Breaking News

Markaziy Osiyo o'z muammolarini tashqi kuchlar ishtirokisiz hal qila oladimi?


(Chapdan) Tojikiston, O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlari
(Chapdan) Tojikiston, O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlari

Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari yaqin orada O’zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishi kutilmoqda. Turkmaniston bilan aloqalarni yangi bosqichga ko’tarish muhokama qilinsa, Emomali Rahmon tashrifi davomida Tojikiston bilan strategik sheriklik bitimi imzolanishi mumkin.

Markaziy Osiyo: muammolar va imkoniyatlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:51 0:00

Markaziy Osiyoda navbatdagi strategik hamkorlik qaror topayotgani ziddiyatlar davri ortda qolib, mintaqaviy birlikka intilish boshlanganidan darakdek. Ammo mintaqa davlatlari birligini cho’pchakka qiyoslash, mintaqani faqat tashqi kuch birlashtirishi mumkinligi haqidagi qarashlar hamon mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga qilgan safari davomida Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatga to’xtab o’tgan. Deyarli barcha qo’shni davlatlar bilan aloqada iliqlik boshlanganini qayd etgan prezident, keyingi hafta davlat tashrifi bilan Toshkentga kelayotgan Turkmaniston prezidenti bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash haqida muzokara qilishini aytgan.

Mirziyoyevga ko’ra, O’zbekistonning qo’shnilar bilan munosabatlariga oydinlik kiritilgan, jumladan, Tojikiston, Qirg’iziston bilan ancha-muncha masalalar ochiq muhokama qilingan. Qozog’iston bilan aloqalarni iliq baholagan Mirziyoyev Prezident Nursulton Nazarboyev bilan aka-ukaligi, uni o’ziga ustoz sifatida ko’rishini aytgan.

Turkmaniston va Tojikiston prezidentlarining O’zbekistonga tashrifi Mirziyoyevning bu davlatlarga qilgan rasmiy safariga javoban kutilmoqda. Mirziyoyev prezidentlikka kelishi ortidan ilk rasmiy safarini Turkmanistondan boshlagan edi, Tojikistonga davlat tashrifini esa mart oyida amalga oshirdi.

O’zbekistonning Turkmaniston bilan aloqalari marhum prezident Islom Karimov davrida ham keskinlikdan xoli edi. Mirziyoyev hozirgacha Qurbonguli Bedimuhammedov bilan bir necha bor uchrashdi; ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko’tarish va’dalari bilan kuzatilgan bu uchrashuvlar ilk bor Turkmanistondagi o’zbeklar masalasi ko’tarilishi bilan yodda qoldi.

Turkmanistondan farqli o'laroq, Tojikiston bilan aloqalar uzoq yillar o’ta ziddiyatli bo'ldi; shu yil mart oyida Mirziyoyevning Tojikistonga qilgan davlat tashrifi bu ziddiyatlarni deyarli yo’qqa chiqardi. Tojikistonda jiddiy voqelikka aylangan bu tashrif natijasida vizali tizim bekor qilindi, ikki xalq o’rtasidagi bordi-keldi tiklandi, uzib qo’yilgan transport qatnovlari qayta yo’lga qo’yildi, ziddiyatning asosiy o’chog’i bo’lgan Rog’un GESi masalasi muhokama qilindi.

Mirziyoyev Dushanbeda muzokaralar o’tkazishi ortidan ikki o’rtada dolzarb bo’lib turgan barcha muammolar muhokama qilingani, tushunmovchilik qolmagani haqida bayonot berdi.

Tojikiston parlamenti rahbari Shukurjon Zuhurovning matbuotdagi intervyusiga ko’ra, ayni paytda mamlakat qonunchilari O’zbekiston va Tojikiston o’rtasidagi strategik sheriklik bitimi ustida ishlayapti. Bu hujjat Emomali Rahmonning O’zbekistonga kutilayotgan safari davomida imzolanadi.

O’zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik haqida bitim imzolashi mintaqaning o’zaro ziddiyatda bo’lgan ikki davlati o’rtasida shubha tarqagani, mintaqaviy hamkorlikdagi yangi imkoniyatlarga yo'l ochilganidan darak beradi.

Tojikiston matbuotida ikki o’rtadagi hamkorlik istiqbollari haqida tojikistonlik va o’zbekistonlik siyosatshunoslar maqolasi chop etilgan.

Unda ta’kidlanishicha, Toshkent-Dushanbe o’rtasida iliqlik boshlanishi mintaqaviy integratsiya uchun muhim ko’rsatkich, fors tilli Tojikiston Markaziy Osiyoning to’rt turkiy tilli davlatlari bilan birlashmaydi degan afsonali qarashlarni yo’qqa chiqaradi.

Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida birlik ehtimolini afsona sifatida baholashlar esa bor, ayniqsa, rossiyalik ekspertlar tomonidan.

Rossiyalik sharqshunos olim, mintaqa bo’yicha taniqli ekspert Aleksandr Knyazev “Sputnik” nashridagi tahlilida so’nggi paytda Markaziy Osiyo birlashayotgani haqidagi qarashlarga nisbatan aynan shunday munosabat bildiradi.

“Tashqi siyosatdagi "Mirziyoyev taktikasi" "Karimov taktikasi”dan faqat siyosiylashuv darajasi pastligi hamda asosiy urg‘ular iqtisodiy ta’sirlar targ‘ibotiga qaratilgani bilan farq qiladi. Markaziy Osiyoning birligi, madaniyati va umumiy tarixi haqidagi gap-so‘zlar afsona bo‘lib, zamonaviy axborot olami bunga to‘lib-toshgan. O‘tgan davrda mintaqa davlatlari yagona davlat tuzilmalari doirasida faqat kuch orqali birlashgan”, - deyiladi bu maqolada.

Tojikiston matbuotidagi mintaqaviy hamkorlikka doir maqola mualliflaridan biri, o’zbekistonlik siyosatshunos Farxod Tolipovning aytishicha, Rossiyadagi ayrim ekspertlar Markaziy Osiyoga nisbatan imperiyacha qarashdan hamon voz kechmagan; ular nazarida Markaziy Osiyo mustaqil tarzda integratsiyalashish layoqatiga ega emas.

“Bu doiradagi fikrlarning umumiy bir pozitsiyasi Markaziy Osiyoda yana integratsiya to’lqinlari boshlangani, birlashish alomatlari sezilayotgani va bu jarayonning Rossiya ishtirokisiz o’tayotganidan iborat. Boshqa bir guruh ekspertlar esa hatto Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy birlikni Rossiyasiz amalga oshira olishmaydi, degan fikrlarni ham aytishmoqda. Bu kabi bayonotlar juda qaltis. Agar Markaziy Osiyoda integratsiyaga, birlikka harakat boshlandi deb qaragan taqdirimizda ham nima uchun bu jarayon Rossiya ishtirokida o’tishi kerak? Qanday dalillarga ko’ra mintaqa davlatlari Rossiyasiz o’z ittifoqini amalga oshira olmas ekan? Bu savollarga javob yo’q. Men so’nggi paytda Rossiyadagi ayrim nashrlarni kuzatib shunday xulosaga keldimki, ularda sobiq ittifoq hududiga, Markaziy Osiyoga nisbatan qarash hamon eskicha, ularning o’zlari avvalo shunday qarashlardan qutulishi kerak”, - deydi Tolipov.

Ostonada Markaziy Osiyo prezidentlari ilk bor sammitga yig’ilishi, mavjud muammolarni uchinchi tomonsiz hal etishlari haqida bayonot qilishlari ortidan Rossiyaning ishtirokisiz mintaqaviy birlashuv bo’lmasligi haqidagi talqinlar kuchaydi.

Markaziy Osiyo uchun hozirgacha asosiy ziddiyat suvdan foydalanish bo`lib kelgan. Mintaqada aloqalar iliqlashishi ortidan bu muammo hamkorlikda yechilayotgani kuzatiladi. Ammo so’nggi xabarlarga tayanilsa, mintaqa davlatlari o'rtasida suvdan foydalanish bo'yicha iyun oyida Tojikistonda o'tishi rejalangan muhokamaga Dushanbe Rossiyani ham taklif etgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG