Breaking News

O'zbekiston va Turkiya 20 dan ziyod bitimlar imzoladi


O'zbekiston-Turkiya aloqalaridagi salkam 20 yillik turg'unlikdan so'ng Prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga tashrifi munosabatlarda yangi sahifa ochishga qaratilgan.

Mirziyoyevni Turkiya Bosh vaziri o'rinbosari Bakir Bozdag' kutib olgan. O'zbekiston rahbari Turkiya Prezident Rajab Toyib Erdog'an bilan muloqot qildi. Matbuot anjumanida so'zlar ekan, Mirziyoyev Turkiya bilan savdo-sotiq hajmini 5-6 milliard dollarga yetkazish istagini bildirdi.

Delegatsiyalar bugun hamkorlikka doir 21 hujjat imzolagan. Istanbulda o'tadigan biznes forumda ham o'nlab qo'shma loyihalar bo'yicha bitimlarga qo'l qo'yilishi kutilmoqda.

O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgan qardosh Turkiya, qisqa muddatli qizg'in munosabatlar rivoji ortidan, uzoq yillar O'zbekiston uchun aloqalar o'ta sovuqlashgan davlat maqomida qolayotgan edi. 90-yillar boshidagi shiddatli munosabatlarga qaytish qiyin ko’rinadi.

​O'zbekiston prezidentining Turkiyaga safari, ikki tomonlama munosabatlar muzlatib qo'yilgan so'nggi 20 yillik hisobdan soqit qilingan taqdirda ham, hokimiyat almashishidan keyingi bir yil ichida uzoq kutilgan tashriflardan biri hisoblanadi.

Salkam bir yil avval marhum Prezident Islom Karimovni xotirlash uchun O'zbekistonga borgan Erdog'an Mirziyoyevni Turkiyaga taklif etgan edi. Bu bir yildan so'ng amalga oshayotgani oliy tashrif bo'yicha muzokaralar uzoq davom etganidan dalolat beradi.

Bu orada Mirziyoyev mintaqadagi asosiy geosiyosiy kuchlar - Rossiya, Xitoy rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokara o'tkazishga, davlat tashrifi bilan borishga, yangicha hamkorlik boshlangani haqida bayonotlar berishga ulgurdi.

Anqara-Toshkent munosabatlari ham yangi bosqichga muhtoj. Ayniqsa, bu munosabatlar ko'lami hali rivojlanishga ulgurmay turib, 90-yillar boshidanoq qirqila boshlagani inobatga olinsa.

Vatanidan quvg'in qilingan o'zbek muxolifati faollarining Turkiyada joylashishi marhum Prezident Karimov tomonidan qabul qilinmadi. Turkiyaga nisbatan ayblovlar boshlandi, aloqalar ziddiyatlashdi, munosabatlar jamoatchilik darajasida ham, siyosiy-ijtimoiy va hatto madaniy sohada deyarli to'xtatildi.

Muxolifat masalasi hanuz dolzarbligini yo'qotmagan, o'zbek muxolifatchilarining aksariyati hamon Turkiyada - ular Mirziyoyev hokimiyatiga umid bilan qarasmoqda. Islohotlar va’dasi bilan chiqqan yangi hukumat esa xorijdagi muxolifatni davlatga qarshi jinoyatlarda ayblash an’anasidan voz kechmagan.

Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdog'an o'rtasidagi muzokaralarda bu masalalar qanchalik muhokama qilinishi noma'lum. Jamoatchilik darajasidagi munosabatlar 90-yillar darajasiga qaytadimi, yo'qmi, bu ham mavhum. Har holda, muzokaralar o'tayotganining o'zi umidli ko'rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG