O‘zbekistonning “qora ro‘yxat”idan rasman chiqarilgani aytilgan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurullo Otaxonov) Toshkentga qaytishi ortidan aeroportda hibsga olingan. Yozuvchining yaqinlariga ko‘ra, u Yashnabod tumani ichki ishlar boshqarmasida 2016-yilda ochilgan jinoiy ish bo‘yicha ushlab turilibdi. O‘zbekiston prezidentining xorijdagi o‘zbeklarni vatanga qaytarish chaqirg‘idan ruhlangan, shuningdek, ismi rasman “qora ro‘yxat”dan chiqarilganiga ishongan yozuvchi 2 yillik muhojirlikdan so‘ng 27-sentabr kuni Turkiyadan O‘zbekistonga qaytgan edi.
Yozuvchini kutib olish uchun aeroportga chiqqan yaqinlari uning qo‘llariga kishan solingan holda olib chiqilayotganini ko‘rishgan. Bu haqda yozuvchining o‘g‘li Fayzullaxon Otaxonov shunday deydi:
“Istanbuldan uchgan samolyot Toshkent vaqti bilan ertalab 05:20 da qo‘ngan, dadam onamlarga, ukamlarga qo‘ndim, hammasi yaxshi, deb telefon qilgan. Soat yettilargacha kutishgan, keyin tashqariga chiqqanlar, qo‘llarida kishan, yonlarida militsiya, uzoqdan ko‘rib qolishgan, salomlashishga ulgurishgan, Yashnabod tuman IIBga olib ketilayotganini aytishgan. Biznikilar ham orqadan boshqarmaga yetib borishgan, hozir ham kutib turishibdi. Boshqarmadan esa ikki xil gap aytishgan. Bir xodim surishtiruvdan so‘ng, tushuntirish xati olib, dadamni qo‘yib yuborishlarini aytgan. Ammo qidiruv bo‘limidan boshqa bir xodim bu yerda kutib o‘tirmaslikni, dadamga nisbatan jinoyat ishi ochilganini, advokat topishni, bu ish ancha cho‘zilishi mumkinligini aytgan.Ya’ni ikki bo‘limdan ikki xil xulosa, biri chiqadi desa, boshqasi qoladi, deyapti. Jinoiy ish o‘tgan yil uyimizda o‘tkazilgan tintuv chog‘ida musodara qilingan adabiyotlar bo‘yicha ochilgan ekan”, - deydi Fayzullaxon Otaxonov.
Nurulloh Muhammad Raufxon o'tgan yili Turkiyada “Bu kunlar” romani e’lon qilgach, O'zbekistonda istalmagan shaxslar ro'yxatiga qo'shilgan edi. Islom Karimov davridagi siyosat tanqid ostiga olingan, muxolifatga nisbatan tazyiqlar ochiq bayon qilingan bu asar e’lon qilinishi ortidan yozuvchiga nisbatan tahdidlar boshlandi, uning nomi qora ro‘yxatga kiritildi, Turkiyada bo‘lib turgan yozuvchi qidiruvga berildi, Toshkentdagi uyida esa tintuv o‘tkazildi.
O‘zbekistonda hokimiyat almashishidan so‘ng boshlangan o‘zgarishlar, ayniqsa, nomi “qora ro‘yxat”ga kiritilgan fuqarolarning oqlanayotgani, qolaversa, prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan xorijdagi o‘zbekistonliklarni vatanga qaytishga da’vat etishi ortidan Nurulloh Muhammad Raufxon ham O‘zbekistonga qaytish qaroriga kelganini "Facebook"dagi sahifasi orqali e'lon qilgan edi.
Yozuvchining o'g'li Fayzullaxonga ko'ra, otasining qaytish qaroriga kelishida “qora ro‘yxat”dagilarni oqlash kampaniyasi boshlangani, jumladan, Yashnabod hokimiyatidagi majlisda yozuvchining nomi ro‘yxatdan o‘chirilgani e’lon qilinishi, rasman vatanga qaytish taklifi berilgani muhim o‘rin tutgan.
“O‘shanda hokimiyatdan kelib, falon kuni hokimiyatga o‘tinglar, muhim majlis bor, deb aytishgan. Onam borganlar, taxminan, 60 ga yaqin odam bo‘lgan. Shu yerda ro‘yxatdagi har bir kishini alohida o‘qib eshittirishgan, otamning nomlarini ham, endi ro‘yxatdan o‘chirildi, vatanga qaytsinlar, kerak bo‘lsa, samolyotga bilet ham olib beramiz deyishgan. Onam nega otam bu ro‘yxatga kiritilganini so‘raganda, u kishi qaysi oqimda bo‘lgan deb so‘rashgan. Onam hech qaysi oqimda, faqat tanqidiy kitob yozganlar, deganlarida, u kishi uzoq vaqt xorijda bo‘lgani uchun shu ro‘yxatga kiritilgan edi, deb tushuntirish berishgan”, - deydi Fayzullaxon.
Yaqinlarining aytishicha, surushtiruvlarning birortasida “qora ro‘yxat”ga kiritilishiga sabab bo‘lgan, Islom Karimov boshqaruvi tanqid qilingan “Bu kunlar” romani qayd etilmaydi.
Yozuvchi ayni paytda poytaxtning Yashnabod tuman Ichki ishlar boshqarmasida ushlab turilibdi, unga nisbatan noqonuniy diniy adabiyotlar saqlash aybi bilan jinoyat ishi ochilishi mumkin. Qarindoshlari bilan uchrashishiga ruxsat berilmagan, faqat advokat yollash maslahati berilgan.
Nurulloh Muhammad Raufxon O‘zbekistonda islohotlar boshlanishi, muxoliflarga munosabat o‘zgarayotgani haqidagi qarashlardan so‘ng vatanga qaytishga jazm qilgan ilk faollardan bo‘ldi.
Facebook Forum