AQSh Prezidenti Barak Obama Katta Yigirmalik sammitida qatnashish uchun bugun Turkiyaning Antaliya shahrida. Asosan iqtisodiy mavzularni muhokama qilish uchun yaratilgan forumda Parijdagi terror xurujlari hamda xalqaro terrorizmga qarshi kurash asosiy mavzuga aylandi.
Obama shu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan gaplashdi.
"Suriya-Turkiya chegarasini mustahkamlash lozim, Doyish faoliyatiga to'siq qo'yish zarur. Tashqi ishlar vazirlarimizning Venadagi muzokarada erishgan yutuqlari xususida gaplashdik. Suriyada hukumatni tinch yo'l bilan yangilash hamda Doyishni mag'lub etish uchun koalitsiya a'zolari bilan hamkorlikni kuchaytirishga kelishdik", - dedi Obama.
AQSh rahbari qotillarni topib, jazolashda Fransiyaga yordam beramiz, dedi.
"Begunoh odamlarni bo'rttirilgan mafkuraga asoslanib o'ldirish nafaqat Fransiyaga, nafaqat Turkiyaga, balki butun dunyoga qarshi qaratilgan hujumdir", - dedi Obama.
AQSh rahbari Antaliyada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan 35 daqiqa gaplashgan. Oq uyning bildirishicha, muloqot konstruktiv tarzda o'tgan.
Kecha Venada Suriya mavzusida bir necha davlat tashqi ishlar vazirlari muloqot qildi. AQSh va Rossiya vazirlari Jon Kerri va Sergey Lavrovning matbuot anjumanida aytishicha, BMT yordamida Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida muloqot uyushtirishga, kelasi olti oy ichida bu ikki tomon o'rtasida harbiy harakatlarni to'xtatishga, bir yarim yil ichida muvaqqat hukumat tuzib, yangi konstitutsiya tayyorlashga kelishildi.
G'arb Suriya Prezidenti Bashar Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirib keladi, Rossiya hozir buning mavridi emas, deydi.
"Parijdagi xurujlar asosiy dushman "Islomiy davlat" ekanini ko'rsatdi. Assadga qarshimsiiz, uning tarafdorimisiz, bunisi endi muhim emas", - dedi Lavrov.
Fransiya politsiyasi juma kungi xurujlarga aloqadorlik gumoni bilan olti kishini hibsga olgan. Uch nafari terrorchilardan birining yaqinlari ekani ma'lum. Parijdagi restoranlarda odamlarga o'q uzgan jangarilar mingan mashina topilgan.
Mamlakat mana ikki kundirki, xurujlarda qurbon bo'lgan 129 odam uchun aza tutmoqda. 300 dan ziyodi jarohat olgan, 99 nafari og'ir ahvolda.
"Birdamligimizni namoyish etish uchun imkoniyat bu. Qo'rquvdan, vahimadan tushkunlikka tushmasligimiz, bir-birimizga suyanchiq bo'lishimiz, kuchli ekanimizni ko'rsatishimiz kerak", - deydi parijliklardan biri.
Shahar prokurori Fransua Molinsning aytishicha, xurujlarni amalga oshirgan yetti nafar jangarining barchasi o'lgan.
Prezident Fransua Ollandning bildirishicha, "Islomiy davlat" Fransiyaga qarshi urush e'lon qildi, yangi xurujlar rejalanayotgan bo'lishi mumkin.
"Taslim bo'lsak, ular g'alaba qozongan bo'ladi. Hayot davom etmoqda, odamlarimiz bir-biriga ko'proq mehr ko'rsatishi kerak", - dedi Fransiya parlamenti a'zosi Alan Joyande.
Politsiya jinoyatchilarning shaxsini aniqlashga harakat qilmoqda. Mamlakat bo'ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Kecha qo'shni Belgiyada bir necha odam hibsga olingan. Xuruj sodir etilgan Parijdagi Bataklan konsert zali yonida Belgiyada ijaraga olingan mashina topilgan.