Breaking News

Fransiyadagi mahalliy saylovlarda musulmonlar partiyasi ishtirok etdi


Parij ko'chalarida targ'ibot olib borayotgan musulmon yoshlar
Parij ko'chalarida targ'ibot olib borayotgan musulmon yoshlar

Parijda yuz bergan xurujlardan bir oy o'tib Fransiyada mahalliy saylovlar bo'ldi. Ultra o'ng qanot Milliy front partiyasi unda muvaffaqiyat qozongani aytilmoqda. Terror hujumlari ortidan ularning tarafdorlari ko'paygan. Ammo Fransuz musulmon demokratlar ittifoqi deb nomlangan yangi partiya ham saylovda ishtirok etdi. U Fransiyada islom dunyoviylikka raxna solmaydi, deya targ'ibot olib bormoqda.

Xolid Majid bozorda savdo qilish uchun emas, tarafdor yig'ish maqsadida yuribdi.

U - Fransuz musulmon demokratlar ittifoqi a'zosi. Yangi bir harakat, qiyofa va tanlash imkoniyati paydo bo'lganidan odamlar mamnun, deydi u.

Partiya saylovlarda ko'p o'rin qo'lga kiritishni umid qilayotgani yo'q. Asosiy maqsadi - musulmonlarni, ayniqsa, yoshlarni siyosatga jalb etish.

"Ular faol bo'lishi kerak. Agar ular bugun o'z roliga ega bo'lmasa, boshqalar ularga qarshi qonunlar ishlab chiqadi. O'tgan yillarda buni ko'rdik", - deydi Majid.

Ferudja Gersbusbeliga ko'ra, Fransiyaning katta partiyalari u kabi oddiy musulmonlarning xavotirlarini hisobga olmaydi. Ayniqsa, o'tgan oy yuz bergan xurujlardan so'ng.

"Bu ishlardan keyin ular bizni himoya qilishiga ishonmayman. Ular musulmonlarni qo'llab-quvvatlashdan ko'ra, ovozini o'chirishga harakat qiladi", - deydi u.

Musulmonlar partiyasi atrof-muhit va ish o'rinlari kabi katta muammolarni ko'tarib chiqmoqda. Nomzodlarining yarmi ayollar, ko'pi ro'mol o'ramaydi. Lekin ko'plab musulmonlar singari maktablarda hijob kiyishga ruxsat berish kerak deb hisoblaydi.

Immigrantlarga qarshi Milliy front partiyasi esa qarama-qarshi tomonda. Ayniqsa, Parij xurujlari ortidan partiya qarashlari yanada keskinlashgan. Bundan esa musulmonlar xavotirda.

Montryor kabi etnik tarkibi rang-barang shaharlarda ham Milliy front musulmonlarga qarshi kampaniya olib bormoqda.

"Musulmonlarni namoyon qiluvchi diniy toifalarning saylovda qatnashishiga yo'l qo'yib bo'lmaydi", - deydi partiya rasmiylaridan biri.

Yangi partiya qanday ta'sirga ega bo'lishi haqida kuzatuvchilar fikri har xil. U Fransiya jamiyatini jipslashtiradimi yoki yanada bo'linishga xizmat qiladimi? Balki ko'p o'tmay faoliyatdan to'xtar? Bu kabi bahslar saylovdan keyin ham davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG