Fransiyada uch kunlik motam. Jumadan shanbaga o'tar kechasi poytaxt Parijda yuz bergan terror xurujlarida kamida 128 odam nobud bo'lgan. Olti joyda teraktlar, deya bildirmoqda shahar rasmiylari. Jarohat olganlar qariyb 300 nafar.
Prezident Fransua Olland mamlakatda favqulodda vaziyat e'lon qilib, davlat chegaralarini yopishni buyurdi. Sakkiz hujumchidan yetti nafari o'zini portlatgan, biri otib o'ldirilgan. Ularning sheriklari hamon harakatda bo'lishi mumkin.
Parij ko'chalarini politsiya qatorida 1500 askar qo'riqlayapti.
O'zini "Islomiy davlat" deb ataydigan jangari guruh hujumlarni uyushtirgani haqida internetda arab va fransuz tillarida bayonot tarqatdi. Prezident Olland "bu Fransiyaga qarshi e'lon qilingan urush", deydi.
"Fransiya payg'ambarimizni haqorat qilishga jur'at etsa, islomga qarshi jang qilaversa, xalifalikda yashayotgan musulmonlar boshiga bombalar tashlayversa, o'lim hidi Fransiyani tark etmaydi", - deyiladi "Islomiy davlat" bayonotida.
Fransiya - Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" guruhiga qarshi harbiy operatsiyalarda qatnashayotgan mamlakatlardan biri, koalitsiya a'zosi. Shuningdek, Afrikada ekstremist guruhlarga qarshi harbiy amaliyotlar olib boradi.
Qurolli xurujlar poytaxt Parij restoranlarida va gavjum stadion yaqinida yuz bergan. Bataklan konsert zalida yuzlab odamlar garovga olingan, u yerda chamasi 1000 odam bo'lgan. Niqobli hujumchilar ularni yoppasiga otgani, granatalar uloqtirgani, so'ngra maxsus kuchlar zalga bostirib kirayotganda jangarilar o'zini portlatgani ma'lum. Voqea 112 odamning o'limi bilan tugagan.
Guvohlarning aytishicha, qurollangan shaxslar Parij markazida ham o't o'chgan. Bir restoranda 11 kishi yoppasiga o'ldirilgan.
Fransiya-Germaniya futbol o'yini ketayotgan stadion yaqinida uch kishi o'zini portlatgan. Prezident Olland o'yinni tomosha qilayotgan bo'lgan. U darhol olib ketilgan.
Fransiya chegaralari, Eyfel minorasi, yirik muzeylar yopiq, ammo Parij aeroporti va temir yo'l vokzallari ishlab turibdi. Ikki haftadan keyin Parij iqlim bo'yicha xalqaro sammitga mezbonlik qiladi.
Joriy yil boshida Parijda ikki terror xuruji sodir etilib, 20 kishi o'lgan edi. Avgustda esa poyezdda qurollangan bir shaxsni yo'lovchilar to'xtatib qolgan.
AQSh rahbari Barak Obama Oq uydan turib Fransiya xalqiga hamdardlik bildirdi va Amerika har sohada yordamga tayyor, dedi.
Parijdagi qonli hujumlar faqat bu mamlakat xalqiga emas, tinchliksevar har bir odam va yurtga qarshi hujumdir, deydi Obama.
Fransiya o'ziga ishongan, kuchli davlat, deydi prezident. Uning ishonchi komilki, Olland boshliq hukumat haqiqatning tagiga yetadi va xurujlarni uyushtirgan odamlarni jazolaydi.
Olland so'zi bilan aytganda, bugungi voqealar "dahshatning o'zi". To'kilgan har bir tomchi qon uchun "Islomiy davlat" dan o'ch olinadi, deydi prezident.
Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Fransiyadagi voqealar sabab Yevropa bo'ylab safarini bekor qildi. Ruhoniy hujumlarni "insoniyatga qarshi jinoyat" deya qoralagan.
Sanksiyalardan sekin-asta qutulayotgan Eron rahbari Italiya, Vatikan hamda Fransiyaga tashrif buyurishi kutilgan edi.
Yakshanba kuni Katta Yigirmalik majlisiga mezbonlik qilayotgan Turkiya xavfsizlikni ta'minlash uchun favqulodda choralar ko'rmoqda. Antaliya shahriga 12 ming politsiyasi va harbiylar safarbar etiladi.
Sammit paytida raketa hujumiga qarshi sistemalar ham shay holatda turadi, deya bildirmoqda Turkiya rasmiylari.
Katta Yigirmalik sammitida 13 ming delegat, jumladan AQSh va Rossiya rahbarlari ham qatnashishi kutilmoqda. "Islomiy davlat"ga qarshi kurash muhokamadagi asosiy mavzulardan.