Fransiya parlamenti quyi palatasi terror xurujlari ortidan e'lon qilingan favqulodda holatni yana uch oyga uzaytirishga ovoz berdi. Masala ertaga, juma kuni yuqori palatada ko'rib chiqiladi. Senat ham choraga "ha" deyishi kutilayapti. Favqulodda holatda politsiyaga hibslar, tintuvlar o'tkazish uchun kengroq vakolat beriladi; ma'lum vaqtda odamlar va transport qatnovi cheklanadi.
Oxirgi xabarlarga ko'ra, o'tgan hafta 129 odamni qirgan terror hamlasining ehtimoliy muallifi Abdulhamid Abaud​ yo'q qilingan. U chorshanba kuni Parijdagi kvartirada yetti soatlik reyd oqibatida o'lgan.
Parij prokurori Fransua Molinsning aytishicha, amaliyot paytida sakkiz odam hibsga olingan. Reydda ikki kishi o'lgan bo'lsa, biri Belgiya fuqarosi, asli marokashlik Abdulhamid Abaud. Aynan shu odam hujumlarni rejalagan, deya taxmin qilinadi. Molinsning so'zlariga qaraganda, beliga portlovchi moslama bog'lagan ayol politsiya bostirib kirgan payt o'zini portlatgan. Bu ayol Abaudning qarindoshi edi, deydi rasmiylar.
Prokurorning aytishicha, razvedka xavfli terrorchi Abdulhamid Abaud ana o'sha kvartirada bo'lgani va terrorchilar yangi hujumlarni o'ylab turgani haqida xabar bergan. Buni eshitganimiz zahoti ularni zararsizlantirdik, deydi Molins. Kechagi amaliyot portlash ro'y bergan futbol stadionidan 2 kilometr narida bo'lgan.
Belgiya rasmiylari esa o'zining alohida tergov va reydlarini o'tkazmoqda. Bryusselning Bilol Hadfiga aloqador bir necha yerida tintuv-qidiruvlar kechmoqda. Hadfi futbol maydonida o'zini portlatgan edi. Politsiya, xususan, uning oilasi, do'stlari va boshqa yaqinlarini so'roq qilayapti.
Belgiya Bosh vaziri Charlz Maykl xavfsizlik choralarini mustahkamlash yo'lida 427 million dollar ajratilganini aytmoqda. Xususan, Suriyadan qaytayotgan terrorchilarni ushlash, nafrat, adovat urug'ini sochayotgan kishilar faoliyatini man qilish, ro'yxatdan o'tmagan ibodatxonalarni yopish haqida gap ketmoqda.
Fransiya rahbari Fransua Olland sal oldin Parijdagi hujumlar Belgiyada rejalangan deb chiqqan edi. Belgiya rahbariyati buni inkor etadi.
Bu orada, Fransiya Bosh vaziri Manuel Volls ehtimoliy kimyoviy yoki biologik hujumlar haqida ogohlantirdi. Qonunchilar favqulodda holatni yana uch oyga uzaytirish kerak, demoqda. Muhokama qilinayotgan chora shuki, terrorizmni madh etgan yoki hujumlarga da'vat etgan masjid yoki boshqa joylar yopiladi. Huquq tashkilotlari bu chorani o'ta keskin deya tanqid qilayapti.
O'tgan haftadagi hujum ketidan Fransiya rahbari Olland mamlakat terrorizmga qarshi urush holatida ekanini aytgan edi. Biroq prezident hissiyotlarga ortiqcha berilmaslikka undayapti. Yahudiy, xristian, musulmon yoki boshqalarga qarshi kayfiyat-chaqiriqlarga toqat qilmaymiz, dedi Olland. Fransiya prezidenti "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi yirik koalitsiya tuzish niyatida. Olland AQSh Prezidenti Barak Obama bilan kelasi hafta Vashintonda ko'rishib, ana shu choralarni muhokama qiladi. 26-noyabrda esa u Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.