Arobiddin Turaxanov, investitsiya bo’yicha katta mutaxassis. Andijonda tug’ilgan. “Umid” fondi orqali Britaniyada iqtisodiyot sohasida o’qigan. 2004-yildan beri AQShda yashaydi. “Fortune 500” ga kiruvchi turli kompaniyalarda ishlab, 10 milliard dollarlik portfelni boshqargan. Nyu-York moliya markazi “Wall Street”da faoliyat yuritgan. Hozirda sarmoya (aksiya va obligatsiya) bo’yicha kompaniyada tahlilchi.
Arobiddin To'raxonovning "Vatan manzaralari" blogidagi maqolasini o'qing:
O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatar ekanman, 1998-2001 yillari “Umid” jamg‘armasi orqali Angliyada o‘qigan talabalik paytlarim, ayniqsa Makroiqtisodiyot va Monetar siyosati fanlari esimga tushadi. O‘sha paytda AQShning vaholanki 21-asrning eng buyuk iqtisodchisi, Nobel mukofoti sovrindori Milton Fridmanning”… the tectonic shift that was quaking old notions of the federal government as the great fixer and tweaker of America’s economy” ya’ni “… tizimli o‘zgarish federal hukumatining AQSh iqtisodiyotni tuzatuvchi va chimchilab turuvchi… kabi qarashdan siltitayapti (qaytarayapti)” degan ulug‘ bir gapini Prezident Mirziyoyev fikrlarida, harakatida ko‘rdim.
AQShda ham 1960-80 yillari konservativ qarashga ega bo‘lganlar bozor iqtisodiyotini erkinlashtirishga qarshi chiqishgan. Iqtisodiyotni liberallashtirishga avvalambor monopolist va ularga yaqin bo‘lganlar, ya’ni konservativ qarashga ega bo‘lganlar qarshi bo‘lishadi. Liberal siyosatchilar esa ochiq iqtisodiyot tarafdoridir. Erkin savdo esa odamlar o‘rtasida to‘siqsiz tovar almashuvi (pul ham tovar) hisoblanadi. Liberalizatsiya AQSh iqtisodiyotini dunyoning eng kuchli iqtisodiyotiga aylanishiga olib keladi. Shunisi qiziqarliki, AQShda o‘rtacha ish maoshi baland ($58,000/yiliga) bo‘lishi bilan birgalikda, ko‘p iste’mol tovarlar (elektronika, yuqori sifatli kiyim kechaklar, avtomobil, va hokazo) narxlari kerak bo‘lsa O‘zbekistondagi narxlardan arzonroq. Prezident Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosat ham aynan O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirishga qaratilgan. Ana shunday, ya’ni erkin iqtisodiyot [va raqobat] orqali tovarlar sifati yaxshilanadi, narxlar arzonlashadi va xalqning turmush darajasi o‘sadi.
Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib shuni xulosa qilish mumkinki, agar maqsad iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘lsa, unda davlatni iqtisodiyot oldida bitta vazifasi bo‘lish kerak: u ham bo‘lsa ikki qo‘lini iqtisodiyot tomog‘idan olish. Qolganini erkin iqtisodiyot o‘zi joy joyiga qo‘yib oladi. Eng asosiysi, nima qilish emas, balki nima qilmaslik kerak degan savolga javob berish kerak. Erkin bozor iqtisodiyoti “ixtiyoriy hamkorlik” prinsipiga asoslanadi. Davlat tomonidan boshqariladigan iqtisodiyotda kim, nima, qachon va qancha iste’mol qilishligi rejalashtiriladi va bunday tizim nimaga olib kelishini (inqirozga) sobiq sovet siyosati ko‘rsatdi.
2004-2010 yillari AQShning eng nufuzli “Fortune 500” kompaniyalaridan birida ishlayotgan vaqtimda, O’zbekiston davlat idoralaridagi rahbarlardan bir ikkitasi menga telefon qilib, ishlayotgan kompaniyamni filialini O‘zbekistonda ochishni taklif qilib, o‘z tomonidan davlat garantiyasi berilishini taklif qilishgan edi. Ushbu taklif bilan men kompaniyamiz raisiga chiqib, yuzma-yuz gaplashdim. Stiv ismli kompaniya rahbari O‘zbekiston to‘g‘risida o‘rganib chiqib, menga quyidagi gapni aytdi: Bilasizmi, albatta, men bunday taklifdan xursandman. Lekin sarmoya olib kiruvchiga davlat kafolati emas, balki ochiq iqtisodiyot kerak. Konvertatsiya ochilishi, siyosat va iqtisodiyot erkinlashtirilishi, mol-mulk kafolatini ta’minlanishi asta-sekin bizning kompaniya kabilar ham O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqish uyg‘otadi deb o‘ylayman.
Ko‘p Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (sobiq sovet sotsialistik davlatlar) mamlakatlari iqtisodiyotlari asosan xomashyo resurslarini sotishga asoslangan. Biznes tizimi esa davlat siyosatidan kelib chiqqan holda oboriladi; misol uchun Rossiyada. Lekin dunyoning eng rivojlangan iqtisodiyotlari, eng yuqori turmush sifatiga ega bo‘lgan Yaponiya, Singapur, Gongkong, Shveytsariya kabi mamlakatlarda umuman na neft, na oltin, na boshqa tabiiy boyliklari bor, lekin turmush darajasi AQShnikidan baland. Nega deb o‘ylasiz? Javob oddiy: (1) Rivojlangan davlatlarda davlat siyosatni/rejasini biznes holatidan kelib chiqqan holda tuzadi. Sabab – biznes ham davlatni, ham xalqni boqadi. (2) Bu davlatlar sarmoyani o‘z xalqining ilmini oshirishga sarf qilgan va innovatsion g‘oyalarga asoslangan iqtisodiyotni qurishga ixtisoslashgan. Bir paytlar Singapur ham og‘ir ahvolda bo‘lgan. Lekin xalqini turmush darajasini ko‘tarish uchun qo‘l urgan Singapur davlat rahbari, pul topib, aholisining eng iqtidorli farzandlarini rivojlangan davlatlarga o‘qishga yuboradi. O‘qishni tugatib, tajriba olib kelgan yosh singapurlik mutaxassislar o‘z mamlakati iqtisodiyotini ko‘tarishadi. Bugungi kunda bu mamlakat iqtisodiyoti va davlat siyosati muvaffaqiyat modeli sifatida o‘rganiladi.
Yuqoridagi tajribani bizning birinchi Prezidentimiz Islom Karimov va ikkinchi Prezidentimiz Mirziyoyev ishlarida kuzatishimiz mumkin. O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin ahvolda bo‘lishiga qaramay, birinchi prezident pul topib, 800 dan ortiq yoshlarimizni dunyoning eng rivojlangan davlatlariga o‘qishga “umid” bilan yuboradi. Prezident Mirziyoyevning maktabgacha bo‘lgan ta’lim vazirligini tashkil qilishi bu revolyutsion g‘oya. 2018 yilni tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish yili deb nomlashi esa ana shu yuqoridagi rivojlangan mamlakatlar qatori ilg‘or texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni qurishga qo’yilgan qadam – mustahkam poydevordir.
Faqat xomashyoni sotishga asoslangan iqtisodiyotni kelajagi yo‘q. Misol uchun ko‘p rivojlangan davlatlar va Xitoy 2040-yillargacha an’anaviy yoqilg‘idan foydalanadigan avtomobillarni ishlab chiqarish va sotishni to‘xtatish planida. Bu faqat avtomobilsozlik industriyasida bo‘layotgan yangilik. Menimcha, O‘zbekiston shunday modelni, yo‘lni tanlashi kerakki, eng kamida 25 yildan keyingi iqtisodiyot ko‘rinishini inobatga olib harakat qilish kerak. O‘zbekistonda shunday imkoniyat borki, rivojlanish bosqichining bir nechta pog‘onasidan sakrab o‘tishi mumkin. Prezident Mirziyoyev aytganlaridek, buning uchun yangilik yaratishni keragi yo‘q. Iqtisodiyotni ko‘tarish uchun kerakli yangiliklar allaqachon yaratilib, sinalib, hayotga tatbiq etib bo‘lingan. Biz shu ilg‘or texnologiyalarni o‘rganib, O‘zbekiston tajribasida qo‘llashimiz kerak.
Yangiliklarni o‘z mamlakatingda tatbiq qilishdan maqsad “bizda ham bu narsa bor” degan fikr emas, balki qandaydir aniq bir muammoni hal qilishga qaratish kerak. Bu esa davomiy jarayon. Shuning uchun “rivojlangan davlatlar tajribasiga ega” mutaxassislar ko‘magi doimiy ravishda kerak, albatta. Kadrlar masalasida qiyinchilik bo‘lishiga qaramay shuni aytish mumkinki, prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlaydigan eng kamida 800 ta “Umid” jamg‘armasi sobiq talabalari bor. Bular oddiy talabalar emas, balki O‘zbekistonda saralab olinib, iqtidorli yoshlar deb tan olingan tirishqoq, ilmga chanqoq yoshlarimizdir. Endi esa bu sobiq talabalar professional mutaxassislardir. Qolaversa, bundan tashqari, yana shuncha o‘z harakati bilan chet elda ta’lim olib, mehnatsevarligi bilan ajralib turuvchi bizning xalqimiz vakillari rivojlangan davlatlarda bank va moliya, oliygoh va tibbiyot, informatsion texnologiyalar va injeniring, qonunchilik va boshqa ko‘p sohalarida yuqori malaki mutaxassis bo‘lib ishlayotgan vatandoshlarimiz kam emas. Migratsiya siyosati instituti statistika manbasiga asosan Kanadada 5500, AQShda 200000 dan oshiq, Buyuk Britaniya 4000, Portugaliya-Ispaniya-Fransiya-Avstriyaning har birida 1000 tadan ortiq, Italiya 3000, Gretsiya va Turkiyada 8000 tadan ko‘p, Rossiyada 1200000, Avstraliyada 2000 dan ko‘p vatandoshlarimiz doimiy ravishda yashab kelishadi. Faqat AQShning o‘zidan o‘sha 200000 vatandoshlarimizning teng yarimi 1 yilda bir marotaba O‘zbekistonga qarindoshlarini ziyorat qilishga kelib ketishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng kamida 100 million dollar (yo’l-kiraning o‘zi) daromad olib keladi.
London Iqtisodiyot Universiteti (London School of Economics) professori, iqtisodiyot bo‘yicha ustozim 2000-yilda quyidagi gapni aytgan edi: Sizlarni prezidentingiz rivojlangan davlatlarga umid qilib yuborgan ekanlar, vaqti kelib sizlar (ya’ni chet elda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar) o‘z vataningiz va rivojlangan davlatlar o‘rtasida muvaffaqiyat ko‘prigini qurishda injener vazifasini o‘taysizlar. O‘shanda sizlarga erkin fikrlash maydoni kerak bo‘ladi.
Prezident Bill Klinton AQShga rahbarlik qilgan davrda AQSh davlat byudjeti 1957-yildan beri birinchi marta 4 yil mobaynida haqiqiy profitsitga kirgan. Bunga sabab shu ediki, Klinton AQShdagi eng kuchli iqtisodchilarni Oq uyga tez-tez taklif qilib, ular bilan iqtisodiyot rivojlanish strategiyasini bahs qilib turgan. Prezident Mirziyoyevning xorijdagi vatandoshlar bilan o‘zaro hamkorlik sohasida davlat siyosati konseptsiyasini ishlab chiqishga chaqirishi ana shu yuqoridagi gaplarni tasdig’i desam ham bo‘ladi. Lekin amalda biron bir natijaga erishish uchun bu harakat markazlashtirilishi, ya’ni chet elda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan hamkorlik qilish uchun bir tashkilot yaratilishi va prezident qoshida bo‘lishi, farmon bilan tasdiqlanishi juda muhim. Hozirda ko‘p yuqori malakali vatandoshlarimiz skeptik optimizm bilan o‘zgarishlarni kuzatib turishibdi. Buning sababi shundaki, O‘zbekistonga borsak, biz kim bilan hamkorlik ishini olib boramiz, bizni erkin kelib ketishimizga kafolat qani, O‘zbekistonga borgani qo‘yilgan noqonuniy taqiqlarni kim yechadi, viza olish masalasi qachon yengillashtiriladi, biz prezidentga yuborgan murojaatlar yetib bormayapti, borsak bizni alohida xonaga olib kirib so‘roq qilmaydimi, degan sababli savollar ko‘pchilikda yo‘q emas.
Bepul maslahat, seminar va talabdan kelib chiqib, boshqa yordamni berishga tayyor vatandoshlar kam emas. Maqsad, Prezident Mirziyoyevning xalqimizni og‘irini yengil qilishdagi orzu-niyatlarini amalga oshirishda ozgina bo‘lsa-da qo‘ldan kelganicha ko‘maklashish. Shunisi aniqki, 100 ta qaror chiqarish mumkin, lekin uni bajaradigan mutaxassis bo‘lmasa, u qog‘ozdagi quruq gap bo‘lib qoladi. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin, deydi xalqimiz. O‘zbekistonda biron bir tashkilotda ishlayotgan mutaxassisni 10 kunga chet elga oborib, biron bir narsani o‘rgatib, o‘shani O‘zbekistonda qil degan yaxshimi yoki AQSh kabi davlatlarning iqtisodiyoti rivojiga doimiy ravishda hissa qo‘shib, har bir yangilikdan xabardor bo‘lib turgan mutaxassisning murabbiylik qilishi yaxshimi? Bir yaxshi mutaxassis tayyorlash uchun eng kamida 10-15 yil kerak. Rivojlangan iqtisodiyot mamlakatlaridagi vatandoshlar bilan, ya’ni o‘z kasbining haqiqiy egalari bilan yaqin aloqada bo‘lmasak, unda lavozimlar tez-tez o‘zgarishi davom etaveradi. Prezident Mirziyoyev aytganlaridek, hech kim sarmoya bilan ikki qo‘lini ochib bizni kutib turgani yo‘q. Dunyoda 195 ta davlat bor va jahon iqtisodiyotida o‘z o‘rnimizni topish uchun faqat o‘zimiz kurashishimiz kerak.
Facebook Forum