Muxolifatchi Muhammad Solih O'zbekistonga qaytsin, deya qilinayotgan murojaat tashabbuschisi yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurullo Otaxon) nazarida o'zbek jamiyatidagi tarqoqlikka barham berish fursati yetgan. Muxoliflar ham, muxolifat ham vatan dushmani emas, shu vatanning bir qismidir, deydi u.
Chorak asrdan buyon Turkiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan Muhammad Solihni vatanga qaytarish tashabbusi o'zbek ziyolilari tomonidan quvvatlanmoqda. Murojaatga qator adiblar imzo chekishgan.
Nurulloh Muhammad Raufxonga ko'ra, Prezident Mirziyoyevning islohotlari mudroqlikdagi o'zbek ziyolilari uyg'onishiga ham turtki bermoqda, ammo jarayon oson kechayotgani yo'q.
Turkiyadagi muhojirlikdan vatanga qaytishi ortidan hibs qilingan. Keyinroq shartli ozod qilingan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon bugun ham o'zbek jamiyatida kechayotgan o'zgarishlarni bevosita kuzatib, jarayonlarga o'z munosabatini muntazam bildirib kelayotgan ziyolilardan biri.
Murojaat imzo yig'ish yakunlanishi ortidan O'zbekiston prezidentiga yo'llanadi.
Nurulloh Muhammad Raufxon deydiki, bu murojaatning asl mohiyati o'zbek jamiyatidagi tarqoqlikka barham berish, mustaqil qarashdagi ziyolilar, muxolifatchilar davlat dushmani emas, shu vatanning, shu jamiyatning bir qismi ekanligini hokimiyatga ham, jamoatchilikka ham yetkazishdan iborat.
"Bu ijodkorlarning maktubida gap xosiyatan Muhammad Solih haqida ketayotgan bo'lsa-da, lekin davlatimizga, siyosatimizga qaratilgan umumiy chaqiriq, muhojirotda yurgan barchaga nisbatan munosabat o'zgarish kerakligi haqida. Eskicha qarashlar zamoni o'tdi, qaytadan ko'rib chiqaylik, tuhmatlar davri o'tdi. Mana hozir ham, murojaat yuzasidan bildirilayotgan ayrim izohlarga qarasangiz, avvalgi targ'ibot ta'siri hamon davom etayotganiligini ko'rasiz. Bu sarsongarchiliklardan, o'zaro qarama qarshilikdan hech kimga foyda yo'q endi. Ziyolilarning niyati endi ahil, inoqlik bo'lsin deyilyapti. Men bu haqda maqola ham yozganman. Jamiyat ahil bo`lishi uchun tarqoqlikka, ziddiyatga barham berish kerak, deb. Afsuski, kim muxolifat bo'lsa, tazyiqlardan qochib tashaqariga chiqib ketgan bo'sa vatan xoini degan qarash hozir ham bor, jamoatchilik bunday qarashlardan qutilishi kerak", - deydi yozuvchi.
O'zbekiston xalq shoirlari Shukrullo, Jamol Kamol, Halima Xudoyberdiyeva, jamoatchilikka tanilgan bir qator adiblar, shoirlar, jurnalistlar, shuningdek oddiy odamlar tomonidan imzolanayotgan bu murojaatda asosan shoir Muhammad Solihning o'zbek adabiyotidagi o'rniga diqqat qaratiladi. Ammo Muhammad Solih sal kam chorak asr sobiq tuzum va hokimiyatga muxolifatda bo`lgan jamoatchilikka yetakchilik qilib keldi. Shoirga ko'rsatilgan tazyiq, tahdid, mamlakatda unga nisbatan ochilgan jinoiy ish ham uning muxolifatdagi faoliyati bilan bog'liq.
Murojaat tashabbuskori Nurulloh Muhammad Raufxonga ko'ra, ijodkorlar uchun avvalo Muhammad Solihning shoir sifatidagi shaxsiyati muhim, ammo uning jamoatchilik miqyosidagi, shu jumladan, muxolifatdagi faoliyati ham vatanga xizmat qilishdan iborat bo'lgan:
"Murojaatda u ijodkor sifatida, buyuk shoir sifatida tilga olingan, siyosatchiligi ikkinchi masala deyilgan. Lekin biz istaymizmi yo'qmi, davr taqozosiga ko'ra, Muhammad Solihning ikki jihati bor, ya'ni u faqatgina shoirdan iborat emas, muxolif siyosatchi sifatida ham gavdalanadi, bu haqiqat. Shoir sifatida chaqirilgan taqdirda ham baribir uning muxolifligi ham o'zida qoladi. Lekin biz diqqat qilaylik, shoir 70 ga kirdi, bu ulug' bir yosh. U siyosatga kirishgan 1990-yillar hammani ko'z o'ngida bo'lgan. Yonma-yon turganmiz va bu faqat yaxshi niyatda qilingan ishlar edi. Ziyolilar aralashmasa bo'lmas edi, u paytda siyosatga. Ammo shunday davr ediki, vatan mustaqilligi uchun ziyolilar o'rtaga otilib chiqdi. Shunda davr taqozosi bilan Muhammad Solih ham siyosiy bir lider bo`lib o'rtaga chiqdi. Uning niyatida hech qachon yomonlik bo'lmagan. Ammo Muhammad Solihni yomonotliq qilish, tuhmat bilan nomini siqib chiqarish harakatlari bo'ldi. Ammo bugun davr boshqa, biz nafaqat Muhammad Solihga , balki barcha muxoliflarga nisbatan qarashlar o'zgarishi kerak, deb hisoblaymiz. Qolaversa, davrning o`zi bugun shuni taqozo etyapti, Prezident jamiyatni yangilamoqchi, toza fikr kerak", - deydi yozuvchi.
Nurulloh Muhammad Raufxon O'zbekistonda hokimiyat almashishidan so'ng, Prezident Mirziyoyevning "qora ro'yxat" dagilarni oqlash va'dasiga ko'ra vatanga qaytgan kam sonli faollardan. Vatanga qaytguncha Turkiyada muhojirlikda yashagan yozuvchining "Bu kunlar" romani jamoatchilikda katta qiziqish uyg'otgan, ammo O'zbekiston hukumati tomonidan ekstremistik adabiyot sifatida topilgan edi.
Karimov davridagi tuzum keskin tanqid qilingan bu roman muallifi tahdidlarga qaramasdan Mirziyoyev chaqiriqlaridan ilhomlanib vatanga qaytgach, aeroportda hibs qilindi va bir necha kun davom etgan tergov surishtiruvlardan so'ng shartli ravishda ozod qilingan edi. Bu hibs, shuningdek yozuvchiga qo'yilgan ekstremizm ayblovi bekor qilinmagani vatanga qaytish ishtiyoqidagi ko'plab muxoliflarni hushyor tortdirdi.
Yozuvchiga ko'ra, bugun hokimiyat ham, jamoatchilik ham muxoliflarni qabul qilishga tayyor deyish biroz qiyinroq.
"Albatta, ijobiylik tomon keskin o'zgarishlar qiyin kechadi. Lekin jamiyat bunga tayyor bo'lyapti. Mana shu tashabbus misolida ham avval indamay yurganlar imzo chekishyapti, o'z fikrlarini bildirishyapti. Shundan bilyapmizki, jamiyatning katta qismida muxolifatga nisbatan qarash shakillanmoqda. Hokimiyat masalasida, hali eski siyosat, elitadan to'la qutilganicha yo'q, qarama qarshiliklar bo'lishi mumkin. Bundan birdaniga natija kutish qiyin, ya'ni bu ijodkorlar murojaat qildi, prezident darrov hal qildi, degani emas. Shuningdek, muxolifatdagilar kelsin, degani bilan ular ham darrov yugurib kelishmaydi, huquqiy me'yorlar belgilanishi kerak, ularga nisbatan ochilgan jinoiy ishlar bekor qilinishi kerak. Muxolifatni ijobiy o'zanga solish kerak, davlat bunni nazoratga olishi kerak, butun dunyoda muxolifat mamlakat ichkarisida turib o'z tanqidini aytadi, emin erkin harakat qiladi. Bizda ham shunday bo'lishi kerak, bu Mirziyoyev olib borayotgan bugingi siyosatga jiddiy tayanch bo'ladi,", - deydi Nurulloh Raufxon.
Muhammad Solihning o'zi hozircha bu murojaatga biror munosabat bildirmagan, ammo u avvalroq O'zbekiston prezidenti qabulxonasiga o'ziga qo'yilgan ayblovlarni bekor qilish, nomini oqlash, vatanga erkin shaxs sifatida qaytish imkoniyati berilishini so'rab talabnoma jo'natgan edi.
Facebook Forum