O‘zbekiston-Turkiya aloqalari tiklanishi turkiy davlatlar intergratsiyasi jonlanishiga turtki berishi mumkin. “Turkiya tomoni Turkiyzabon davlatlar hamkorligi kengashi va uning vakolatli organlariga O‘zbekiston Respublikasini kengroq jalb qilish istagini bildirdi hamda O‘zbekiston tomonining tashkilot faoliyatiga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan qarshi oldi“, deyiladi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan imzolangan qo‘shma bayonotda.
O‘zbekiston turkiy tilli davlatlar tuzilmalaridagi faoliyatini 90-yillar o‘rtalarida to‘xatatgan edi. Ikki yirik turkiy davlatlar o‘rtasida Anqarada o‘tgan muzokaralar turkiy davlatlar intergatsiyasi bo‘yicha munozaralarni yana jonlantirgan.
Ikki rahbar imzolagan qo‘shma bayonotga ko‘ra, muzokaralarda O‘zbekistonni Turk davlatlari kengashiga, turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi tuzilmalarga qo‘shishlishi haqida gaplashilgan. Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tomonidan bildirilgan qiziqish Turkiyada mamnuniyat uyg‘otgan.
O‘zbekiston hozirgacha turkiy davlatlar o‘rtasidagi har qanday tuzilmalar, tashkilotlar va hamkorliklardan chetda turgan yagona turkiy davlat bo‘lib qolmoqda. Mintaqada o‘z neytralligini e’lon qilgan Turkmaniston ham Turk davlatlari kengashining 2014-yil Turkiyada o‘tgan sammitida qatnashgan va kengashga qo‘shilishini ma’lum qilgan edi.
Mirziyoyevning Turkiyaga safari shu kungacha bo'lgan pozitsiyada o‘zgarishlar qilishi haqida gapirishga hali erta. Tashrifni bevosita Turkiyada kuzatgan o‘zbek faollari muzokaralarning samimiyligiga diqqat qaratishmoqda.
O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihga ko‘ra, tashrif, avvalo, imzolangan shartnomalar bilan emas, ikki o‘rtadagi aloqalar tiklanayotgani bilan ahamiyatli. Ayniqsa, marhum Karimov davrida O‘zbekiston turk dunyosi birligi bo‘yicha barcha jarayonlardan chetlatilgani inobatga olinsa.
“Ikki tomon ham mamnunlik bildirmoqda. Toyyib Erdog‘an yuksak ohangda tashrifni tarixiy baholadi. Ehtimol bu qadar emasdir, ammo so‘nggi 20 yillik tarixni, Karimovning turk dunyosiga qilgan yomonliklarini inobatga olsak, haqiqatda tarixiy uchrashuvga arzigulik. Imzolangan shartnomalar ham muhim, ammo asosiysi bu emas. Asosiysi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ko‘prik qurildi. Hozirgacha turk davlatlar integratsiyasidagi asosiy to‘siq Karimovning aksilturk siyosati bo‘lib keldi. Umid qilamizki, endi bu siyosat so‘ngiga keldi, yangi bir siyosat shakillandi, deb umid qilyapmiz”, - deydi Muhammad Solih.
Turkiy tilli davlatlar sammiti 90-yillar boshidan o‘tkazib kelinadi, 2009-yilda Ozarboyjonda o‘tgan sammitda Turk davlatlari kengashi, uning kotibiyatini tashkil etish haqida qaror qabul qilindi.
Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarboyjon to‘liq a’zo, Turkmaniston kuzatuvchi maqomida qolayotgan Turk davlatlari kengashi doirasida hozirgacha bir nechta sammit o‘tgan. Tashkilotning so‘nggi beshinchi yig‘ilishi ikki yil avval Ostonada o‘tdi. Turk davlatlari kengashining 2016-yilda Qirg‘izistonda rejalangan oltinchi sammiti esa tashkiliy sabablar bois noma’lum muddatga qoldirildi.
Shunday vaziyatda O‘zbekistonni turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilishi zaiflashib borayotgan tuzilmani faollashtirishi aniq. O‘zbekiston turkiy intergratsiyada nafaqat ikkinchi yirik turkiy tilli mamlakat ekanligi, balki tarixan Turkiston birligi g‘oyasi vatani bo‘lib kelayotgani, mintaqa davlatlarini tutashtiruvchi markazda joylashgani uchun ham ahamiyatli.
“Turk dunyosining ikki muhim liderlari qilgan bayonotlarga ishonamiz, agar turk dunyosining shu ikki davlati biz bu yerdamiz deb o‘rtaga chiqsa, qolgan davlatlar ham ularga ergashadigan alfozda turishibdi. Albatta, bayonotlar so‘zda emas, amalda isbotlanishi kerak, ya’ni Turkiya va O‘zbekiston bu ishga qaror qilishsa, qolganlar ergashadi. O‘zbekiston nufuz, jo'g'rofiy, madaniy, tarixiy jihatdan ham Turkistonning markazi bo‘lib kelgan”, - deydi Muhammad Solih.
Turkiyada yashayotgan o‘zbek ziyolilaridan yana biri, yozuvchi Sobir Sayhonga ko‘ra, Mirziyoyevning tashrifi turk dunyosidagi ma’naviy birlikni ifoda etadi; iqtisodiy, jo'g‘rofiy ma’nodagi turk birligi integratsiyasini emas.
“Ba’zilar moliyaviy, siyosiy hatto askariy ittifoq haqida ham gapirishyapti. Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida abadiy do‘stlik bitimi imzolangan, shu ma’noda aloqalar to‘xtab qolgan emas. Ammo bugungi tashrif turk dunyosidagi katta ma’naviy yutuq bo‘ldi. Albatta, bu ma’naviy yutuq ittifoqqa ham ta'sir ko‘rsatadi. Ammo mening shaxsiy fikrim, (O‘zbekiston) turk birligi maydoniga kirishini men taxmin qilmayman. Tuproq emas, fikr birligi bo‘lsa shuning o‘zi yetadi. Bugungi dunyodagi siyosiy vaziyat ham bunday birlikka imkoniyat bermaydi. Turk olami birligi tuproq birligi emas. Mening tushunchamda, bu, avvalo, fikr birligi. Bunga erishilgan taqdirda, shuning o`zi ittifoq bo’ladi”, - deydi yozuvchi.
Turk davlatlari kengashini 2016-yilda Qirg‘izistonda rejalangan sammitining noma’lum muddatga qoldirilgani Turkiya va Rossiya o‘rtasida o‘sha paytda avj olgan ziddiyatga bog‘liq ko‘rildi.
Turkiya, ayniqsa, mintaqa davlatlari mustaqilligining dastlabki yilllarida Markaziy Osiyodagi geosiyosiy kuchlardan biri sifatida ko‘rilayotgan edi, ammo keyinchalik O‘zbekiston bilan munosabatlar ziddiyatlashishi, Turkiyaning o‘zida turli muammolar boshlanishi ortidan rasmiy Anqaraning asosiy diqqati Yaqin Sharqqa qaratildi. Shuningdek, turli siyosiy qutblarga tortilgan Markaziy Osiyo uchun ham turkiy davlatlar integratsiyasi o‘z dolzarbligini yo‘qota boshladi. So‘nggi bor Ostonada o‘tkazilgan Turk davlatlari kengashining navbatdagi sammiti qachon o‘tishi hamon aniqlashtirilmagan.
Facebook Forum