Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda demokratik tamoyillar ishlamayotganida siyosiy partiyalarni aybdor ko'rmoqda. Rasmiy partiyalar prezidentlik saylovida Mirziyoyevga muqobillik vazifasini o'tab berishgan edi. Islom Karimovning o'limidan keyin davlat boshqaruvini vaqtinchalik qo'lga olishdan voz kechgan Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev ham tanqiddan chetda qolmagan.
Hokimiyat uchun kurash mavjud bo'lmagan bir sharoitda qo'g'irchoq partiyalarni tanqid qilayotgan prezident siyosiy raqobat haqida gapirishga tayyor emas, deb ko'rilmoqda.
Mirziyoyev navbatdagi tanqidni siyosiy partiyalarga qaratdi. Fraksiyalar parlamentda demokratik debatlar yo'qligida, tashabbussizlikda ayblanayapti.
"Bugun zamonning o‘zi siyosiy partiyalarning ish uslubini tubdan o‘zgartirish, ularning aholi, elektorat bilan muloqotini tizimli yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda. Endi “mudrab yotgan” siyosiy partiyalar uyg‘onishi lozim. Ular balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan odamlarimiz, saylovchilar ishonchini qozonishi, ularning qalbidan joy olishi kerak", - dedi Mirziyoyev nutqida.
O'zbekiston parlamenti Liberal demokratik partiya, Xalq demokratik partiyasi, Milliy tiklanish, "Adolat" sotsial-demokratik partiyalari va Ekologlar harakatidan tashkil topgan. Ular Karimov o'limidan keyin navbatdan tashqari o'tkazilgan prezidentlik saylovlarida o'z nomzodlari bilan qatnashgan edi.
Shavkat Mirziyoyevning g'alabasi bilan yakunlangan saylov kampaniyasi davomida biror nomzod muxoliflik va raqobat haqida gapirmadi, partiyalar shunchaki muqobillik vazifasini o'tab berishdi.
Ular Karimov davrida ham, undan keyin ham muqobillik vazifasini bajarib berayotganidan Mirziyoyevning o'zi ham yaxshi xabardor. Shunday ekan, prezident tanqid bilan nimaga erishmoqchi?
O'zbek muxolifati faollaridan biri, sharhlovchi Namoz Normo'minga ko'ra, Mirziyoyev qo'g'irchoq partiyalar jilovi hukumatning qo'lida ekanligini yaxshi biladi, bayonot prezident va mamlakat haqida yangi tasavvur hosil qilish uchun qilinmoqda.
“Mirziyoyev prezident sifatida o'zi haqida va O'zbekiston haqida yangi bir manzara, yangi bir tasavvur yaratishni xohlaydi. Mana yaqinda Rossiya matbuoti Mirziyoyev avtoritar doirada katta islohotlar qilmoqda, deb yozdi. Men bunga qo'shilmayman, jiddiy o'zgarishlar yo'q. Prezidentning imijga qaratilgan bunday bayonotlari obro' orttirish, hokimiyatini mustahkamlash uchun muhimdir, lekin jiddiy islohotlar mamlakat xalqi uchun qilinishi kerak, prezident nufuzini oshirish uchun emas”, - deydi u.
Mirziyoyev O'zbekiston parlamentida demokratik ruhdagi tortishuvlar yo'qligiga, haqiqiy demokratiya aynan parlamentdagi bahslardan boshlanishiga diqqat qaratgan. Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev ham tanqiddan chetda qolmagan. Favqulodda safarbarlik sharoitida ishlamayotganlikda ayblangan Yo'ldoshev Karimov o'limidan so'ng davlat boshqaruvini vaqtincha qo'lga olish vakolatidan voz kechgani bilan ko'pchilikning yodida qolgan.
Mirziyoyevning partiyalarni faollikka undab qilayotgan bayonotlari mamlakatda biror bir muxolif partiya ro'yxatga olinmagan, hokimiyat uchun ochiq kurash mavjud bo'lmagan bir sharoitda qilinmoqda.
“Mamlakatda demokratiya va siyosiy kurash bo'lishi uchun muhitning o'zi yo'q. Siyosiy tashabbus, matbuoterkinligi, hokimiyat uchun kurash imkoniyati yo'q. Bupartiyalar Karimov davrida ma'lum bir maqsadda tashkil qilingan, o'zlari buni yaxshi bilishadi, ya'ni cho'ntak partiya vazifasini bajarib berish. Shuning uchun bir tomondan bu siyosiy partiyalarning boshqa maqsadi yo'q, ikkinchi tomondan esa siyosiy tiriklikni anglatuvchi muhitning o'zi yo'q. Shunday ekan, partiyalardan faollik, jiddiy tanqid kutish qiyin, chunki O'zbekistonda erkinlik yo'q, ularning haqlari ham hech bir shaklda muhofaza qilinmagan, boshiga nima tushishini hech kim bilmaydi”, - deydi Namoz Normo'min.
O'zbekistonda amaldagi rasmiy partiyalardan tashqari biror muxolif partiya ro'yxatga olinmagan. Mustaqillikning dastlabki yillarida aholi o'rtasida mashhur bo'lgan “Birlik”,“Erk” kabi muxolif partiyalar Karimov davrida keskin tazyiqqa olindi, ko'plab muxolifatchilar qamoqqa tashlandi, ayrimlari mamlakatni tark etishga majbur bo'lishdi.
“Mirziyoyev hali siyosiy muxolifat haqida gapirishga tayyor emasdek, yoki o'zi muxolifatni istamaydi. Lekin muxolifatsiz siyosiy maydon bo'lmaydi. Chunki siyosatning tabiati muxoliflikka, turli qarashlarga, erkinlikka qurilgan. Siyosiy partiyalarni faolligi nafaqat muxoliflik, siyosiy erkinlikni ham talab etadi. Shundagina jamiyat rivojlanadi, aks holda turg'unlik davom etaveradi”, - deydi Normo'min.
O'zbek muxolifatining xorijda o'z faoliyatini davom ettirishga bo'lgan urinishlari ta'qiblar bilan kuzatildi. Muxolifat faollarining yangi hukumat bilan muloqotga kirishish haqidagi chaqiriqlari ham inobatsiz qoldirildi.
Facebook Forum