Breaking News

Qirg’izistonda matbuot erkinligi: bugun va erta


Qirg'iziston matbuoti
Qirg'iziston matbuoti

Qirg’iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekov mahalliy axborot agentliklaridan biriga nisbatan yirik o’lchamli da'vosidan voz kechdi. Jarima o’tgan yil solingan bo’lib, o’shanda sud prezidentlikka nomzod bo’lmish Jeenbekov va uning akasi sha’niga bildirilgan shubhani tuhmat deb topgan, axborot agentligi hamda maqola muallifidan besh million qirg’iz so’mi undirib olishga qaror qilgan edi.

Mahalliy qalam ahli davlat rahbarining hozirgi qadamini ijobiy ishora sifatida qabul qilmoqda.

O’z vaqtida “Markaziy Osiyodagi demokratiya orolchasi” deb nom olgan Qirg’izistonda matbuot erkinligi qay ahvolda? Qanday jarayonlar ko’zga tashlanadi? Matbuotning ertangi kuni haqida qanday mulohazalar mavjud?

1-qism (Audio):

2-qism (Audio):

Prezidentning ”ishora”si vaziyatni o’nglaydimi?

Kuzatuvchilar keyingi yillarda Qirg’izistonda matbuot erkanligiga ahcha putur yetganini aytib kelmoqda. Avvalgi prezident Atambayevning o’rnagidan ruhlangan amaldorlar ommaviy axborot vositalarini mahkamaga berish usulini qo’llay boshlagan va bu hol qalam ahlining shashti, jur’atini keskin pasaytirgan edi.

O’shlik ekspert Jildiz Bekbo’yevaning aytishicha, prezident Jeenbekovning axborot agentligiga nisbatan da'vosidan kechishi umidbaxsh nishona.

“Chegara bilmas reportyorlar” tashkilotining 2017-yil bo’yicha hisobotida Qirg’iziston pozitsiyasi pastlab ketadi, deb o’ylayman. Biroq davlatimiz rahbarining bu qadami vaziyat o’nglana boshlashiga ishonch berayapti”, - deydi tahlilchi.

Suhbatdosh fikricha, ayni paytda mamlakat ommaviy axborot vositalarining o’zlari ham beayb emas. Ular shoshma-shosharlik, tarafkashlik, noxolislik ko’rinishlaridan xalos bo’lgani yo’q. Kasbiy mahorat va mas’uliyatning yetishmasligi, kimlarningdir nog’orasiga o’ynash oqibatida u yoki bu nashrda yaxshi tekshirilmagan xabarlar, asoslanmagan shubha va ayblovlar odatiy ko’rinishga aylanib qolgan.

Kim pul to’lasa - buyuradi

Jildiz Bekbo’yeva axborot vositalari o’z ta’sischi-sarmoyadorlariga qaram bo’lib, ularning xohish-irodalariga bo’ysunib qolganidan tashvishda.

“Ish beruvchimizni ko’klarga ko’tarib, uning raqiblariga loy chaplayversak, jurnalistikamizning saviyasi, unga hurmat-e’tibor ko’tarilmaydi. O’z navbatida erkin atalmish axborot vositalarining ta’sischilari, aniqrog’i , egalari xodimlarga erk berishi, jamoaning mustaqil siyosat olib borishiga imkon tug’dirishlari lozim”, - deydi u.

Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit…

Bishkeklik tahlilchi, “Golos svobody” portalining bosh muharriri Abdumo’min Mamaraimov esa bunday fikrda:

“Mamlakatdagi old axborot vositalaridan biri ulkan jarimani to’lay olmay, sinib qolsa, bu katta yo’qotish bo’lar edi. Jeenbekov janoblari bunga yo’l qo’ymagani yaxshi ish bo’ldi. Lekin, ayni paytda, g’avg’oga sabab bo’lgan maqola muallifiga nisbatan da'vodan nega kechmadi? Menimcha, bu ham matbuotga bir ishora: o’zingizni yaxshi tutsangiz, biz kechirib ham yuborishimiz mumkin. Tortish-janjalsiz ishlasak, sizga ham, bizga ham durust. Aks holda ahvolingiz o’sha muxbirnikiday bo’ladi”.

Qalamkash nazarida, Sovet davrining oxiri hamda mistaqillikning dastlabki yillari rivoj topgan matbuot erkinligining doirasi bora-bora toraya boshlagan.

“Hokimiyat matbuotni to’la nazorat ostiga olishga intilmoqda. Bu yo’lda puxta o’ylab, aniq maqsadlarni ko’zlab, hisob-kitob bilan ish olib borilayotgani ko’rinib turibdi’, - deydi u.

Uningcha, hozirgi Qirg’izistonda davlat hamda hokimiyat atrofidagi guruhlarga xizmat qiluvchi axborot vositalarining mavqei kuchaygan, muxolif fikrlarni yorituvchi matbuot, aksincha, bor-yo’q orasida qolgan.

“O’rtadagi, uchinchi toifa - haqiqiy, xolis jurnalistika bilan shug’ullanishni istaganlar safi - borgan sari siyraklashib, yo’qolib bormoqda. Ularning o’rniga ikki taraf ham emas, ammo hokimiyatga xayrixoh qalamkashlar toifasi ko’payayapti”, - deydi Abdumo’min Mamaraimov.

Ekspert Jildiz Bekbo’yeva nazarida , matbuot hamda ayrim shaxslar yoki guruhlar o’rtasida vujudga kelayotgan va oxir-oqibat, matbuot imkoniyatlarini cheklashga sabab bo’layotgan bahs-tortishuvlarni mutaxassislardan iborat jamoatchilik tashkiloti yordamida, o’zaro kelishuvga kelgan holda hal qilish mumkin. Bunday uyushma mavjud, lekin sust. Aftidan, salobatli kuchlarga so’z qotishga botinmaydi.​

"Ilg’or qonunlar ilg’orligicha qolishi kerak"

Mutaxassislarning aytishicha, matbuot hamda so’z erkinligi borasida Qirg’iziston qonunlari Markaziy Osiyoda ilg’or o’rin egallaydi, lekin ularni mukammal, deyish qiyin. Suhbatdoshlar fikricha, qalam ahli va nodavlat tashkilotlar bu masalani ko’tarmayotganiga sabab bor; u holda hokimiyatdagilar qonunlarga matbuot erkinligini cheklovchi tadbirlarni kiritishga urinishi ehtimoldan holi emas.

Omma nima deydi?

O’shlik tahlilchi Jildiz Bekbo’yeva Qirg’izistonda yaqin kelajakda matbuot erkinligining mavqei tiklanishiga va bu qadriyat tez taraqqiy etishiga ishonadi.

Jurnalist Abdumo’min Mamaraimov esa bunday xulosa qilishga shoshilmaydi. U ikki ko’rinish, ikki asosiy omilni urg’ulaydi.

“Birinchidan, so’z erkinligi borasida davlat qat’iy pozitsiyaga ega bo’lib qoldi: ma’lumot maydoni, axborot vositalari davlat tuzgan qoidalar asosida o’ynashi kerak, degan siyosat yurmoqda. Bu davrda jurnalistika sohasida kim-kimligi, ushbu kasbni kim ne maqsadda tanlagani o’z-o’zidan ko’rinib qoladi.

Masalaning yana bir va eng og’ir tomoni: haqiqiy jurnalistika, demakki, har tomonlama taroziga solingan axborot bo’lishi uchun ommada tegishli talab-xohish mavjud bo'lishi lozim. Afsuski, haqiqatga, adolatli, xolis ma’lumotga talab va ishtiyoq aholi orasida kamayib ketmoqda. Aksincha, har-xil mish-mishlar, yo’q gaplarning ketidan quviladi. Jamiyatning ongi, ma’naviy-madaniy darajasi yuqorilagan sari matbuotning saviyasi ham ko’tarilishi tayin”, - deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG