Ayub Shahobiddinov 2012-yilda ishlagan "Parizod" kartinasi bilan xalqaro miqyosda tanila boshladi. 38 yoshli postanovkachi rejissyor hozirgacha yetti filmi bilan shuhrat qozongan.
2010-yildagi "Kechikkan hayot" va 2007-yilgi "O'tov" filmlari ham kino tanqidchilari tomonidan yuqori baholangan.
Vashingtonda bu hafta o'tgan o'zbek kino festivalida uni O'zbekiston va Markaziy Osiyo kinosining buguni va kelajagi deb tanishtirishdi.
"Parizod" namoyish qilinishidan oldin va taqdimotdan keyin muxlislar bilan muloqot qilar ekan, Ayub Shahobiddinov Amerika ommasiga "O'zbekfilm" va o'z ijodi haqida so'zlab berdi.
O'tgan yillar mobaynida uni ko'plab tadbir va festivallarga taklif qilishdi, kartinalari universitetlaru xalqaro tashkilotlarda ko'rsatildi, muhokama qilindi.
Lekin bu - Ayub Shahobiddinovning Amerikaga ilk safari. Kino san'atini Toshkent va Moskvadagi oliy dargohlarda o'rgangan ijodkor "Parizod" eng murakkab filmi ekanini aytadi.
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi tog'larda suratga olingan film o'sha yerda voyaga yetgan adib Erkin A'zam asariga asoslangan.
Bosh qahramon - tog' qizi, pari, afsonaviy husn sohibasi. Undan bir so'z eshitmaysiz. Lekin uning achchiq taqdiri, ilohiy imo-ishorasi muxlisni o'ziga shu qadar sehrlab qo'yadiki, hatto bu ovozsiz obrazning ismi yo'qligini ham unutasiz.
Kartina sizni real, lekin ruhiy bir olamga yetaklaydi. Afsona va haqiqat bir-biri bilan qorishib ketadi. Qaysi zamon, qanday odamlar deb so'rashga jur'at eta olmaysiz, chunki hikoya shu darajada chuqur va qudratliki, vaqtning ahamiyati yo'qolgandek.
Ayub Shahobiddinovning aytishicha, kartina davlat ajratgan mablag' evaziga ishlangan. AQSh dollarida 200 mingga yaqin pul sarflangan. Ko'ngilochar emasligi uchun uncha katta daromad keltirmagan. Toshkentda bir hafta mobaynida qo'yilgan xolos. Rejissyorning tushuntirishicha, O'zbekistonda yiliga 40-50 kino ishlansa, ularning 10 tasi davlat hisobiga, qolgani esa xususiy manbalar asosida yaratiladi. Respublika o'z kino sanoatiga ega va bu borada o'ziga yarasha tajriba bor.
Amerikalik muxlislar bilan savol-javob ketidan Ayub Shahobiddinov "Amerika Ovozi" bilan ham gaplashdi: