Fransiya xavfsizlik kuchlari poytaxt Parij atrofidagi mahallalarda terrorda gumon qilingan ikki shaxsni qidirishda davom etmoqda.
Saloh Abdislom hujumchilardan sakkizinchisi, Abdulhamid Abaud esa 13-noyabrdagi hujumlarni rejalagan shaxs sifatida tilga olinmoqda. Har ikkisi Belgiya fuqarosi.
Sent-Denis mahallasida yetti soat davom etgan reyd ikki kishining o'limi bilan tugadi. Abaudning qarindoshi ekani aytilayotgan bir ayol qurshov paytida o'zini portlatgan. Yetti kishi hibsda.
Parijdan 10 kilometr narida joylashgan bu kommunada asosan immigranlar, turli irq va din vakillari yashaydi. Ular qonuniy maqomga ega bo'lsa-da, ko'pchilikning ish topish uchun hujjati yo'q.
Parij prokuraturasiga ko'ra, ayni paytda ushlanganlar so'roq qilinmoqda. Reydda uch politsiyachi jarohat olgan.
Eslatib o'tamiz, 13-noyabr kuni kechqurun Parijdagi restoranlar, konsert zali va futbol o'yini ketayotgan stadion yonida yuz bergan otishma va portlashlarda 129 kishi halok bo'lgan edi.
Tergovchilar xulosasiga ko'ra, hujumlarni rejalash va amalga oshirishda taxminan 20 kishi qatnashgan. "Islomiy davlat" jangari guruhi qatliomni uyushtirganini tan oldi.
Guruhga qarshi havo hujumlarini kuchaytirgan Fransiya O'rta dengizga samolyot tashuvchi kemasini yubordi. Rasmiylarning aytishicha, bu Iroq va Suriyada operatsiyani kengaytirish imkonini beradi.
Fransiya rahbari Fransua Olland AQSh va Rossiya bilan yaxlit koalitsiyaga birlashib, "Islomiy davlat"ni yakson qilishimiz darkor, deydi. U kelasi hafta Vashington va Moskvaga safar qiladi.
Bu orada, AQShdan Fransiyaga uchayotgan ikki samolyot, ular bortida bomba bo'lishi mumkinligi haqida ma'lumot olingach, orqaga qaytgan va tekshirilgan. Ularda hech narsa topilmagan.
Kecha, shuningdek, Germaniyadagi Gannover stadionida futbol matchi bekor qilindi. O'yin boshlanishiga ikki soat qolganida birov stadionga bomba olib kirmoqchi ekani haqida ma'lumot olindi, deydi politsiya.
Germaniya-Niderlandiya komandalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuviga Germaniya kansleri Angela Merkel hamda qo'shni davlatlar vazirlari kelishi kutilgan edi.