«Turkistonliklar» jamiyati O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkiyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv o‘tkazish taklifi bilan chiqdi. Ayni paytda tashkilotga ko'ra, Turkiyada 150 ga yaqin o‘zbekistonlik hibsda saqlanmoqda va ular deportatsiya xavfi bilan yuzlashib turibdi.
O'zbekistonning bu fuqarolari Turkiya xavfsizligiga tahdid solishda gumonlanmoqda. Ular orasida O‘zbekistonda «qora ro‘yxat»ga kiritilganlar, diniy ekstremizm, terorrizmga aloqador ko‘rilayotganlar ham bor.
«Turkistonliklar» jamiyati Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi muhojirlar bilan bog‘liq vaziyatni yumshatishidan umidvor.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 25-27-oktabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkiyaga borishi kutilmoqda. Bu xabar Turkiyadagi o‘zbekistonliklar tomonidan iliq qarshilangan; ular Turkiyada Mirziyoyev bilan uchrashuv tashkil etish tashabbusi bilan chiqishmoqda.
Turkiyadagi Xalqaro turkistonliklar hamkorlik jamiyati raisi Burxon Qovunchi asli marg‘ilonlik bo‘lgan o‘zbek muhojirlaridan. U Mirziyoyevning Turkiyaga kelish xabari ortidan Turkiya hukumatiga, shuningdek, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasiga Prezident Mirziyoyev bilan uchrashuv tashkil etish taklifi bilan chiqqan.
Jamiyatning bu murojaatiga hozircha Turkiya hukumati ham, O‘zbekiston elchixonasidan ham javob bo‘lmagan, ammo jamiyat raisi 100 mingdan oshiq o‘zbekistonliklar yashayotgan Turkiyada prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z vatandoshlari bilan uchrashuv o‘tkazadi degan umidda.
“Biz Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazish taklifini O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasiga bildirgan edik, ammo bu yerdagi elchi yaqinda ish boshladi. Ehtimol shuning uchundir, bu taklifga javob ololganimiz yo‘q. Bu bizning taklifimiz, xolos, ammo hozircha bu borada aniq bir javob ololmadik. Bizning jamiyat bu yerda vatandoshlarimizning ijtimoiy, ma’rifiy masalalari bilan shug‘ullanib keladi. Biz muhojirlarga oid shu vaziyat haqida prezidentga ma’lumotlar taqdim etmoqchi edik. Bundan tashqari, shunday uchrashuv mumkin bo‘lsa, avvalo, prezident janoblarini tabriklamoqchi edik”, - deydi Burxon Qovunchi.
Bugun Turkiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat ancha taranglashganni xabar qilinmoqda.
Burxon Qovunchiga ko‘ra, ayni paytda 150 dan oshiq o‘zbekistonlik Turkiyada hibsda ushlab turilibdi, ular Turkiya xavfsizligiga tahdid solishda gumonlanib ushlangan, ayrimlarining O‘zbekistonga deport qilinganidan so‘ng qamoqqa olingani haqida ma’lumotlar mavjud.
“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Turkiyada Markaziy Osiyodan bo‘lgan 250 kishi hibsda ushlab turilibdi. Ulardan 150 dan oshig‘i o‘zbekistonliklar, ko‘plari butun oilasi bilan ushlangan. Asosiy sabab ularning Turkiya fuqarosi emasligi. Shuningdek, ular Turkiya xavfsizligiga tahdid solishda gumonlanib, hibsda ushlab turilibdi. Hozir ular yuzasidan deport qarori bor, ammo mahkamalar davom etyapti. Barcha ayblovlar haqida, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan qo‘yilgan ayblovlar bor-yo‘qligi haqida batafsil ma’lumotga ega emasmiz. Ammo ayrimlar Interpol qidiruvida bo‘lishgan. Oxirgi paytdagi vaziyatga ko‘ra, hibsdagilarni advokat bilan ta’minlash, mahkama qarorini kutish qiyinlashgan, deportatsiya xavfi ortib boryapti”, - deydi Burxon Qovunchi.
2013-yilda asos solingan «Turkistonliklar» jamiyati, asosan, Turkiyadagi markaziy osiyolik muhojirlardan tashkil topgan. Tashkilot rasmiy saytida ko‘rsatilishicha, jamiyatning asosiy maqsadlari sirasiga Turkiston o‘lkalarida diniy, iqtisodiy, huquqiy, ta’lim va tarbiya taraqqiyotiga erishish, iymoniy birodarlik va islomiy qadriyatlarni qayta tiklash kiradi.
Bugun Turkiyada hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonliklar orasida «Turkistonliklar» jamiyatining ham 40 yaqin a’zosi bor. Xavfsizlikka tahdid solish gumoni bilan hibsga olinganlar orasida diniy ta’qiblar bois O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lganlar ham, diniy sabablarga ko‘ra qidiruvda bo‘lganlar ham yo‘q. Ular faqat Turkiya xavfsizligiga tahdid qilishda gumonlanmoqda, deportatsiyaga tushish xavfi yanada ortgan.
«Turkistonliklar» jamiyati raisi o‘rinbosari, o‘zbekistonlik muxolifatchi Namoz Normo‘min deportatsiya xavfini Shavkat Mirziyoyevning tashrifi bilan bog‘lamaydi. Unga ko‘ra, Turkiyadagi ichki vaziyatning o‘zi taranglashgan. Jamiyatning Prezident Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazish taklifi ikki o‘rtadagi aloqalar rivojiga muhojirlar hissasini qo‘shish uchun bildirilgan.
“Prezident Amerikada bo‘lganida vatandoshlar bilan uchrashdi, ularni qaytishga chaqirdi. Ayrim qaytganlar hibsga olingani ham haqiqat. Ammo biz masalaning yanada ijobiy tomonga o‘zgarishini kutyapmiz. Chunki Turkiya Amerika emas, Turkiya O‘zbekistonga juda ham yaqin, bu yerda minglab o‘zbeklar bor, eski muhojirlar, yangilari. Madaniyatimiz, tilimiz, dinimiz bir. Shuning uchun biz Amerikadagidek emas, Turkiyada tamomila boshqacha munosabat bo‘lishini kutyapmiz. Biz O‘zbekistonning Turkiya bilan munosabatlariga bu yerdagi muhojirlar o‘z hissasini qo‘shishini istaymiz, to‘siq yoki muammolar yaratishini emas”, - deydi Normo‘min.
O‘zbekiston matbuoti Shavkat Mirziyoyevning 25-27-oktyabr kunlari Turkiyada bo‘lishi haqida Turkiya tomonidagi manbalarga asoslanib yozmoqda. Turkiya iqtisodiyot vazirligi 26 oktyabr kuni Istanbulda turk-o‘zbek biznes forumi o‘tishi, unda prezident Mirziyoyev ishtirok etishi haqida xabar tarqatgan. Ammo hozircha rasmiy Toshkent tomonidan prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rejalanayotgan safari haqida biror xabar tarqatilganicha yo‘q.
Facebook Forum