Breaking News

Prezident Fransua Olland AQSh va Rossiyaga safar qiladi


AQSh, Fransiya va boshqa davlatlar "Islomiy davlat" ekstremistlar to'dasiga qarshi havo zarbalarini kuchaytiradi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Parijda Prezident Fransua Olland bilan shu haqda gaplashmoqda.

13-noyabr kechqurun Parijning bir necha nuqtasida yuz bergan otishma va suiqasd xurujlarida 129 kishi halok bo'lgan.

"Livan, Misr, Turkiya va mana endi Parij hujumga uchradi. "Islomiy davlat"ga birgalashib, qaqshatqich zarba berish zaruratini hamma anglab turibdi", - deydi Jon Kerri.

Bu guruhga qarshi kurashda yutuqlar yo'q emas. Xususan, Suriya shimolida ular nazoratidagi hududlar birmuncha kichraygan, deydi Amerika bosh diplomati.

Prezident Fransua Ollandga ko'ra, Parij qatliomi Suriyada rejalangan. Fransiya havo kuchlari bugun ham "Islomiy davlat" poytaxti hisoblanmish Raqqa shahriga bomba yog'dirdi. Jangarining boshqaruv markazlari, trening maydonlari nishonga olinmoqda.

Fransiyaning o'zida 115 ming politsiyachi va askar safarbar etilgan. Muzeylar, sayyohlar qatnaydigan joylar qayta ochildi. Teraktga aloqador shaxslardan biri, belgiyalik Saloh Abdislom, qidiruvda. Hujumlarni amalga oshirganlar sakkiz kishi, lekin ularni rejalashda taxminan 20 kishi qatnashgan, deydi rasmiylar.

Prezident Fransua Olland kecha parlamentning qo'shma majlisida nutq so'zlab, Fransiyaga qarshi urush e'lon qilingani va qo'liga qurol olganlarning 2-3 nafari shu yurt fuqarosi ekanini afsus bilan tilga oldi.

"Islomiy davlat"ga qarshi yaxlit koalitsiya tuzilishi lozim, deydi Olland. AQSh va Rossiya prezidentlari bilan buni muhokama qilaman, dedi u. Olland 23-noyabr kuni Vashingtonga, 26-noyabrda esa Moskvaga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Fransiya rahbari parlamentdan favqulodda choralarni uch oyga uzaytirishni so'ramoqda. Terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish uchun konstitutsiyaga ayrim o'zgartirishlar kiritiladi.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Frederika Mogeriniga ko'ra, qit'adagi barcha davlatlar Fransiyaga madad ko'rsatmoqda, jumladan, harbiy jabhada.

Bu orada, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa davlatlariga murojaat qilib, Parij xurujlarida qochqinlarni ayblamang, demoqda. Ayrim mamlakatlar qochoqlarni joylashtirish uchun ishlab chiqilayotgan dasturlardan, va'dalardan voz kechadi, degan xavotirlar bor.

Fransiya konstitutsiyasiga kiritilayotgan o'zgarishlardan biri jamoat xavfsizligiga tahdid deb topilgan xorijliklarni mamlakatdan zudlik bilan deportatsiya qilishni nazarda tutadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG