Olti oy oldin London va Manchesterdagi terror xurujlari ketidan Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey islom dinining mamlakatdagi roli haqida gapirish vaqti keldi, degan edi. Ayrimlar nazarida, britaniyalik musulmonlar ekstremizm va jihodchi mafkuraga qarshi yetarlicha kurashmayapti.
Biroq hukumat shu kungacha musulmon jamoa bilan shu mavzuda muloqot boshlagani yo’q. Bu o’rtada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o’z mamlakatida islomni isloh qilmoqchi. Britaniya va Yevropadagi boshqa mamlakatlar bundan qanday natija chiqishini kuzatmoqda.
Makron milliy uyg’unlikni saqlab qolgan holda islomiy fundamentalizmga qarshi kurashishni maqsad qilgan. Masjidlarni moliyalash, imomlar maoshini to’lash tizimiga o'zgartirishlar kiritish orqali, deydi u, arab davlatlarining Fransiya musulmonlariga ta’sirini kamaytiramiz.
Islohot rejasi hozircha tayyor emas. Imomlarni tayyorlash va maoshini to’lash mexanizmi hamon muhokamada.
“Moliya masalasi biz uchun juda muhim. Ayni damda pul masjidlar va imomlarga chetdan kelmoqda. Xorijdan moliyalanuvchi dinning Fransiyada bo’lmagani yaxshi, chunki homiylar o’z manfaatlarini ko’zlaydi. Bu esa islomni siyosiylashtiradi”, - deydi Fransiya hukumati matbuot kotibi Benjamin Grivo.
Makron rejasiga ko’ra, mahalliy imomlar dunyoviy fanlar, fuqaro erkinliklari, dinshunoslikdan dars oladi. Fransiya musulmonlari uchun bosh muftiy tayinlanadi.
Prezidentning bu g’oyalarini ba’zi sotsialist siyosatchilar va musulmon yetakchilar tanqid qilmoqda. Ular nazarida, hukumat ulamoni tayyorlashi va diniy ishlarga aralashishi bilan e’tiqod erkinligi, cherkovning davlatdan ajratilganiga doir tamoyillarni yemirmoqda.
“Musulmonlarning e’tiqodi bu dindir, din esa o’z ishlari bilan o’zi shug’ullanadi. Davlat dinni o’z qaramog’iga olishi kerakmas”, - deydi Fransiya Musulmon e’tiqodi kengashi prezidenti Ahmet Ogras.
Tashkilot 2003-yilda sobiq Prezident Nikolya Sarkozi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Sarkozi u paytda ichki ishlar vaziri edi. Kengash Fransiyada islom faoliyatini tartibga solishda hukumat bilan hamkorlik qiladi.
Makronning aytishicha, islohot rejasi mavzu keng muhokama etilganidan so’ng e’lon qilinadi. Uning so’l qanot tanqidchilariga ko’ra, Makron takliflari davlatning diniy betarafligiga chek qo’yib, hukumatning din ustidan nazorat qilishiga olib keladi.
“Prezidentning islom dinini Fransiyada o’zgacha shaklga keltirish rejasi cherkovni davlatdan ajratgan 1905-yilgi qonunga ziddir”, - deydi o’tgan yilgi prezident saylovlarida nomzod bo’lgan Jan-Lyuk Melenshonga maslahatchi Benoa Shenkenburger.
Unga ko’ra, islomiy tashkilotlar faoliyatiga ta’sir qilish, imomlarni tayyorlash tizimiga aralashish, Fransiyada islomni moliyalashni tartibga solishni ushbu qonun man etadi.
Tanqidchilarning aytishicha, Makron rejasida katolik yoki protestant cherkovlarni, iudaizmni tartibga solish, nazorat qilish haqida biror ma’lumot yo’q. Makron tarafdorlari bunga javoban bu dinlarga sig’inuvchi fuqarolardan davlatga tahdid yo’qligini aytadi.
“Davlatning aralashmasdan iloji yo’q, chunki respublika qadriyatlariga tamoman qarshi ta’limotlarga guvoh bo’lyapmiz, masjidlar odamlarni radikallashtiradigan joylarga aylangan”, - deydi Grivo.
O’ng qanot siyosatchilar ham Makron g’oyalariga qarshilik ko’rsatmoqda. Ularga ko’ra, bunday siyosat natijasida 1905-yilgi qonunni o’zgartirishga to’g’ri keladi. Muhojirlar va musulmonlarga qarshi bayonotlari bilan tanilgan Milliy front partiyasi yetakchisi Marin Le Pen nazarida, bu mumkin emas.
Yevropada jihodchilarga qarshi kurashishga, islom dinini G’arb qadriyatlari bilan uyg’unlashtirishga hamda musulmonlarni jamiyatga qattiqroq integratsiya qilishga yechim izlayotgan yolg’iz Fransiya emas. Britaniyadagi konservativ kuchlar Makronning takliflarini qo’llab-quvvatlamoqda. Ularga ko’ra, Tereza Mey bu masalada yumshoq siyosat olib bormoqda.
O’tgan oy Britaniya hukumati boshlang’ich maktablardan birining o’qishga hijob kiyib kelgan qizlarni sinfga kiritmaslik qarorini olqishlamagani uchun konservatorlar tanqidiga uchradi.
Facebook Forum