Breaking News

Chegaradagi mojaro qirg'iz-o'zbek munosabatlari uchun sinov


Qirg'iziston va O'zbekiston chegarasidagi bahsli hududlardan biri
Qirg'iziston va O'zbekiston chegarasidagi bahsli hududlardan biri

O’zbekiston va Qirg'iziston chegarasida yuz bergan so'nggi ziddiyat mintaqada boshlangan iliqlik davrini sinovdan o’tkazmoqda. Rasmiy Bishkek bu borada Toshkentga norozilik notasi topshirishi ortidan Bosh vazir Abdulla Aripov qirg’izistonlik hamkasbi bilan mojaroni muhokama qilgan.

7-aprel kuni O’zbekiston chegarachilari tomonidan otilgan Qirg’iziston fuqarosi Qirg’iziston hududida halok bo’lgan. Ayni paytda hodisani ikki tomonlama tuzilgan ishchi guruhi o’rganmoqda. Voqeaning hukumat rahbarlari tomonidan zudlik bilan muhokama qilingani mintaqaviy ziddiyatlar yechimiga munosabat o’zgarayotganining dalili sifatida ko’rilmoqda.

Tomonlar hodisa sabablarini o’rganish yuzasidan ikki tomonlama ishchi guruh tuzgan.

O’zbekiston chegara xizmati chegaradan noqonuniy o’tgan Qirg’iziston fuqarosini chegarachilar buyrug’iga bo’ysunmagani uchun otganini ta’kidlamoqda. Qirg’iziston chegara xizmati esa otilgan fuqarosi Qirg’iziston hududida bo’lganini aytmoqda.

Har ikki davlat chegara xizmatlarining ziddiyat yuzasidan tarqatgan xabarlari chegaraviy mojarolar yuzasidan kuzatilgan avvalgi qarashlardan deyarli farq qilmaydi. Ularda tomonlarning qonun doirasida harakat qilgani, aybsizligi tilga olingan.

O’zgarish faqat hukumatlarning zudlik bilan mojaroga aralashishida, hamkorlikdagi ishchi guruhini tashkil etishida, tomonlarning bu ishchi guruh xulosalarini qabul qilishga tayyorligida kuzatilmoqda. Bosh vazirlar o’rtasidagi muloqotda ishchi guruh voqea tafsilotlarini sinchiklab o’rganishi, o’z xulosalarini tomonlarga taqdim etishi belgilangan.

Chegaradagi hodisa Markaziy Osiyo mintaqaviy siyosatida yangi iliqliklar boshlanishi ortidan kuzatilayotgan dastlabki ziddiyatli holatlardan biri.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida mintaqada davlat chegaralari hanuz to'la aniqlanmagan. O’zaro bahsli qolayotgan bu hududlarning qayerda boshlanishi va qayerda tugashini davlat ham, fuqarolar ham ayrim hollarda aniq bilmaydi. Bu chegara hududlaridagi noxush holatlar ehtimolini saqlab qoladi.

“Chegaralardagi noxush hodisalarning asl sababi o’tgan asrda mintaqaning sun’iy ravishda bo’lib tashlanishiga, chiziqlar tortilishiga ham bog’liq. Bunday sun’iy chiziqlar hozir ham fuqarolar uchun, hatto chegarachilarning o’zlari uchun ham murakkablik tug’dirib kelmoqda, ko’pchilik bilmaydi. Bundan qat’i nazar, bu birinchi noxush hodisa emas. Bu narsa Turkmaniston, Tojikiston bilan chegaralarda ham muntazam kuzatib kelingan, qasddan kuzatilgan holat emas, davlatlar o’rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilmaydi, muzokaralar orqali hal etiladi”, - deydi Tolipov.

Markaziy Osiyodagi yangi davr sifatida e’tirof etilayotgan so’nggi mintaqaviy munosabatlar Toshkentning yangi siyosati, O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari ortidan kuzatilayotgani qayd etiladi.

Mintaqa davlatlarining har biriga davlat tashrifini amalga oshirgan Mirziyoyev o’zaro hamkorlikni rivojlantirish, mintaqa xalqlarining bordi-keldisi, o’zaro savdo va aloqalarga to’siq bo`lib turgan chegaraviy ziddiyatlarni imkon qadar tez fursatlarda bartaraf etish masalalariga e'tibor qaratmoqda.

O’zbekistondagi bu o’zgarishlar ortidan Markaziy Osiyodagi umumiy vaziyat ham o’zgara boshladi, mintaqa liderlari uzoq yillik tanaffusdan so’ng ilk bor Ostonada o’zaro sammitga yig’ilishdi, norasmiy maslahatlashuv maqomidagi bu uchrashuvda tomonlar mintaqaviy ziddiyatlar, mavjud muammolarga uchinchi tomonni jalb etmagan holda o’zaro muhokama orqali yechim topishga kelishishdi.

Siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha, Markaziy Osiyoda o’zgarishlar kuzatilmoqda, ammo bu o’zgarishlar ko’plab axborot vositalarida taqdim etilganidek, geosiyosiy o’lchamlarga ega emas. Ular uzoq yillar davomida mintaqada yuzaga kelgan tarang vaziyatni yumshatish, qo’shni davlatlar o’rtasida muzokaralar imkoniyatini yaratishni maqsad qiladi, deydi u.

“Ostonadagi uchrashuvlarning rasmiy nomi ham o’ta kamtarona, maslahatlashuv. Ya’ni tabiiy ravishda bu uchrashuvda hech qanday shartnomalar tuzilmaydi, bitimlar imzolanmaydi, hatto mintaqaviy integratsiyaga doir biror muhim bayonot ham qilingani yo’q. Ammo shunga qaramasdan, bu uchrashuv tashkil etilishining o’zi Rossiya siyosiy doiralaridagi ayrim guruhlar tomonidan geosiyosiy o’lchamlarda baholanishi g’alati tuyuladi. Maslahatlashuv maqomidagi bu uchrashuvdan uzoqqa boruvchi geosiyosiy xulosalar qilish noto’g’ri. Mintaqa liderlarining o’zlari aytishdi, maqsadimiz yig’ilib qolgan muammolarni muhokama qilish, mustaqil tarzda hal etishga urinish, deb. Shunga qaramasdan Rossiyadagi ayrim doiralarning qaltis bir xulosalar qilayotgani taajjubli”, - deydi Tolipov.

Ta’kidlash joiz, Markaziy Osiyo liderlarining Ostonadagi sammiti ortidan mintaqada yangi davr boshlanayotgani haqidagi qarashlar kuchaydi. Bungacha Markaziy Osiyo mintaqasi ziddiyatlar taranglashgan va hatto mintaqaviy resurslar uchun urush boshlanishi ehtimol qilingan hudud sifatida qayd etib kelinayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG