Shu hafta oxirida Turkiyada Katta Yigirmalik guruhiga a'zo davlatlar rahbarlari majlis qiladi. Prezident Barak Obama va sammit mezboni Rajab Toyib Erdog'an alohida uchrashib, Suriya va Iroqdagi vaziyat xususida ham gaplashishi kutilmoqda.
Dunyoning eng sanoatlashgan 20 mamlakati rahbarlari oromgoh Antaliyada asosan iqtisodiy mavzularni muhokama qiladi. Yakshanba va dushanba kunlari. Biroq Suriya va Iroq mojarolari xususida gaplashish uchun ham qulay imkoniyat bu.
Erdog'anning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi parlament saylovlarida ko'pchilik ovozlarni qo'lga kiritgani prezidentga mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirishga mandat sifatida ko'rilishi mumkin.
Yaqin Sharq bo'yicha ekspert Joshua Uoker nazarida, saylov natijalari AQSh-Turkiya munosabatlari uchun yaxshi.
“Agar Turkiyada koalitsiya yoki aksariyat saylovchilar ishonchini qozonmagan hukumat bo'lganida edi, uning zarur bo'lganda qat'iy qarorlar qabul qilishi qiyin bo'lardi", - deydi Uoker.
Turkiya AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashida muhim rol o'ynaydi. Iyul oyida Anqara AQShga chegara yaqinidagi harbiy-havo bazasidan foydalanishga ruxsat berdi, Suriyadan qochgan ikki million odamni qabul qildi.
Prezidentlar Obama va Erdog'an Assad rejimini tugatish va muvaqqat hukumat tuzish xususida ham gaplashadi. Bu masalada ikki rahbar ayni fikrda.
“Turkiyadagi ko'p sonli suriyalik qochqinlarning bu mamlakatga moddiy tarafdan og'irligi tushmoqda, mojaroning keti esa ko'rinmayapti. Gaplashiladigan gap ko'p", - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.
Biroq AQSh va Turkiya turlicha qaraydigan mavzular ham bor. Misol uchun, kurdlar masalasi, deydi Yaqin Sharq bo'yicha ekspert Maykl Gyunter.
AQSh suriyalik kurdlarni "Islomiy davlat"ga qarshi muvaffaqiyatli jang qilayotgan eng samarali kuch deb biladi. Anqara esa kurdlarning kuchayib ketishidan xavotirda. Turkiya suriyalik kurdlarni terrorchi tashkilot deb belgilangan Kurdiston ishchilar partiyasining bir qismi sifatida ko'radi.
“Turkiya "Islomiy davlat"ni AQSh yoki boshqa mamlakatlardan farqli o'laroq jiddiy tahdid deb ko'rmaydi. Shunday ekan, tushunmovchiliklar kelib chiqaveradi", - deydi tahlilchi.