Breaking News

Obama: "Islomiy davlat"ga qarshi kurash uzoq vaqt oladi


Prezident Barak Obama Pentagonda o'tgan matbuot anjumanida “Islomiy davlat”ga qarshi kurash uzoq vaqt olishini ta’kidladi. Uning aytishicha, jangarilarni yo’q qilish mahalliy kuchlarning ishi, lekin AQSh ularga yordam ko’rsatishda davom etadi.

Obama: "Islomiy davlat"ga qarshi kurash uzoq vaqt oladi-Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:17 0:00

Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchilar, jumladan, Mudofaa vaziri Eshton Karter bilan o’tgan uchrashuvda Obama Iroq va Suriyadagi jangari guruhga qarshi kurash strategiyasini muhokama qildi.

O’tgan hafta AQSh yetakchiligidagi koalitsiya “Islomiy davlat”ga qarshi navbatdagi havo hujumlarini amalga oshirdi. 38 zarbaning qariyb yarmi guruh markaziy qarorgohi Raqqa shahriga to'g'ri keldi.

Mudofaa vaziri Karterning aytishicha, Raqqaga hujumlardan guruhning erkin harakatini cheklash maqsad qilingan.

Qaysi manzillarni o’qqa tutishni mahalliy kuchlar aytadi va koalitsiya tinch aholi orasida ehtimoliy qurbonlar sonini chamalab, so’ng zarba berishga qaror qiladi, dedi Karter.

“Terrorist armiya”

Fransiya Mudofaa vaziri “Islomiy davlat”ni terrorchi guruh emas, balki terrorchi armiya deb atadi. Jan-Iv Le Drianning aytishicha, jangarilar Iroqni butunlay egallab olishiga yo’l qo’ymaslik uchun Fransiya koalitsiyaga yordam berishda davom etadi.

Parij faqat Iroqdagi reydlarda ishtirok etmoqda.

Iroqda havo hujumlari o’tgan yili avgustda boshlangan edi. Bir oy o’tib amaliyot Suriyani ham qamrab oldi. Pentagon ma’lumotiga ko’ra, shu paytgacha jami 4800 dan ziyod havo hujumi amalga oshirilgan.

G’alabadan hali-beri darak yo’q

Obama Iroqqa piyoda qo’shinlarni jo’natish haqidagi chaqiriqlarga rad javobini berib, faqat qurol-aslaha va harbiy maslahatchilarni jo’natish bilan cheklanmoqda.

Suriyada ham “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan guruhlarni tayyorgarlikdan o’tkazish rejalangan, ammo bunga munosib mo’tadil muxolifatni topish qiyin.

Mudofaa vaziri Karterning aytishicha, hozircha juda kam sonli suriyaliklar tayyorgarlikdan o’tkazilgan. Sabab, deydi u, AQSh shartlariga javob beradigan muxolif guruhlarni topish oson emas. Masalan, Bashar al-Assad rejimiga qarshi emas, faqat “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan guruhlar bilan ishlash ana shunday shartlardan biri.

Biz Suriyada koalitsiyaga erishishni ko’zlayotgan maqsadlar yo’lida to’siqlar paydo bo’lishini xohlamaymiz, deydi qo’shma harbiy shtab boshlig’i general Martin Dempsi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG