Breaking News

O’zbekistonda Davlat xavfsizlik xizmati haqidagi qonun kuchga kirdi


Toshkent
Toshkent

Prezident tomonidan 6-aprel kuni imzolangan “Davlat xavfsizlik xizmati to’g’risida”gi qonun 25 yil davomida hadsiz vakolatga egalik qilgan xavfsizlik xizmatini qonun doirasiga soladi. Lekin tizim deyarli barcha vakolatlarini saqlab qolgan.

DXX MXXdan nimasi bilan farq qiladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:17 0:00

Yangi qonunga ko’ra, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) faqat va bevosita prezidentga bo’ysunadi, faoliyati haqida parlament xavfsizlik qo’mitasini xabardor qilib turadi, shuningdek, DXX harbiylari xizmat davrida daxlsizlik maqomiga ega, faqat prokuratura roziligi bilan amalga oshgan hibslar bundan mustasno.

DXXga berilgan vakolatlar sobiq Milliy xavfsizlik xizmati vakolatlaridan kam farq qiladi. Qonun matbuotda e’lon qilingan kun, 6-apreldan kuchga kirdi.

DXXning asosiy vazifalari:

- O’zbekiston konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo’lgan tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo’yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish;

- davlat chegarasini qo’riqlash va himoya qilish;

- terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog’, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;
davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, etnik va diniy adovatni targ’ib etishga qaratilgan buzg’unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish;

- davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlariga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi korruptsiya holatlariga qarshi kurashish;
davlat xavfsizlik xizmati vakolatiga kiritilgan jinoyat ishlari bo’yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni o’tkazish, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;

- davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish.

Qonun, yuqorida qayd etilganidek, DXX harbiy xizmatchilari daxlsizligini kafolatlaydi, ya'ni ular prokuratura ruxsatisiz ushlab turilishi, hibs qilinishi, javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev
O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev

O’zbekiston xavfsizligini himoya qilish, qonunda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, korrupsiya kabi aniq tahdidlar misolida ko’rsatilgan, davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, diniy, etnik adovatni targ’ib etuvchi buzg’unchilik faoliyati nimalarni nazarda tutishini esa DXX raisi Ixtiyor Abdullayev yaqinda parlamentdagi chiqishida sanab o’tgan edi.

Bu bayonotda O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan, Karimov davrida esa quvg`inga uchragan “Birlik", "Erk" kabi siyosiy guruh va partiyalar mamlakat xavfsizligiga tahdid deb ko'riladi.

Qonun, tabiiyki, muxolif jamoatchilik tomonidan keskin tanqid bilan kutib olindi.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan faollaridan biri, yozuvchi Safar Bekjon nazarida DXX to’g’risidagi qonun Prezident devonining bosimi ostida qabul qilingan.

“Bu vakolatlar ifodalangan qonun loyihasi DXXning o’zida ishlab chiqilgan. Keyin prezident apparatiga yetkazilgan va Oliy Majlisga tushirilgan. Oliy Majlis bu qonunni ishlab chiqmagan. Buning ustiga u yerda o’tirgan, haqiqatda o’zgarishlar tarafdori bo’lgan ayrim deputatlarning fikri mutlaqo inobatga olinmagan. Ayniqsa, DXX raisi parlamentda muxolifatni tahdidga qiyoslab bayonot qilishidan so’ng, hukumat yoki Oliy Majlis biror izoh berishi kerak edi, lekin hech qanday izoh kuzatilmadi, aksincha qonun loyihasi biror o’zgarishsiz tasdiqlandi”, - deydi yozuvchi.

Bekjon fikricha, DXX raisining jamoatchilikda keskin tanqidga uchrashidan so’ng imzolangan qonun Prezident Mirziyoyevning DXX bayonotiga qanday munosabatda ekanidan darak beradi.

“Nafaqat jamoatchilik DXX rahbariga tanbeh berilishni talab qildi, mendagi ma’lumotlarga ko’ra, hatto parlamentda ham ayrim guruhlar bu masalani ko’tarishgan. Shavkat Mirziyoyev bu borada nafaqat jamoatchilikni, balki parlamentdagi fikrlarni ham eshitmayapti. Demak, Ixtiyor Abdullayevni qo’llab quvvatlaydi. Ixtiyor Abdullayev dushmanlarni e’lon qilishidan avval Mirziyoyevdan so’ragan, men “Birlik”ni, “Erk”ni dushman sifatida e’lon qilaymi, deb, roziligini olganidan so’ng, bu ishni qilgan”, - deya mulohazar bildiradi Safar Bekjon.

Faoliyatini O`zbekistonda davom ettirish istagida yurgan xorijdagi muxolifatchilardan biri Namoz Normo’min DXX haqidagi qonunda tashkilot faqat prezidentga bo’ysunuvchi organ sifatida belgilanganini xavotirli ishora, deb baholaydi.

“Qonunga ko’ra, Davlat xavfsizlik xizmati bevosita prezidentga bo’ysinadi. Bu yaxshi oqibatalarga olib kelmasligi mumkin. Chunki, mustaqillikdan keyingi birinchi sessiyada Islom Karimov ham aynan shu ishni qilgan edi, ya’ni MXXni faqat o’ziga bo’ysundirdi, keyin hammasi diktaturaga aylanib ketdi. Shuning uchun ham DXX butunlay prezident itoatida bo’lmasligi kerak. Bu yerda parlament ham sherik bo’lishi kerak, doimiy nazorat qilishi kerak. Shu orqali DXX faoliyatini nazorati yuzasidan muvozanat ta’minlanishi kerak. Prokuratura ham prezidentga bo’ysunadi. Bevosita prezident itoatidagi boshqa bir tashkilot DXX faoliyatini tizginlay olmaydi. Bu yerda faqat parlamentga va sud hokimiyatiga alohida vakolatlar berilishi kerak”, - deydi Namoz Normo’min.

DXX shu yilning mart oyida MXX o’rnida tashkil qilindi. Uning yangi rahbari Ixtiyor Abdullayev MXXga uzoq yillik rahbar qilgan Rustam Inoyatov iste’fosidan so’ng bu lavozimga keldi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG