AQShning Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiyasi (United States Commission on International Religious Freedom) Kongressga taqdim etgan hisobotga ko'ra, O'zbekistonda e'tiqod bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash uchun real choralar ko'rish zarur.
Qariyb 31 million aholisi bor mamlakatda namozxonlarga, e'tiqod tutqinlariga oid ahvol juda og'ir deya baholanadi.
Komissiya xulosasiga ko'ra, dindorlarga nisbatan repressiya boshida hukumat idoralari turibdi. Tuzum namozxonlarni asosiy xavf sifatida ko'radi, dindorlarga nisbatan tayziqlar radikalizm va terorrizmga qarshi kurash shiori ostida olib borilmoqda.
O'zbekiston aholisi asosan musulmonlardan iborat, islom siyosiylashmagan, diniy qadriyatlarga asoslangan biror partiya mavjud emas, ammo noqonuniy guruhlarga aloqadorlikda ayblanib qamoqqa tashlangan minglab fuqarolar diniy-siyosiy mahbuslar deb ko'riladi.
AQSh komissiyasi taxminicha, O'zbekistonda bunday mahbuslar sonini 12 ming atrofida.
O'zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov:
“Biz buni bir nech yillardan buyon gapirib kelamiz: dindorlarga munosabatda hech narsa o'zgarmagan, hammasi avvalgidek - noqonuniy hibslar, tergovlar, sudlovlar. Adolatsiz suddan keyin qamoqqa tashlangan namozxonni qo'shimcha ravishda qiynoqqa tutish, ularga nisbatan jazo muddatlarini uzaytirish... Xullas, qamashlar davom etmoqda, hatto qamalayotganlarning yaqinlari ham ko'pincha xabarsiz qoladi. Nega, qachon, qayerda hibsga olishgan? Albatta, diniy ekstremizmga qarshi kurash olib borilishi kerak, lekin bunday usullar bilan emas, faqat qonunchilik doirasida, jamoatchilik xabardor qilingan tarzda, yopiq va tazyiqlar usuli bilan emas”.
Yaqinda ekstremizmga qarshi kurash bilan bog'liq qonunchilikka tuzatishlar kiritildi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik ruhdagi chiqishlar uchun 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosini ko'zda tutuvchi bu yangilik e'tiqod va so'z erkinligini cheklovchi navbatdagi qadam sifatida baholandi.
Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva:
“Bu o'zgartirish asosan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan erkin fikrlarni cheklashga qaratilgan. O'zbekiston organlari, maxsus xizmatlari bundan shu maqsadda foydalanishadi. Bundan tashqari, bu yangilik asosan xorijdagi dindor o'zbekistonlik muhojirlarni nishonga olayotgandek, asosan ular o'z diniy qadriyatlari, ehtiyojlarini qondirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishadi, o'zlariga ma'qul kelgan qorilarning ma'ruzalarini tinglashadi, o'qishadi. Bular hammasi O'zbekiston hukumati xorijga chiqib ketgan mehnat muhojirlariga qarshi keng qamrovli kampaniya boshlashi ortidan kuzatilayotgani esa, vaziyatni yanda xavotirli qiladi”.
Din va siyosatga doir erkin mulohazalar terrorizm va radikalizmga tenglashtirilayotgan muhitda tazyiqlar musulmonlarga qaratilgan, hatto xorijdagi fuqarolar masjidlarga qatnashidan tortib, ularning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlari ham keskin nazoratga olinmoqda, deydi faollar.
Mehnat muhojirlarining aksariyati Rossiyada.
Moskvada ishlab kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev tasvirlashicha, muhojirlar hukumat dindorlarga qarshi kurash boshlaganidan ham, mamlakatdagi tazyiq va qiynoqlardan ham yaxshi xabardor.
“O'zbekiston hukumati musulmonlar bilan, umuman islom bilan kurashishni keng yo'lga qo'ydi. Buni yashirish kerak emas, ochiq aytish kerak. Mamlakat ichidagi nohaq qamashlar, qiynoqlar... Bularni endi to'xtatib bo'lmaydi. Ammo bu kampaniya endi mehnat muhojirligidagi o'zbekistonliklarga qaratilmoqda. Ular o'g'irlab ketilayapti, qamalayapti, majburan ortga qaytarilmoqda”, - deydi Hamroyev.
AQSh diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiyasi Kongressni nafaqat O'zbekiston balki qo'shni Tojikiston va Turkmanistonda ham diniy erkinlik bilan bog'liq og'ir vaziyatni o'nglash uchun jiddiy choralar ko'rishga chaqirdi.
AQShning Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiyasi hisoboti bilan mana shu yerda tanishing.