AQSh fuqarosi Zokir Aliyevning O'zbekistonda hibs qilinishi O’zbekistondan o’zgarishlar kutayotgan jamoatchilikni, ayniqsa AQShdagi o’zbeklarni jiddiy sarosimada qoldirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli munozara qo’zg’agan bu ish islohotlar va’dasidagi O’zbekistonda vaziyat yana xavfsizlik xizmati qo’liga o’tayotgani, Karimov davridagi qatag’onlar qaytayotgani haqidagi farazlarni muhokamaga chiqarmoqda.
16- iyun kuni qarindoshlarini ko’rish uchun O’zbekistonga borgan Zokir Aliyev Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan olib ketilib, oradan 40 soatcha o'tgach, u “O’zbekiston islomiy harakati”ga a’zolikda, Afg’onistondagi harbiy harakatlarda qatnashganlikda gumon qilinayotgani ma'lum bo'ldi.
Aliyevning ishi yuzasidan hozircha DXXdan boshqa biror organ bayonot bergani yo'q. AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen "Twitter" tarmog'ida "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamovaning bu boradagi murojaatiga javob berar ekan, bu ishdan elchixona xabardor, zarur qadamlar tashlanmoqda va masala o'rganilmoqda, deya javob berdi.
AQSh rasmiylarining "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, bunday ishlar haqida diplomatlar munosabat bildirmaydi. Qonunan ularning bunday holatda kimnidir oqlash yoki qoralashga haqqi yo'q. Konsullik o'z zimmasidagi vazifani bajaradi, ya'ni AQSh fuqarosining huquqlari hurmat qilinishi uchun chora ko'radi.
DXX iddaosiga ko'ra, va bu O'zbekistonda ayrim saytlarda ham tarqatildi, Zokir Aliyev 2002-yilda “O’zbekiston islomiy harakati” a’zosi sifatida Afg’onistonda jang qilgan. Lekin bu paytda Aliyev AQShda bo'lgan, deydi uni yaqindan biladigan vatandoshlar, jumladan Jahongir Muhammad, uning Turkiyadagi talabalik davri va undan keyingi davr haqida "Ozodlik" radiosiga so'zlar ekan.
"Mirziyoyev (prezidentlikka) kelganidan keyin Zokir juda quvondi va Mirziyoyevning tarafdori bo'ldi. Mirziyoyevning siyosati haqida maqolalar yozdi", - deydi Jahongir Muhammad.
Zokir Aliyev 2000-yilda BMTdan qochqin degan maqom olib, AQShga ko'chgan. Shu bois ham O'zbekistonda Aliyevga nisbatan yangrayotgan gumon va ayblovlar nafaqat uning qarindoshlarida, balki AQShdagi o’zbek jamoatchiligi orasida ham norozilik uyg’otgan. Aliyevga quruq tuhmat qilinmoqda, bari uydirma, degan qarash keng tarqalgan.
AQShdagi o’zbek faollaridan biri Baxtiyor Hasan Zokir Aliyevning yaqin do’stlaridan biri. Uning aytishicha, bu ish Amerikadagi vatandoshlar uchun kutilmagan voqelik. DXX Zokir Aliyevga nisbatan surayotgan ayblovlardan o’zbeklar sarosimada, deydi u.
Qatag’on davri qaytayaptimi, deya so'raydi Baxtiyor Hasan.
“Bu (ayblov) bo’hton, bunday deyish uchun mening katta asoslarim bor. Davlatimiz yana qatag’onlar davriga qaytmoqda yoki yana DXX ta’siriga tushib, ish tutmoqda, boshqa bir farazni surish mumkin emas. O’zbekiston tomoni AQSh fuqaraosini hibs qilganini shunaqa asoslar bilan oqlamoqchi. Ammo bu haqiqiy bo’hton. Chunki biz Zokir Aliyevning faoliyatini juda yaxshi bilamiz. Biz bu ayblovlarni o’qib, shok holatida o’tiribmiz, Amerikadagi do’stlar. Men o’zimni uning eng yaqin do’sti deb ayta olaman. Men biron joyda uni maschitga keling deganini yoki shunga o’xshash biron narsa eshitmaganman. Ishga borardi, kelardi, ba’zan hatto yuz gramm ham olib qo’yishi mumkin edi. Bu albatta alkogolga mukkasidan ketgan degani emas. Men uning kimligini bilaman, shuning uchun aytyapman. Ular mening enga yaqin do’stimni terrorchi deyapti. Yaxshi, unda meni ham terrorchilikda ayblashsin. Mening fikrimcha, bu asossiz hibs bejizga amalga oshmagan. O’zbekiston 1937-yillar qatag’oniga qaytishga hozirlik ko’rayotgandek. Yana hammasi DXX nazoratiga o’tmoqda”, - deydi Baxtiyor Hasan.
DXXning Aliyev ishi bo’yicha matbuotda tarqatgan xabarida aytilishicha, Zokir Aliyev “O’zbekiston islomiy harakati”ga qasamyod keltirgani va Afg’onistondagi janglarda qatnashganiga iqrorlik ko’rsatmasini bergan. Xavfsizlik xizmati Zokir Aliyevga nisbatan 2005-yilda ekstremizm ayblovi bilan jinoiy ish ochilgani va u qidiruvga berilganini ta’kidlaydi.
DXX 40 soat davomida o’tkazgan tergovi ortidan bildirilgan bu iqrorlikni Zokir Aliyevning yaqinlari, jumladan akasi Nurullo Aliyev jiddiy shubha ostiga oladi.
“Tuhmat qilishyapti, sen Afg’onistonda bo’lgansan, terrorchisan deb. Zokirjonga tuhmat qilishyapti. Afg’onistonda terrorchilik qilgan emish, Zokirjon esa bu paytda AQShda o’qishda bo’lgan. Ular juda noo’rin ayblov qo’yishmoqda. Qayerdandir soxta guvohlar olib kelishgan. Namangan viloyatidan ikki kishi; bir birini ko’rmagan, tanimaydi ham. Terorchisan deb, har xil ayblovlarni qo’yib o’tirishibdi. Men ukamga ishonaman. Bizning oilamizda davlatga qarshi jinoyatga boruvchi odamlar yo’q. Zokirjon yaxshi o’qigan. Toshkent moliya institutiga kirgan. Ikkinchi kursda o’qishni davom ettirish uchun davlat tomonidan Turkiyaga jo’natilgan edi. Turkiyada bir yil o’qigandan keyin uyga kelib ketdi. U qaytib borganidan keyin O’zbekiston studentlarni orqaga qaytardi. Shu paytda u qaytmagan va o’zi Turkiyada o’qishni davom ettirgan. Keyinchalik AQShga ko’chgan”, - deydi Zokir Aliyevning akasi Nurullo Aliyev.
Zokir Aliyev keyinchalik AQSh fuqaroligiga qabul qilgan. AQShda o’z biznesini yuritgan. Soliq tizimi bo'yicha mutaxassis sifatida vatandoshlar orasida tanilgan.
Zokir Aliyevni yaqindan bilgan do’stlariga ko’ra, u O’zbekistonga kelishini Vashingtondagi elchixona bilan uzoq muhokama qilgan, "konsullik uni O’zbekistonga xotirjam, xavfsiz borib kelishini kafolatlagan". Aliyevga uch oylik viza berilgan.
16-iyun kuni, 25 yillik tanaffusdan so’ng, AQShdan O’zbekistonga uchib kelgan Zokir Aliyev o’zi tug’ilib o’sgan Chiroqchi tumaniga yetib borishi ortidan DXX uni hibsga olgan.
Facebook Forum