommaviy haydalmagan yozuvchilar. Aslida haydayotgan odamlarning o’zi bir tiyinga qimmat. Ularning o’zini haydash kerak uyushmani o’ldirgani uchun. Uyushmaning o’z so’zi, o’z ko’zi bo’lishi kerak. Har jabhada o’z so’zini aytishi kerak. Kim nima desa shuning nog’orasiga o’ynaydigan tashkilot bo’lmasligi kerak”, - deydi yozuvchi.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 1990-yillarda kuzatilgan uyg’onish davri, mustaqillik uchun boshlangan harakatlar markazi sifatida tanilgan. O’zbek jamoatchiligida siyosiy muxolifatning shakillanishi ham bir paytlar madaniy va ijtimoiy hayotda muhim o’rin tutgan Yozuvchilar uyushmasi faoliyatiga borib taqaladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG