Breaking News

Qochqinlikda yurganlar O'zbekistonga qaytyaptimi?


O’zbekiston hukumati xorijda qochqinlikda yurgan fuqarolarni vatanga qaytishga chaqirmoqda. Avvalroq mamlakatda 18 mingga yaqin “qora ro’yxat”dagi dindorlar oqlangani e’lon qilingan edi. Diniy tazyiqlar bois chiqib ketganlar mamlakatga qaytgan taqdirda erkinlik, ish, ijtimoiy himoya kafolati berilmoqda. Ammo hokimiyatning bu va’dalariga ishonayotganlar kam. Dindorlar orasida maxsus xizmatlar, huquq-tartibot organlaridan hadik hamon kuchli, o’zgarishlar haqiqiyligi esa shubha ostida.

Xorijdagi o'zbekistonliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:09 0:00

Samarqand hokimiyatida bo’lib o’tgan yig’ilishda viloyat hokimi Turob Jo’rayev qarindoshlari xorijda qochqinlikda yurgan aholiga murojaat qilgan.

“... hammasining vatanga qaytish istagi bor. Lekin hammasining yuragida "borsam, qamab qo‘yishadi" degan qo‘rquv bor. Azizlar, farzandlaringizga ayting, hammasi qaytishsin, bittasi ham qamalmaydi, ularni kechiramiz. Ularning qamalmasligiga mana men kafilman!” - deb iqtibos keltiradi “Xabar.uz” nashri viloyat hokimining aholiga qilgan murojaatidan.

Hokimiyat yig’ilishi haqidagi ma’lumotlarga ko’ra, viloyatdagi 1800 nafarga yaqin “qora ro’yxat”dagi gumondorlar prezident tomonidan e’lon qilingan afvdan so’ng ro’yxatdan chiqarilgan. Ularning muammolari o’rganilib, ayrimlari ish bilan, ayrimlari ijtimoiy yordam, hatto ayrimlari dam olish sihatgohlariga bepul yo’llanma bilan ham ta’minlangan.

Mahalliy matbuotda yoritilgan bu xabarda qora ro’yxatdan chiqarilgan “adashgan” dindorlar kimligi, ular qanday diniy guruhlarga mansubligi, qanday shartlarga ko’ra ro’yxatdan o’chirilgani aniq aytilmagan. Ammo mamlakat bo’ylab 18 mingga yaqin shunday “adashgan” fuqarolar ro’yxatdan chiqarilgani, ular orasida diniy sabablar bois qidiruvga berilgan, xorijda qochqinlikda yurgan o’zbekistonliklar ham borligi aytiladi.

Bu O’zbekiston rahbariyati tomonidan qochqinlikdagi fuqarolarni ortga qaytarish uchun qilinayotgan birinchi tashabbus emas. Bunday harakat hokimiyat almashishi ortidan, prezident Mirziyoyevning diniy jamoatchilik vakillari bilan o’tgan uchrashuvda “adashgan” dindorlarni jamiyatga qo’shish, ularning aksariyati adolatsiz sudlov qurboni bo’lgani haqidagi chaqirig’idan so’ng boshlangan edi.

O’tgan bir yil ichida xorijda yurgan qochqinlarning qanchasi mamlakatga qaytgani noma’lum, bu borada biror rasmiy statistika mavjud emas.
Biroq prezidentning shunday chaqiriqlaridan ilhomlangan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon Turkiyadan mamlakatga qaytgach, aeroportda hibsga olingan edi. Bu voqea hokimiyatning dindorlar afv etilishi haqidagi va’dalariga jiddiy zarba yetkazdi. Bir necha kun hibsda ushlangan yozuvchi qora ro’yxatdan o’chirilganiga qaramasdan, diniy ekstremizmda gumonlanish aybi bilan shartli ravishda ozodlikka chiqarildi.

O’zbekistonda diniy ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan Farhod bir necha yildan buyon xorijda yashaydi. U qora ro’yxatdan o’chirilmagan, ammo hokimiyatdagilar bu yigitning ota-onasi bilan suhbat o’tkazishgan, o’g’lini ortga qaytarishni so’rashgan, xavfsizligi ta’minlanishi va’da qilingan.

Ammo uning o’zi bu gaplarga ishonmaydi.

“Men shu qora ro’yxatdagi odam edim, lekin o’chirilganlar ro’yxatida men yo’qman. Hozirgi paytda O’zbekistonga qaytishni o’zim uchun xavfsiz deb o’ylamayman. Chunki O’zbekistonga borib odam o’zini xavfsiz sezishi uchun hali juda ko’p o’zgarishlar bo’lishi kerak. Menga nisbatan chiqarilgan qidiruvda 159, 244-moddalar qo’llangan, ya’ni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, diniy ekstremizmni targ’ib qilish. Keyinchalik esa yana “Hizbut tahrir” a’zoligida ayblashdi. Men bu ayblovlarning hammasini inkor etaman, chunki men diniy emas, ko’proq dunyoviy odamman, aybim faqat erkin fikrlashim, o’z fikrlarimni ochiq aytganim bo’lgan”, - deydi O’zbekistondagi diniy tazyiqlar bois xorijda qochqinlikda yurishga majbur qolganini aytgan bu yigit.

O’zbekiston muqaddam diniy e’tiqod erkinligi keskin cheklangan davlatlar ro’yxatida bo’lib kelgan, mamlakatda diniy motivlar bilan qamalgan mahkumlar soni 15 mingdan oshiq ekani aytiladi. Ularning aksariyati terrorchi ekstremistlar emas, e’tiqod erkinligi qurbonlari, vijdon tutqunlari sifatida ko’riladi.

Chorak asrlik hukmdor Islom Karimovning o’limidan so’ng mamlakatda hokimiyat almashdi, yangi prezident Shavkat Mirziyoyev aksariyat diniy mahbuslar adolatsiz sudlov qurboni bo’lganini e’tirof etgan, ammo yangi hokimiyat dindorlarni adashganlar va adashmaganlar toifasiga bo’layotgani kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG