Davlat xavfsizlik xizmati zimmasiga O‘zbekiston konstitutsiyaviy tizimi, suverenitet, hududiy yaxlitlik hamda ichki va tashqi manfaatlarni himoya qilish vazifasi yuklangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun bu boradagi farmonga imzo chekkan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etishning ustuvor vazifalari:
- Bugungi kundagi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashning ta’sirchan shakl hamda uslublarini joriy etish;
- Yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda davlat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vazifalarni bajarishda mavjud kuch hamda vositalardan samarali foydalanish imkonini beruvchi tashkiliy tuzilmani shakllantirish;
- Xizmat faoliyatini davlat xavfsizligini ta’minlash ishlarining shakl va uslublari, shuningdek, Xizmat harbiy xizmatchilarining idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etuvchi konspiratsiya tamoyili asosida tashkil etish;
- Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini kafolatlaydigan ta’sirchan mexanizmlarni joriy qilish;
- O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini munosib himoya qilishga qodir, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni Xizmatga jalb etishga qaratilgan kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish;
- Mehnatga munosib haq to‘lash, uy-joy va maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish orqali Xizmat harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
Xizmatning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari:
- O‘zbekistonning davlat xavfsizligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta’minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish;
- O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish;
- O‘zbekistonning davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish;
- O‘zbekistonning qurolli kuchlari va mudofaa-sanoat majmuasini davlat xavfsizligiga xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish;
- terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;
- davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy, va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish;
- iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston xalqining tarixiy-madaniy va boy ma’naviy merosini himoya qilish;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish;
- telekommunikatsiya va transport sohasida davlat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarni yuzaga keltiruvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish;
- Xizmatning tergov qilish vakolatiga kiruvchi jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlari saqlanishi, maxsus aloqa xavfsizligining ta’minlanishi hamda axborotlarni kriptografik himoya qilishni tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshirish;
- davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish.
Facebook Forum