Musulmonlar uchun Ramazon xayr-saxovat va ibodat oyi. Har kuni ular sahardan shomgacha ro'za tutadi. Quyosh botgach, oila va do'stlar davrasida iftorlik qilinadi. Vashington yaqinidagi masjidlardan birida yozilgan iftor dasturxoniga boshqa din vakillari ham taklif etildi.
Katolik nasroniy Siton Makilroy Virjiniyaning Fols-Cherch shahridagi Dorul-Hijra masjidida ilk bor musulmonlar davrasida bo'ldi.
"Ruhiy bir tajriba bu. Albatta, juda ajoyib. Cherkovda bo'lmasam ham, boshqa e'tiqodda bo'lib turib ham bu yerda Xudoni his qildim", - deydi u.
Makilroy Vashington tevaragidagi eng katta masjidlardan birida tashkil etilgan iftorda qatnashgan g'ayrimusulmonlardan biri.
Islomiy markaz yetakchilaridan biri imom Naim Begning aytishicha, e'tiqodlararo bunday uchrashuvlarda odamlar islom haqida o'rganadi.
"E'tiqodimizni, qadriyatlarimizni baham ko'rishni; islom nima, biz bu yerda nima qilamiz, shu haqda qo'shnilarimizga aytishni o'zimga burch deb bilaman. Birga ovqatlanishning o'zi ham odamlarni yaqinlashtiradi", - deydi u.
Cherkovlar milliy kengashi rahbari Jim Vinkler barcha e'tiqodlar birdek hurmat qilinadigan kunlar kelishidan umidvor ekanini aytadi.
"E'tiqodli odamlar shunday bo'lishi kerak. Birga bo'lishimiz, ovqatlanishimiz, vaqtichog'lik qilib, quvonch va tashvishlarimizni birga baham ko'rishimiz kerak", - deydi u.
Yahudiy peshvo Jerri Serotta islom, buddizm va mormonlik kabi 11 e'tiqodni o'z ichiga olgan nodavlat tashkilotni boshqaradi.
"E'tiqodlardagi umumiy jihatlarni ko'proq odam bilganda edi, mavjud ayrim mutaassibliklarni kamaytirish bo'yicha ko'p ish qilgan bo'lar edik", - deydi u.
Fols-Cherchdagi cherkov ruhoniysi Robert Uotkin musulmonlar bilan aloqa o'rnatishga oid darsdan saboq beradi. Iftorga u talabalarini ham olib keldi.
"Devorlarni yiqitish yo'lidagi ilk qadam aloqa o'rnatish va bir-birini tanishdan boshlanadi", - deydi diniy arbob.
Sofiya Asidrem masjidda ayollar bilan birga. Uning onasi katolik, otasi esa musulmon. O'zi islomni tanlashga qaror qilgan.
"Diniy masalada bo'lingan oilada katta bo'lish oson emas. Lekin eng muhim va men o'rgangan eng birinchi narsa shuki, ikki tomon o'rtasida muloqot bo'lishi zarur", - deydi u.
Umidimiz shuki, deydi imom Beg, tashrif buyuruvchilar o'zlari bilan islomning go'zalligini olib ketadi.
"Mehr-muhabbat, saxiylik, qo'shnilarga g'amxo'rlik, muhtojlar haqida o'ylash. Iftorlikda e'tiqodimizning mana shu insoniy jihatlari aks etgan", - deydi imom.
Facebook Forum