Breaking News

O’zbek muxolifati Pragada qurultoyini yakunladi


O'zbekiston Xalq Harakati
O'zbekiston Xalq Harakati
O’zbekiston Xalq Harakati Chexiya poytaxti Pragada uchrashib, o’zining ikkinchi qurultoyini o’tkazdi. Faollarning aytishicha, unda harakatning bir yillik faoliyati tahlil qilinib, qoniqarli deb topilgan.


Muxolifatdagi “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih O’zbekiston Xalq Harakati raisi lavozimida qolgan. Tashkilot nizomiga kiritilgan o’zgarishlarga ko’ra, qurultoy uch yilda bir marta chaqiriladi.

Tashkilot O’zbekistonda hukumatni tinch yo’l bilan o’zgartirishni maqsad qilgan. Xorijdagi muxolifat yetakchilarini vatanga qaytarish yuzasidan ham ish boshlamoqchi.

O’zbekiston Xalq Harakati qurultoyida asosan xorijdagi o’zbeklar ishtirok etishdi. O’zbekistondan taklif qilingan faollardan faqat bir necha kishi unda qatnashishga muvaffaq bo’lishgan. Tashkilotchilarga ko’ra, O’zbekistondan 20 dan ortiq kishi taklif qilingan bo’lsa, ko’pchiligiga mamlakatdan chiqishga ruxsat berilmagan.

Xalq Harakati bir yil avval O’zbekistondagi mavjud tuzumni ag’darish maqsadida Germaniyada tashkil topgan edi. Oradan bir yil o’tdi, bu davr mobaynida tashkilot ma’lum o’zgarishlarga yuz tutgan. Ayrim a’zolar harakatni tark etishdi, yangi guruhlar unga qo’shildi.

Biroq harakat o’zining asosiy maqsadi - O’zbekistondagi rejimni o’zgartirishga erisha olgani yo’q. Aksincha, u yerda boshqaruv yanada mustahkamlashgan.

Bu haqda hisobot bergan harakat raisi Muhammad Solihga ko’ra, O’zbekiston hukumatini bir yil davomida ag’darish mumkinligi haqida gapirgan faollarning o’zi bugun tashkilot safida emas, biroq rejim bilan kurash yangi bosqichga ko’tarilmoqda.

Muhammad Solihning ta’kidlashicha, O’zbekiston Xalq Harakati o’zining asosiy maqsadi – hokimiyatni o’zgartirishga erishmagan bo’lsa-da, hukumatga murosasiz qarshilik ko’rsatuvchi kuchga aylanib borayotganini namoyish etmoqda.

Qurultoy davomida o’tgan matbuot anjumanida O’zbekiston Xalq Harakatining islomiylik darajasi, islom va siyosatga nisbatan munosabati ham ko’pchilikning diqqatida bo’ldi.

Yetakchilariga ko’ra, harakatning ektremizm yoki radiklal islomga moyilligi haqidagi xabarlar atayin, odamlarni undan uzoqroqda saqlash uchun tarqatilmoqda. Bosh maqsadi esa O’zbekistondagi diktatura rejimi o’rniga ochiq fuqarolik jamiyatini qurishdir.

Qurultoyda rossiyalik taniqli ekspert Haydar Jamol ham ishtirok etdi. Uning fikricha, O’zbekiston Xalq Harakati o’z oldiga qo’yayotgan maqsadlar real amal oshishi mumkin. Sabab faqat O’zbekistonda norozilik ko’lami ortib borayotganida emas, balki bugun mintaqadagi geosiyosiy kuchlarning vaziyat yuzasidan xavotirlari osha boshlagani bilan bog’liq.

O’zbekiston Xalq Harakati ikkinchi qurultoyiga oid yakuniy qaror qabul qildi. Unda faoliyatni takomillashtirish va O’zbekistondagi rejimga qarshi choralarni kengaytirish begilangan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG