O‘zbekiston va Turkiya strategik hamkorlik bitimiga erishish niyatida. Bu haqda Rajab Toyib Erdog'an bilan Anqarada muzokara o‘tkazgan Shavkat Mirziyoyev bayonot berdi.
Prezidentlar o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma bayonot imzolashgan. Turkiya prezidenti O‘zbekiston rahbarining qariyb 20 yillik tanaffusdan so‘ng kuzatilayotgan davlat tashrifini tarixiy deb baholagan. Mirziyoyev esa Turkiya uchun O‘zbekiston eshiklari biror to‘siqlarsiz ochilishiga ishora qilgan.
Mirziyoyev va Erdog‘an siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, mudofaa, turizm sohasidagi hamkorliklar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi masalalar yuzasidan muzokara yuritishgan. Qo‘shma bayonot imzolangan.
Anqaradagi uchrashuvlar yakunida prezidentlar matbuot anjumani o'tkazib, aloqalarning yangi bosqichga chiqayotgani haqida ta’kidlashdi.
“Muzokaralar yakunida keng ko‘lamli hamkorligimizni yangi, eng katta, strategik bosqichga ko‘tarish uchun zamin yaratgan qo‘shma bayonot imzolandi. Bu aloqalarimiz tarixida birinchi marta mana shunday yo‘nalish, shunday zamin yaratish”, - dedi Mirziyoyev Anqaradagi chiqishida.
U nutqida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 21 ta hujjat imzolangani, shuningdek, Istanbulda kutilayotgan o‘zbek-turk biznes forumida 3,5 milliard dollarlik shartnomalar imzolanishini aytdi.
Mirziyoyevga ko'ra, o‘zaro savdo aylanmasini amaldagi 2 milliarddan 4-5 milliard dollarga ko‘tarish imkoniyati bor. O‘zbekistonda turk ishbilarmonlari uchun viza tartibi yengillashtirilgan, vizadan butunlay voz kechish rejasi ham bor.
Toyib Erdog‘an O‘zbekiston rahbarining qariyb 20 yillik tanaffusdan so‘ng Turkiyaga rasmiy safar bilan kelganini tarixiy ahamiyatga ega hodisa sifatida baholab, O‘zbekiston rahbariyatining hamkorlikni rivojlantirish uchun ko‘rsatayotgan irodasini olqishladi. Turkiya barcha sohalarda O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga, tajriba almashishga tayyor, dedi Erdog'an.
Turkiya rahbari Anqara kuchli, taraqqiy topgan O‘zbekistonni ko‘rishdan manfaatdorligini alohida ta’kidlar ekan, marhum shoir Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” she’ridan satrlar o‘qib berdi.
Mirziyoyev Turkiya parlamentiga ham tashrif buyurib, Buyuk millat majlisi raisi Ismoil Qahramon bilan uchrashdi, turk parlamenti faoliyati bilan tanishdi.
Bugun Istanbulda turk va o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida biznes forum o‘tmoqda. Turkiya tomoni O‘zbekiston iqtisodiga yirik sarmoyalar yotqizishni rejalayotgani haqida ma’lumotlar bor.
Sharhlovchilar fikricha, hokimiyat almashishi va iqtisodiy islohotlar o‘tkazilishi ortidan O‘zbekistonda yana Turkiya sarmoyasining ishtiroki o‘sishi mumkin.
So‘nggi bir yilda turk va o‘zbek ishbilarmonlari o‘rtasida bir necha bor biznes forumlar o‘tkazilgan. Bir paytlar O‘zbekistonda biznes qilgan va keyinchalik o‘z biznesini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan ayrim yirik tadbirkorlar qayta boshlagan.
Shu yil boshida O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligidan iborat delegatsiya Turkiyaga kelgan, Prezident Toyib Erdog‘an tomonidan qabul qilingan va bir milliard dollarga yaqin shartnomalar imzolab qaytgan edi.
Turkiyadagi o‘zbeklar jamoasi Mirziyoyevning davlat tashrifi davomida Turkiyadagi o‘zbeklar bilan uchrashuv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishgan edi. Ammo Mirziyoyev vatandoshlar yoki biror nodavlat tashkilot vakillari bilan uchrashuv rejalagani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Facebook Forum