Breaking News

Avstriyada yetti masjid yopiladi


Venadagi masjid
Venadagi masjid

Avstriyaning o'ng qanot hukumati mamlakatda yetti masjid yopilishi haqida e'lon qildi. Shuningdek, 40 imom va ularning oilalari deportatsiya qilinishi rejalanmoqda. Ushbu choralar "siyosiy islom"ga va diniy guruhlarning xorijdan moliyalanishiga qarshi amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

Avstriyaning amaldagi koalitsiyasidan o'rin olgan ultra o'ng qanot Ozodlik partiyasi vakili, Ichki ishlar vaziri Gerbert Kiklning aytishicha, Avstriyadagi turk masjidlarini nazorat qiluvchi ATIB guruhi tomonidan ishga olingan imomlarning yashash ruxsatnomalari qayta ko'rib chiqilmoqda.

Allaqachon ikkita ruxsatnoma bekor qilingan va besh imomning ruxsatnoma uchun topshirgan arizasi rad etildi, deydi u.

Shuningdek, Kansler Sebastyan Kurts Venadagi bir turk masjidi yopilayotganini, yana olti masjidni boshqaruvchi Arab diniy jamiyati faoliyati ham tugatilayotganini e'lon qildi.

Turkiya Avstriya hukumatining bu qarorlarini "islomga qarshi" va "ayirmachilik" deb atadi.

"Yettita masjidni yopish va imomlarni arzimas sabab bilan deportatsiya qilish haqidagi Avstriya qarori bu o'lkada islomga qarshi, rasist va ayirmachi populist to'lqin mavjudligini ko'rsatadi", - dedi Turkiya prezidenti so'zlovchisi Ibrohim Qalin "Twitter" orqali.

31 yoshli konservativ Kurts o'tgan yili dekabr oyida immigratsiyaga qarshi Ozodlik partiyasi bilan birgalikda tuzilgan koalitsiya tarkibida mamlakat kansleri bo'lgan edi.

Saylov paytida koalitsiyadagi har ikki partiya immigratsiya nazoratini kuchaytirish, siyosiy boshpana bo'yicha bergan arizalari rad etilgan muhojirlarni zudlik bilan deportatsiya qilish hamda radikal islomga qarshi kurashni kuchaytirish chaqiriqlari bilan chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG