Breaking News

BMT: O'zbekistonda diniy erkinlik bobida islohotlarni kuchaytirish kerak


BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohid 
BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohid 

BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohid deydiki, O‘zbekiston e’tiqod erkinligi ta`minlanishi yuzasidan keskin islohotlarga muhtoj. 2-oktabr kuni O‘zbekistonga kelgan maxsus ma’ruzachi 11 kun davomida rasmiylar, fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, diniy mahbuslarning qarindoshlari bilan uchrashib, mamlakat qamoqxonalaridagi ahvol bilan tanishgan.

BMT vakili O'zbekistondagi din erkinligini o'rgandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:51 0:00

Ahmad Shohid O‘zbekiston bo‘ylab qilingan 11 kunlik safari yakunlari yuzasidan bayonot tarqatgan.

“Din va e’tiqod erkinligi turli din vakillari yashayotgan O‘zbekiston xavfsizligi uchun tahdid sifatida ko‘rilmasligi kerak”, deyiladi, jumladan, 12-oktabr kuni e’lon qilingan bu bayonotda.

O‘z safari davomida O‘zbekistondagi bir qator idoralarda uchrashuv o‘tkazgan maxsus ma’ruzachi mamlakatdagi so‘nggi islohotlarni ijobiy qadam sifatida e’tirof qiladi, ammo diniy ekstremizmga qarshi turish aynan din va e’tiqod erkinligi kafolatlanishiga asoslanishi lozimligini, e’tiqod erkinligi huquqi diniy ekstremizm tahdidiga qurbon qilinmasligi kerakligini ta’kidlaydi.

Bayonot maxsus ma’ruzachining dastlabki xulosalarini o‘z ichiga oladi. Safar yakunlari bo‘yicha to‘liq hisobot esa 2018-yilda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Ahmad Shohid O‘zbekiston bo‘ylab safari davomida qamoqxonalarda, jumladan, “Jasliq”da ham bo‘lgan, diniy e’tiqod bo‘yicha qamalgan aksariyat mahbuslar saqlanayotgan bu qamoqxonadagi vaziyat bilan tanishgan.

Huquq himoyachilari BMT Maxsus ma’ruzachisi diniy ayblovlar bilan qamalgan mahbuslarning qarindoshlari bilan ham uchrashgani haqida xabar tarqatishgan edi.

O‘zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovga ko‘ra, Ahmad Shohid bilan 5-oktabr kuni Toshkentda o‘tgan uchrashuvda diniy mahbuslarning 40 ga yaqin qarindoshlari qatnashgan. Ular asosan diniy mahkumlarga nisbatan o‘tkazilayotgan qiynoqlar haqida gapirishgan.

BMT ma’ruzachisi dastlabki bayonotida qiynoqlar haqida to‘xtalmaydi, ammo hukumat mamlakatda inson huquqlari, e’tiqod erkinligi ta’minlanishi yuzasidan zudlik bilan islohotlarga, shu jumladan, siyosiy islohotlar o‘tkazishga chaqiriladi.

Ahmad Shohidning bu safari diniy e’tiqod erkinligi keskin cheklangan davlatlar qatoridan o‘rin olib kelayotgan O‘zbekistonga BMT Maxsus ma’ruzachisi darajasida uyushtirilgan ilk tashrif.

Bu safar prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Zayd al-Husayn bilan o‘tgan muzokaralari ortidan kuzatilmoqda.

2-oktabr kuni Toshkentga kelgan Ahmad Shohid safarini Oliy Majlis, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, huquq-tartibot idoralarida uchrashuvlar o‘tkazishdan boshladi.

Ahmad Shohid safari davomida Turkiyadan O‘zbekistonga qaytishi ortidan diniy ekstremizmda ayblanib hibsga olingan va keyinchalik ozodlikka chiqarilgan yozuvchi Nurullo Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon) bilan ham uchrashishi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.

Ma’ruzachining O‘zbekistonga safari yakunlanganiga qaraganda uchrashuv amalga oshmagan. Nurullo Otaxonovning aytishicha, u hibsdan ozod qilinishi ortidan shunday suhbatning bo'lishi ehtimolidan xabardor qilingan.

“Bu yerda 11 kun yurarkan, sizni oldingizga ham kelarkan, deb aytishgan edi. Men kutdim, menga hech kim hech narsa degani yo‘q, o‘zim ham bu haqda so‘ramadim, har holda bu uchrashuv bo‘lmadi, hozir u kishi ketib bo‘lgan, shekilli. Uchrashganda ham, meni hibs qilishlari, so‘roq jarayonida, “Toshturma”da o‘tirganimda menga nisbatan qo‘pollik ishlatilgani yo‘q. Bu ochiq gap, o‘zgarishlar bor. Bu borada mening e’tirozim yo‘q, ammo uchrashuv bo‘lganda boshqa bir muhim narsa “Bu kunlar” kitobim haqida gapirardim. Bu kitobda ular taxmin qilayotgan, ayb, diniy ekstremizm yo‘q, hech qanaqa. Agar uchrashuv bo`lganda, men unga bir xolis odam sifatida shu haqda gapirib berar edim, ya’ni kitobning g‘oyasi haqida, afsuski, bu uchashuv bo’lmadi”, - deydi huquq-tartibot organlari tomonidan diniy ekstremizm targ‘ibotida ayblanayotgan yozuvchi Nurullo Otaxonov.

BMT maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistondagi diniy e’tiqod erkinligiga oid vaziyat yuzasidan to‘liq hisobotini 2018-yilning mart oyida BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG