Qariyb 25 yildan beri xorijda yurgan, xususan AQShda ildiz otib, o'z biznesini yuritib kelayotgan Zokir Ali shu hafta ona yurtga borgan va Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashaydigan oilasi bilan 16-iyun kuni endi o'tirib gaplashayotganida ichki ishlar xodimlari uni olib ketgan.
Keyinroq uning ichki ishlar emas, Davlat xavfsizlik xizmati qo'lida ekani ma'lum bo'ldi. O'zbekiston davlat matbuotiga ko'ra, xususan O'zA tarqatgan xabarlarda qayd etilishicha, Aliyev terroristlarga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.
Advokatsiz so'roq qilingan "Aliyev aybiga iqror bo'ldi" degan ma'lumotlar ham chiqqan lekin qonunan bunday deyishga asos yo'q.
46 yoshli Zokir Alining ayni damdagi ahvoli haqida aniq informatsiya yo'q.
Zokir Ali O'zbekiston fuqarosi emas. Amerika pasportiga O'zbekistonning Vashingtondagi konsulligi viza urib bergan va vatanga u xorijiy fuqaro sifatida kirgan.
Ayrim manbalarga ko'ra, uning muxolifat bilan aloqalari ko'rib chiqilmoqda. Lekin bu haqda ham hech qanday bayonot yo'q. AQSh elchixonasi ham bu borada hozircha o'z pozitsiyasini bildirmagan.
Zokir Ali O'zbekiston, Turkiya va AQShda ta'lim olgan va soliq tizimlari bo'yicha mutaxassis.
Yaqinda O'zbekiston hukumati vatandoshlar bilan yaqindan hamkorlikka tayyorligini qayd etib, ularni mamlakatdagi islohot va taraqqiyot bilan bog'liq ishlarga jalb etish uchun maxsus dastur joriy etilmoqda, deya masalani omma e'tiboriga havola qilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham vatandoshlarni vatandagi harakatlarga hissa qo'shishga chorlab, ularni mamlakatga taklif etgan.
Facebook Forum