Jurnalist Muhammad Bekjon farzandlari bilan ko`rishish uchun AQShga borish niyatida. 18 yillik qamoqdan so`ng ozodlikka chiqqan jurnalist mamlakatdagi bugungi vaziyatni umidli baholaydi, yaqin kunlarda siyosiy mahbuslarning barchasi ozod etilishiga ishonadi.
Muxolifatdagi "Erk" gazetasining bosh muharriri bo`lib ishlagan Muhammad Bekjon mustaqil jurnalistik faoliyati uchun uzoq yillar qamoqda ushlangan, mamlakatda hokimiyat o`zgarishi ortidan ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslardan biri. Jurnalist "Amerika ovozi“ bilan suhbatda 18 yilllik ayriliqdan so`ng AQShdagi farzandlari bilan ko`rishish uchun imkoniyat berilishini kutayotganini aytdi.
Muhammad Bekjonning ozodlikka chiqqaniga bir oydan oshdi. 63 yoshli jurnalist hamon Xorazmda, o`z qarindoshlarining uyida yashayapti, ammo doimiy ro`yxatda turgan joyi Toshkentga qaytish haqida o`ylayapti.
Muhammad Bekjon ayni kunlarda 18 yillik ayriliqdan so`ng o`z farzandlarini ko`rish uchun AQShga borish harakatida, pasport berilishini umid bilan kutayapti.
„Hozir yaxshi hammasi, pasport harakatida yuribman. Ular ham va`da berishgan, tezroq pasportni qilib berishni. Berishsa, bolalarimning yoniga borib kelmoqchiman, 1-2 oyga, AQShga. Agar, albatta, bu yerdan ruxsat berishsa. Meningcha, bunday ruxsatni berishadi. Hozir biometrik pasport tayyorlashyapti. Berishsa, Toshkentga borib murojaat qilamiz“, - deydi Muhammad Bekjon.
Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Muhammad Bekjonni dunyo bo`ylab kasbiy faoliyati uchun eng uzoq muddat qamoqda o`tirgan jurnalist sifatida qayd etgan.
18 yilik qamoq jazosini o`tagan Muhammad Bekjon hibsga olungungacha muxolifatdagi "Erk" gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat yuritgan. 1999-yilda, rasmiy ayblovga ko`ra, Toshkentda kuzatilgan portlashlarda aloqladorlik aybi bilan qamoqqa olingan edi.
Muhammad Bekjon bu ayblovlarni tan olmagan. Shunga qaramasdan u aybdor deb topilgan va shu bilan 18 yil umrini qamoqda o`tkazdi. Bu orada uning oilasi AQShga muhojirlikka ketishga majbur bo`ldi. Jurnalist 18 yildan buyon farzandlarini ko`rmagan.
"Ayolim qamoqxonaga uchrashuvga kelib turardi, ammo qizlarimni 18 yildan buyon ko`rmadim. Ciqqanimdan keyin ijtimoiy tarmoqlar, yangi texnologiyalar orqali ko`rishib turibmiz. Hammasi bilan gaplashayapman, nimalar qilishayotganini aytib berishayapti, qo`ng`iroq qilib turishibdi. Katta qizim Oygul kichkinaligidan ancha faol edi“, - deydi jurnalist.
Muhammad Bekjon ayni kunlarda AQShdan turmush o`rtog`ining kelishini kutayapti. Pasport olgach, o`z hayotini Toshkentda davom ettirish niyatida.
"Ayolim kelayapti Amerikadan. Qizlarim endi band, ishi, o`qishi bor. Ayolim kelganidan so`ng birga harakat qilamiz. Toshkentda uyimiz bor edi, propiskam Toshkentda edi. Bu uyni musodara qilingan ham deb bo`lmaydi, biror hujjatsiz. Shuni qaytarishlarini iltimos qilamiz prezidentdan, qaytarib berishsa, ayolim bilan Toshkentda, O`zbekistonda yashamoqchimiz", - deydi u.
Muhammad Bekjon shu yilning 22-fevralida ozod qilindi. Ozod qilinganda ham o`ziga belgilangan dastlabki jazoni ham, keyinchalik qo`shib berilgan jazo muhlatini ham to`liq o`tab chiqdi.
Bekjon ozod etilishini mamlakatda hokimiyat o`zgarishi bilan bog`liq, deb hisoblaydi. Bir oydan beri ozodlikda yashayotgan jurnalistga ko`ra, Mirziyoyev boshqaruvidagi o`zgarishlar odamlarda umid uyg`otmoqda. O`zi ham o`zgarishlarga guvoh bo`layapti.
"Qishloqdagilar bilan gaplashayapman, hammasi Mirziyoyev olib borayotgan siyosat haqida yaxshi fikrda. Mening o`zim ham shunday o`ylayman. O`zgarishlar bo`layapti. Asosiy qolgan siyosiy mahbuslar, dindorlar bor. Ular ozod qilinishi kerak. Bu juda yaxshi bo'lardi, menincha, shunday bo`ladi. Ularning hammasini chiqarishadi. O`zgarishlar bo`r, men militsiyaga borib turaman, muomalasi juda yaxshi. Avval bunday emas edi yoki hokimiyatdagilarning oddiy odamlarga nisbatan munosabati ham yaxshi tomonga o`zgargan“, - deydi jurnalist.
Muhammad Bekjon muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasining raisi Muhammad Solihning ukasi. O`zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan ozodlikka chiqqan navbatdagi siyosiy mahbus. Jurnalistning ozod etilishi turli xalqaro tashkilotlar, jumladan, AQSh hukumati tomonidan ham olqishlar bilan kutib olindi.