Breaking News

Nurulloh Muhammad Raufxon: Kitobimga diniy idora emas, ilm ahli baho bersin


Nurulloh Muhammad Raufxon
Nurulloh Muhammad Raufxon

Yaqinda Turkiyadan qaytgan yozuvchi Nurullo Otaxonovning (Nurolloh Muhammad Raufxon) aeroportda musodara qilingan adabiyotlari ustidan ekspertiza o‘tkazilmoqda. Bu tekshiruv u o‘z asarida tanqid ostiga olgan idora Vazirlar Mahkamasi qoshidagi diniy idora mutaxassislari tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Nurullo Otaxonov mamlakatda yuzlab yoshlar noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda ayblanib qamalib ketishida shu idoraning ham aybi bor deb hisoblaydi.

"Bu kunlar": Nurulloh Muhammad Raufxon bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:57 0:00

Nurullo Otaxonovning hibsdan chiqarilganiga ikki haftadan o‘tyapti. Adib uchun hozircha hammasi mavhum - diniy ekstremizm bo‘yicha qo‘yilgan ayblov olib tashlanmagan. Bu ayblovga asos bo‘lgan “Bu kunlar” romanidan tashqari, aeroportdagi hibs paytida yozuvchidan musodara qilingan komputeri, badiiy asarlari, qo‘lyozmalari ham ekspertiza tekshiruvidan o‘tkazilmoqda.

Yozuvchi qo‘shimcha ravishda o’tkazilayotgan shu tekshiruvning xulosalarini ham kutyapti. Uning advokati ham tergovchidan bu borada hali aniq bir javob ololmagan.

“Hozir men uchun tushunmovchilik, nimalar bo‘lyapti, bilmayman. Yaqinda advokat bilan uchrashgan edim. Aytishicha vaqtincha to‘xtatib turilibdi... Hozircha hech kim chaqirgani yo‘q, lekin pasportim ichki ishlar bo‘limida. Shu ekspertizaning xulosasi kutilyapti shekilli, shundan keyin chaqiradi yoki boshqa narsa bo‘ladi, bilmayman”, - deydi yozuvchi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning vatandoshlarni mamlakatda qaytarish chaqirig‘idan ilhomlangan Otaxonov 27- sentyabrda Turkiyadan O‘zbekistonga qaytgach, Toshkentdagi aeroportda ekstremistik adabiyotlar targ‘ibotida ayblanib hibs qilingan, uch kunlik so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan edi.
Islom Karimov rahbarligi davridagi siyosiy tuzumni tanqid ostida olib, O‘zbekistondagi “qora ro‘yxat”ga kiritilgan yozuvchi vatanga qaytishidan avval bu ro‘yxatdan rasman chiqarilgan edi.

Yozuvchiga ko‘ra “qora ro‘yxat”da chiqarilgani uni hibsdan ham, ayblovdan ham ozod etmagan.

Nurulloh Muhammad Raufxonning "Bu kunlar" asari Turkiyada nashrdan chiqqan
Nurulloh Muhammad Raufxonning "Bu kunlar" asari Turkiyada nashrdan chiqqan

Jinoiy ishga asos bo‘lgan “Bu kunlar” romani bo‘yicha ekspertiza hali yozuvchi Turkiyadaligi paytida chiqarilgan edi. Bu asar ekstremistik adabiyot, degan xulosa Vazirlar Mahkamasi qoshidagi diniy idora tomonidan berilgan.

“Bu kunlar” kitobida bular taxmin qilayotgan ayb yo‘q, hech qanaqasiga. Gap shundaki, 27 yillik oldingi iqtidor davrida tanqid degan narsa yo‘qolib ketdi. Matbuot o‘z vazifasini unutdi, faqat maddohlik bilan shug‘ullandi. Ya’ni, chorak asr davomida xalqimizning qulog‘i faqat shunday xabarlarga o‘rgatildi, hatto yoshlarimiz zombilashdi, ya’ni targ‘ibot o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Buning orasida men bir tanqidiy narsa yozib qo‘ydim, tanqid bo‘lib ham qattiq emas, faqat tahliliy yondashuv. Mana shu tanqid qismiga chiday olishmadi, shu tushunmovchilik. Maqtovga o‘rgangan quloqlarga bu juda og‘ir tuyuldi, birdan sakrab ketishdi. Lekin hech kim mendan nimani tanqid qildingiz, qanday faktlarga ko‘ra deb so‘ramadi, hatto tergov paytida ham, faqat quruq gap ekstremistik g‘oya bor ekan, degan. Aslida, 560 sahifadan iborat bu kitobning uzog‘i bilan 40 beti diniy hayotimizga bag‘ishlangan, tahlil qilingan. Ular aynan shunga yopishib olishgan”, - deydi Otaxonov.

Yozuvchi bugun jamoatchilik tomonidan keng o‘qilayotgan “Bu kunlar” kitobida mamlakatdagi diniy siyosatga ham to‘xtaladi, yoshlarning nima sababdan turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilib ketayotgani haqida yozadi. Muallif buning sabablari nafaqat ekstremistik oqimlarda, balki diniy idoralar faoliyati ham talabga javob bermayotganida, deb mushohada yuritadi.

“Men kitobda diniy siyosat no‘noqlarcha olib borilyapti deganman, bu hujjatlar bilan isbotlangan. Bu siyosatni asosan Vazirlar Mahkamasi qoshidagi diniy Qo‘mita yuritadi, diniy idora bilan o‘rtadagi vositachi shu, men kitobda ularning topshiriqlaridan misollar keltirganman. Mohiyat shuki, imomlardan bo‘lar-bo‘lmas narsalar talab qilinaverib, imomlar obro‘sizlanib qoldi. Ya’ni, dinni emas, talab qilnayotgan narsani gapira boshlashdi. Bu kitobda isbotlangan. Takrorlamayman. Natijada nima bo‘ldi, ularni tinglab turganlar imom dinni gapiryaptimi, siyosatnimi, farqiga boradiku, shunday qilib imomning so‘zini e’tibori yo‘qoldi. Bu nima degani? Uning qo‘lidan boshqasi yetaklab, imom yolg‘on gapiryapti, dinni emas, siyosatni gapiryapti, haqiqiy din bu yoqda desa, yosh yigit ketaveradida. Natijada 17-18 yoshli yigitlarimiz har xil oqimlarda ayblanib, pachkalab qamalib ketdi, o‘tgan iqtidor davrida, hozirgi iqtidor shuni tuzatishga harakat qilyapti. Guruhlab qamaldi, 18 yoshli yigitga18 yil berishdi, o‘ylab ham o‘tirishmadi. Bunga kim sababchi deganda, men aytyapmanki, biz ham, ya’ni davlatni diniy siyosatini yuritayotgan idoralarning, diniy ulamolarning ham aybi bor deyapman. Bolani to‘g‘ri yo‘lga solish mumkin edi, deb xulosa qilyapman, ular xulosaga emas, faqat tanqid qismiga qarayapti, shunday ekspertiza berishyapti. Men tergovchilarga, kitobda faoliyati tanqid qilingan diniy Qo‘mita xolis ekspert bo‘la olmasligi haqida aytdim. Bunga qarshiman, iqror emasman, deb imzo chekdim”.

Otaxonovga ko‘ra “Bu kunlar” ijtimoiy- siyosiy asar, uning bahosini diniy idora emas, adabiy jamoatchilik, siyosatshunoslar berishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG