Breaking News

O'zbekistonda "Xalq bilan muloqot yili" qanday o'tmoqda?


Toshkent
Toshkent

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalq bilan muloqot siyosati jiddiy sinovlar bilan yuzlashmoqda. Hafta boshida Oliy sud qabulxonasida yuz bergan norozilik, o'g'li qamoqxonada o'lgan, adolat izlab prezident qabulxonasiga kelayotgan surxondaryolik onaning bezorilikda ayblanib 4 sutkalik qamoqqa tortilishi xalq bilan muloqotda jiddiy muammolar mavjudligidan darakdir.

Aholi noroziligining katta qismi huquq-tartibot organlari faoliyatiga qaratilgan, Mirziyoyevning bu sohadagi kadrlar siyosati ham hozircha aniq natijalar bergani yo'q.

O'g'lining hibsxonadagi o'limi yuzasidan tekshiruv o'tkazishni talab qilgan Karomat Qodirova Prezident qabulxonasiga kelayotgan bir paytda hibsga olinib, bezorilikda ayblangan va to'rt kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan. Bu hodisa ko'plab faollarda norozilik uyg'otdi.

Karomat Qodirova Ichki ishlar vazirligi ustidan shikoyat qiladi. U 32 yoshli o'g'li Murodulloning hibsxonada o'z joniga qasd qilganiga ishonmaydi, javobgarlar jazosiz qolgan, deb hisoblaydi.

Qodirova Surxondaryodan Toshkentga kelayotganida, yo'lda ushlangan. Uning ishi bilan shug'ullanayotgan huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaning aytishicha, ayolning hibs qilinishidan faqat ichki ishlar boshqarmasi manfaatdor.

“Karomat Qodirovani Toshkentga kelayotganida yo'lda ushlab Jarqo'rg'on tuman sudiga olib borishgan, kech soat o'nlar bo`lgani uchun sudya bo'lmagan, uni uyidan chaqirtirib olib kelishgan. Nahotki, uning jinoyatini ijtimoiy xavfi shunchalik kuchli ediki, sudyani uxlab yotgan joyidan uyg'otib kelib, hukm o'qitishsa. O'z aybini yashirishga intilayotgan joylardagi amaldorlar adolat izlab turli qabulxonalarga chiqayotgan aholini qo'rqitib qo'yishmoqchi”, - deydi Malohat Eshonqulova.

Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, Karomat Qodirovaning o'g'li Murodullo Qodirov hibsxonada o'zini osib qo`ygan, bu holat yuzasidan tekshiruv o'tkazilgan. Voqeani o'z vaqtida ilg'amagan navbatchi xodim javobgarlikka tortilgan.

“Qodirova o'g'li ichki ishlar xodimlari tomonidan urib o'ldirilgan degan shubhada. Mahkamada aybdorga nisbatan jazo qo'llanilgani, tibbiy ekspertiza xulosalari berilganiga qaramasdan, bularga ishonmaydi, o'g'lining qotillari hamon ochiqda yuribdi, deb hisoblaydi. Shuning uchun haqiqatni yuzaga chiqarish maqsadida qanday qilib bo'lmasin, prezident qabuliga kirishga urinib kelmoqda”, - deydi Eshonqulova.

Xalq bilan bevosita muloqotga chiqish prezident Mirziyoyev siyosatining ustuvor yo'nalishidir. Prezident tashbbusiga ko'ra, avval uning shaxsiy virtual qabulxonasi, keyinchalik tuman, viloyat va respublika miqyosidagi xalq qabulxonalari ochildi, rahbarlarga aholi bilan bevosita muloqotga chiqish vazifasi yuklatildi.

Bu qamrovga qaramasdan, shikoyatlar oqimi tinayotgani yo'q, aholi o'z muammolariga rahbarlarning bevosita qabulida javob topishga urinmoqda. Shikoyatlarning asosiy qismi hamon huquq-tartibot organlari faoliyatiga qaratilgan.

Xalq bilan muloqot shiorini olg'a surayotgan Prezident Mirziyoyev huquq-tartibot organlari tizimida ham bir qator kadrlarni almashtirdi, Ichki ishlar idorasiga yangi vazir tayinlandi, boshqarmaning viloyat miqyosidagi rahbarlari ham o'zgardi. Shunday o'zgarish Oliy sudda ham qiliindi, hozirgi rais Kozimjon Komilov o'z lavozimiga shu yilning may oyida tayinlangan edi.

Bu o'zgarishlar huquq-tartibot organlari samaradorligini oshirgan deyish qiyin, aholi noroziligining asosiy qismi hamon ishki ishlar vazirligidagi zo'ravonlik, tazyiqlar, adolatsiz hukmlarga qaratilgan.

Kuni kecha huquq himoyachilari Oliy sud raisi qabuliga kirish uchun to'plangan fuqarolardagi norozilik haqida ma'lumot tarqatishdi.

O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko'ra, Oliy sud oldida to`plangan bir necha yuz fuqaro rais qabul qilmasligi ma`lum qilinishi ortidan Prezident devonida norozilik o'tkazishga qaror qilishgan.
Ularning shikoyatlari sud hukmlarini qayta ko'rib chiqsh, huquq-tartibot organlarining tazyiqlariga chek qo'yish, fermerlarning huquqlari toptalayotgani kabi muammolar atrofida bo'lgan.

Surat Ikromov prezident hokimiyati va kuch ishlatar tizimlari o'rtasida taranglik mavjudligini, sud hokimiyati, prokuratura, ichki ishlar, milliy xavfsizlik idoralari avvalgi ish uslubidan voz kechishni istamayotganini aytadi.

“Karimov davridan qolgan amaldor bugun ham avvalgi mansabida o'tiribdi, qamoqqa olayapti, sud qilayapti, qaror chiqarayapti, qiynoq ko'rsatish bo'ladimi, hammasi o'sha-o'sha, mansablarda avvalgilar o'tirishibdi”, - deydi Ikromov.

Prezidentning sud hokimiyati vakillari bilan yaqindagi uchrashuvi keskin tanqid bilan kuzatildi. Mirziyoyev sudyalarni poraxo'rlikda aybladi, so'nggi bir yarim yil ichida 60 nafarga yaqin sudya jinoyat ustida ushlanganini ma'lum qildi.
Bu tanqidlarga qaramasdan, O'zbekistonda aynan sud-huquq tizimi eng korrupsiyalashgan sohalardan biri sifatida qolayotgani ta'kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG