Breaking News

Turkiya O'zbekiston bilan strategik hamkorlikni kuchaytirish niyatida


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (chapda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan, Toshkent, 2016-yil.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (chapda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan, Toshkent, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an rasmiy tashrif bilan O’zbekistonga kelmoqda. Bu tashrif arafasida O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev turk ishbilarmonlari birlashmasi mukofoti bilan taqdirlangan. “Yevrosiyo oldidagi xizmatlari uchun” deb nomlangan bu mukofot O’zbekiston geosiyosiy maydonda o’z o’rnini topayotganidan darak deb baholanmoqda.

Erdog'anning O'zbekistonga tashrifidan nimalar kutilyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:12 0:00

Turkiyada yashayotgan o’zbek muxolifatchisi Muhammad Solih O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi navbatdagi muzokaralar uzoq yillar davom etgan siyosiy shubhalarni o’rtadan ko’tarishiga umid bildiradi.

Erdog’an 29-aprel kuni O’zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda TRTning Toshkentdagi vakolatxonasiga asoslanib, “Kabar” agentligi ma’lum qildi. Mirziyoyev bilan muzokaralar, Buxoro shahriga ziyorat rejalangan.

Tashrif oldidan O’zbekiston prezidenti turk ishbilarmonlarining “Yevrosiyo oldidagi xizmatlari uchun” mukofoti bilan taqdirlangani ma’lum bo’ldi.

“Xalq so’zi” gazetasining yozishicha, Turkiyadagi “EcoAvrasya” birlashmasi tomonidan ta’sis etilgan bu mukofot Mirziyoyevga Yevrosiyo mintaqasidagi davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo, Afg’oniston, Xitoy, Rossiya, Turkiya bilan aloqalarni rivojlantirishga qo’shgan hissasi uchun berilgan.

Yevrosiyo nafaqat geografik, balki siyosiy jihatdan ham Markaziy Osiyoga nisbatan ancha keng tushuncha. Mukofot O’zbekiston nafaqat mintaqa, balki Yevrosiyodagi muhim kuchlardan biri sifatida e’tirof etilayotganidan darak sifatida baholanmoqda.

O’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihga ko’ra, Karimov davrida mamlakatning tashqi va ichki salohiyati ayovsiz bostirildi; bugun dunyoga ochilayotgan O’zbekiston jo'g’rofiy va tarixiy sabablar bois ham jarayonlar markazida bo’lishga mahkum.

“O’zbekiston mavjud potensiali, kuchiga qaramay, Markaziy Osiyoning ilg’or bir davlatiga aylanmadi. Qozog’iston ancha ilgarilab ketgan, holbuki bizning potensial nisbatan juda katta, iqtisodiy, demografik, strategik joylashuvi, tarixiy madaniy salohiyati bo’yicha ham. O’zbekiston markaz, tarixan shunday va bugun ham, O’zbekistonning jo'g’rofiy qo’nimi, ya’ni qiymati ham o’zgargani yo’q. Ilgari strateglar o’rtasida kim O’rta Osiyoni o’z nazoratida tutsa, Yevrosiyoga hokim bo’ladi,Yevrosiyo hokimi esa dunyoga hokim bo’ladi, degan bir tashbeh bor edi. Bu atama bugun ham o’z kuchini yo’qotmagan. O’zbekiston mintaqada juda katta ahamiyatga ega davlat. Shu ma’noda bu mukofot O’zbekistonning shu o’rnini e’tiroflashga qaratilgan bir da’vat, integratsiyani kuchaytirishga bo’lgan chaqiriq deyish mumkin”, - deydi Muhammad Solih.

Mukofot Turkiya davlatiga tegishli emas, ammo mukofot marosimida Turkiya prezidenti maslahatchisi, vazirlar va parlament a’zolari ishtirok etgani inobatga olinsa, tadbir Turkiya hukumati tomonidan ham faol qo’llangani ko’rinadi.

Mukofotning moliyaviy qiymati ochiqlanmagan. G’olibni aniqlashda bir nechta nomzodlar ko’rib chiqilgani, Mirziyoyev nomzodi g’alaba qilgani ma’lum qilindi.

Muhammad Solih fikricha, mukofot ortida Turkiyaning nufuzli boylari, yirik sarmoyadorlari turibdi. Shu ma’noda uni Turkiya hukumatining mukofoti sifatida ham qabul qilish mumkin.

“Bu asosan yirik yotirimchilar tomonidan ta’sis qilingan, ammo hukumat tomonidan qo’llab-quvvatlangan bir mukofot, ya’ni bir tomondan davlat tomonidan berilgan deb hisoblash ham mumkin. Mukofot ortida Turkiyaning nufuzli sarmoyadorlari, milliarderlari turishibdi. Bu bir simvolik ahamiyatga ega, ya’ni Turkiyaning O’zbekistonga yaqinlashish istagini ko’rsatkichi, samimiylikning bir ramzidir”, - degan fikrda muxolifatchi.

Hozir O’zbekiston-Turkiya munosabatlari qayta tiklanayotgan bir davr. Erdog’anning tashrifi haqida hozircha batafsil ma’lumotlar yo’q, ammo turk ishbilarmonlaridan iborat yirik delegatsiya unga hamrohlik qilishi haqida xabarlar mavjud.

Turkiya bilan aloqalarni tiklar ekan, O’zbekiston birinchi navbatda yirik sarmoyalarga, iqtisodiy aloqalarga diqqat qaratmoqda. Turkiya uchun esa O’zbekiston bilan siyosiy, strategik aloqalarni tiklash muhim ko’riladi.

“O’zbekiston uchun iqtisodiy vaziyatni yaxshilash eng dolzarb masala, ammo Turkiya uchun biznes har kungi odatiy ish, shu ma’noda Turkiyani birinchi navbatda O’zbekiston bilan siyosiy aloqalar qiziqtiradi. Karimov tufayli O’zbekiston Turkiyadan uzoq tutildi. Aytish mumkinki, 27 yil davomida Turkiya mintaqadan, Markaziy Osiyodan ajratib qo’yildi. Qozog’istonni hisoblamaganda deyarli aloqalar yo’q edi. Endi Karimov vaqtida yo’qotilgan shu vaqtni qayta tiklash uchun birinchi navbatda Turkiya, albatta, O’zbekiston ham shunga harakat qilmoqda. Mirziyoyev ehtimol Karimov paytida turk dunyosi integratsiyasi haqida o’ylamagandir, ammo bugungi siyosiy vaziyat uning oldiga bu masalani dolzarb qilib qo’ymoqda. Mirziyoyev ham bir farosatli siyosatchi sifatida buni tushunyapti. Turkiyaga qarshi avvalgi sindromlardan qutilish uchun samimiy harakat qilmoqda. Shu ma’noda Erdog’anning tashrifidan yaxshi natijalar kutyapman, chunki biz Turkiyada o’tgan uchrashuvlarda samimiylikni ko’rdik, u yerda siyosiy o’yinlar yo’q edi. Munosabatlar rivojidan, avvalo, ikki tomon, qolaversa, butin turk dunyosi yutadi”, - deydi Muhammad Solih.

Shavkat Mirziyoyev o’tgan yilning oktabr oyida Turkiyada davlat tashrifi bilan bo’lgan, Erdog’an bilan muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolagan edi. Mirziyoyev Turkiya prezidentini rasmiy tashrif bilan O’zbekistonga taklif qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG