Yetti yillik tanaffusdan keyin Qirg’izistonning O'sh viloyatida o'zbek tilidagi "Axborot" gazetasi qayta chiqa boshladi.
2010-yilgi O’sh voqealari ortidan o’lkada o'zbekzabon ommaviy axborot vositalari yopilib ketgan edi. Hozirda faoliyat ko’rsatayotgan to’rt gazetaning adadi ko’p emas, muxlislar doirasi tobora torayib, kamayib borayotir.
Ona tildagi matbuotni tiklashga bel bog’lagan qalamkashlar gazetxon e’tiborini qozonish yo’llarini qidirmoqda.
Barno Isoqova bir necha yil jonajon gazetani “uyg’otish” ustida ish olib bordi. Tegishli mablag’ to’plandi, texnik baza va xodimlar tayyorlandi.
Muharrir Isoqova nazdida elektron vositalar gurkirab rivojlanayotgan davrda ham gazeta-jurnallarning o’z o’rni bor-ki, o’sha imkoniyatlardan foydalana bilmoq, aniqroq aytganda - zamon talablariga javob bera olmoq lozim.
“Biz matbuot ixlosmandlari bilan bevosita muloqot o’rnatishni maqsad qildikki, bu ularning qalbi va ongi sari eng yaqin yo’l, joylarda muntazam uchrashuvlar rejalashtirdik”, - deydi muharrir.
“Axborot” gazetasida 11 xodim faoliyat olib boradi, viloyatning shahar va tumanlarida hamkorlar tizimi shakllanmoqda.
Keyingi yillarda Qirg’izistondagi o’zbekzabon axborot vositalari siyosatdan olisroq bo’lishni afzal ko’rayotgani sir emas. “Axborot” esa, ijtimoiy-siyosiy nashr sifatida, siyosiy jarayonlarni ham yoritib borish niyatida.
O'zbekcha nashrlar qanday qilib mushtariy e'tiborini qayta qozona olishi mumkin? Zamon va muammolar bosimi ostida ularni qanday kelajak kutadi?
Adabiyotshunos olim Ravshanbek Tursunov hozirgi zamonda matbuot bilan shug’ullanish, yangi gazeta ochish harakatini jasorat, deya baholaydi. Unincha, bosma so’zni jonlantirish uchun yangi usullar, “tesha tegmagan” mavzularga murojaat qilish kerak.
“Gazetaga muhabbatni maktab yoshidan tarbiyalagan ma’qul. Aytaylik, tarbiyaviy soatlarda, yozma ishlarda ro’znomalardagi maqolalardan foydalanilsa, honadonlarda gazethonlik qilinsa yahshi edi. Shuni unutmaslik kerakki, ro’znoma, kitob, adabiyot insonni fikrlashga chorlaydi, so’z madaniyati, nutq madaniyatini boyitadi”, - deydi tadqiqotchi.
Yaqin o’tmishda Qirg’izistonda o’zbek tilida 12 axborot vositasi, jumladan 3 telekompaniya faoliyat yuritgan. Mutaxassislarga ko’ra, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorlashishi ushbu tildagi matbuot asta-sekin tiklanishiga sharoit tuzmoqda.
Facebook Forum