Breaking News

"Islomiy davlat" AQShda ham xurujlar qilmoqchi ekani haqida ogohlantirmoqda


Abdulhamid Abaud
Abdulhamid Abaud

Fransiyada tergovchilarilarning dastlabki xulosasiga ko'ra, Parijda juma kungi terror xurujlarini rejalagan shaxs - 27 yoshli Abdulhamid Abaud. U Belgiya fuqarosi, oilasi Marokashdan, hozir Suriyada ekani aytiladi.

Abaud va hujumchilardan yana ikki nafari Belgiyaning arablar yashovchi Malenbek mahallasida yashagan.

Fransiya maxsus kuchlari so'nggi ikki kunda 150 ta reyd o'tkazib, 23 kishini qo'lga olgan. Qurol-yarog', jumladan, Kalashnikov avtomatlari va o'q o'tmaydigan jiletlar musodara qilingan.

Bosh vazir Manuel Vals so'zlariga ko'ra, bu bilan bir necha xurujlarning oldi olindi, biroq terrorchilar Fransiyaga qarshi yana hujumlar rejalayotgan bo'lishi mumkin.

Mamlakatda uch kundan beri motam... 13-noyabr kuni Parijning turli qismlarida otishma va portlashlarda jami 129 kishi halok bo'lgan. Jarohat olganlar 350 dan oshiq.

Hujumni amalga oshirganlar va bu ishga aloqador shaxslardan bir nechasining ism-sharifini politsiya e'lon qildi:

- Belgiyada tug'ilib o'sgan Saloh Abdislom, 26 yoshda, uni Belgiyada qidirishmoqda.

- Uning akasi Muhammad Abdislom qo'lga olingan.

- Sami Amimur va Umar Ismoil Mustafo Parijdagi Bataklan konsert zalida o'zini portlatgan.

Prokuror Fransua Molins so'zlariga ko'ra, 29 yoshli Mustafo mayda jinoyatchi va radikal qarashdagi shaxs sifatida politsiya ro'yxatida bo'lsa-da, uni hibsga olish uchun biror asos bo'lmagan.

Hujumchilardan kamida uch nafari Fransiya fuqarolari.

Qochqinlar orasida terrorchi

Rasmiylarining aytishicha, o'lgan terrorchilardan biri Ahmad al-Muhammadning yonida Suriya pasporti bo'lib, u minglab qochqinlar qatorida Yevropaga kirgani ma'lum.

Bu shaxs oktabrda Gretsiyaning Leros orolida ro'yxatga olingan, so'ngra Serbiya va Xorvatiya hududidan o'tgan. Har uchala mamlakat buni tasdiqlamoqda.

Fransuz senatori Joel Maylam fikricha, Yevropa qit'asiga har kuni minglab qochqinlar oqib kelayotgani muammolar tug'dirishi tayin. "Odamlarning radikallashuviga nima sabab bo'layotganini o'rganishimiz kerak, - deydi u.

Yevropa Kommissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunkerga ko'ra, Yevropaning qochqinlarga doir siyosatini o'zgartirishga hojat yo'q. "Qochqinlar aynan shunday terrorchikdan qutulish uchun vatanidan bosh olib ketayapti", - deydi u.

"Islomiy davlat" ekstremistlar to'dasining internetdagi bayonotida deyiladiki, Parij qatliomi xalqaro koalitsiyaning Iroq va Suriyada olib borayotgan harbiy amaliyotlariga javobdir.

Parijda halok bo'lganlar orasida Italiya, Jazoir, Chili, Germaniya, Meksika, Marokash, Belgiya, Tunis, Britaniya, Portugaliya, Ruminiya, Ispaniya, AQSh va Shvetsiya fuqarolari bor. Yana taxminan 30 jasadning shaxsi aniqlanmagan.

Kecha Fransiya jangovar samolyotlari Iroqning "Islomiy davlat" guruhi o'rnashib olgan Raqqa shahriga 20 bomba tashlagan. Samolyotlar Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi havo bazalaridan havoga ko'tarilgan.

AQShga tahdid

"Islomiy davlat" jangari guruhi bugun internetdagi video bayonotida Parijdagi kabi xurujlarni Qo'shma Shtatlarda ham amalga oshiramiz, deya dag'dag'a qildi.

Videoda so'zlagan shaxs Iroq va Suriyadagi harbiy amaliyotlarda qatnashayotgan barcha davlatlarni, shuningdek, AQSh poytaxtini alohida tilga olgan. Amerika rasmiylari hozircha bu borada izoh bergani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG