O’zbekiston parlamenti matbuotda senzura taqiqlanishiga doir qonunni ma’qulladi. Senzuraning rad etilishi yaqin o’tmishda ikkinchi bor qonunlashtirilyapti.
Bu safargi o’zgarishda “hech kim jurnalist materialini nashrdan olib tashlash huquqiga ega emasligi” ta’kidlanadi. So’z erkinligi keskin ta'qib ostida bo’lgan yillarda ham mavjud qonunlarga muvofiq o’zbek matbuoti dunyodagi eng erkin matbuotlardan biri sanalardi. Amalda esa buning aksi edi.
Xo'sh, yana bir qonun nimani o'zgartiradi?
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to’g’risida”gi qonun O’zbekistonda 1997-yili qabul qilingan, hozirgacha bu qonun doirasida, xususan uning senzuraga doir qismi bir necha bor o’zgartirilgan. Senzuraga yo’l qo’yilmasligi haqidagi so’nggi o’zgarishlardan biri 2002-yili, mamlakat turg’unlikka cho’kkan bir davrda qabul qilingan. Bu o’zbek matbuotining dunyodagi eng erkin matbuotlardan biri ekanligi nishonasi o’laroq taqdim etilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi senzura haqidagi loyihani bir necha kun avval o’tgan yalpi majlisida qabul qildi. Bu safar “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to’g’risida”gi qonunni senzuraga doir qismi jurnalistdan materialini oldindan kelishib olishni talab qilish, jurnalist maqolasini nashrdan, efirdan olib tashlash huquqiga ega emasligi haqidagi qo’shimchalar bilan to’ldirilgan.
Bundan tashqari qonunda jurnalistlarni akkreditatsiyasi borasida ham alohida band bor. Jurnalistning davlat idoralari tomonidan ro’yxatga olinishi, idora tadbirlari, faoliyatini yoritishda qonunda ko’zda tutilgan imkoniyatlar yaratilishi haqida gap ketadi.
Xorij axborot vositalari akkreditatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi ruxsati bilan amalga oshadi. Mahalliy jurnalistlar arizasiga ko’ra ro’yxatga olinadi. Ular akkreditatsiya qilingan idora binosiga kirishi, yozishi, nusxalar ko’chirishi mumkin, faqat akkreditatsiya qilgan idora tomonidan belgilangan tartibga muvofiq.
Akkreditatsiya beradigan idora belgilagan tartiblar esa hozirgacha jamoatchilik uchun yopiq bo’lgan davlat idoralari faoliyatini ochilishini anglatmaydi. Qonunda jurnalistlarning ochiq sud majlisini yoritishlariga to’sqinlik bo’lmasligi haqida band bor, ammo shu bilan bir qatorda jurnalisting sud majlisiga texnik moslamalar bilan kirishi taqiqlab qo‘yilgan.
Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojon nazarida o’zbek matbuotiga doir qonunchilik muntazam o’zgarishda. Oldin bu o’zgarishlar asosan qog’ozda qolsa, so’ngi paytda ularning amaliyotga ko’chayotganini kuzatish mumkin.
“Mana yaqinda MY-5 telekanalini saylgohlardagi o’pishayotgan yoshlar haqidagi ko’rsatuvi bahs munozaralar keltirib chiqarishi ortidan Adliya vazirligi bu telekanalga odamlarning daxlsizlik huquqini buzgani, shaxsiy hayotiga aralashgani uchun tanbeh berdi. Bu yerda Adliya vazirligi qonun amaliyotlariga ko’ra ish tutdi. Mayli shu orqali jurnalistlarning shoxini qayirgan bo'lsa ham jurnalistika qoidalari buzilganini isbotlab berdi, chunki bu yerda rostdan jurnalistlar haddidan oshgan, birovning shaxsiy hayotiga aralashgan. Sudlar yoritilishini Bobomurod Abdullayevning sudi misolida ko’radigan bo’lsak ham, bu yerda qonun buzilayotgani kuzatilmayapti, jurnalistlarni sudga texnik moslamalarsiz kiritilishi G’arbda ham normal holat”, - deydi jurnalist.
Mustaqil jurnalistlar o’zbek matbuoti muammosi qonunga emas, tuzumga bog’liq ekanligini ta’kidlab kelishadi. Matbuotga qonun doirasidagi vakolatlaridan to’liq foydalanish imkoniyati berilmagan. Hokimiyat tomonidan o’zlashtirilgan bu vakolatlar bugun matbuotning o’ziga qaytarilayotganiga ham ishonch kam, amaldagi hukumat, siyosatni tanqidga olgan jurnalistlarning hibs qilinishi, tahdidga uchrashi hamon mavjud fakt.
Toshkentda jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov ustidan sud davom etmoqda. Bu mahkama jurnalistlarning amaldagi siyosatni tanqid qilishi yoki muxolif partiyalarda bo`lishi hamon jinoyat sifatida ko‘rilayotganini namoyon etadi.
Qudrat Bobojon tahlilicha, o’zbek matbuoti uchun bugungi muhim masala aynan hokimiyatga, mamlakat rahbari bayonotlariga qaram bo'lib qolmaslik.
“Albatta, senzura bekor qilinishiga, jurnalistlar faoliyati erkinlashayotganiga doir har qanday o’zgarishlar olqishli. Bunday o’zgarishlar faqat niyatni ifoda etganiga qaramasdan turg’unlik davrida ham olqishlangan. Bugun matbuotda siljish bor, qonunlar ham ijobiy tomonga qarab o’zgaryapti. Ammo boshqa bir muammo ham kuzatiladi. O’zgarishlar hammasi Prezident Mirziyoyevga taqalib qolgan, matbuot ham faqat prezidentning og’ziga qarab qolgan. U qayoqqa qara desa, jurnalistlar o’sha tomonga qarash bilan cheklanib qolishyapti”, - deydi jurnalist.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to’g’risida”gi qonun Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolagach kuchga kiradi.
Facebook Forum