Breaking News

Jurnalistlar sudida tanaffus, qiynoq da'volari ekspertizaga yuborildi


Jurnalistlar Hayotxon Nasriddinov va Bobomurod Abdullayev
Jurnalistlar Hayotxon Nasriddinov va Bobomurod Abdullayev

O'zbekistonda konstitutsion tuzumni ag'darishga urinishda ayblanayotgan jurnalistlar ustidan boshlangan sud qiynoqlar bo'yicha taqdimnomani inobatga olib, Bobomurod Abdullayevga nisbatan tibbiy ekspertiza belgilangan.

"Sud ishi adolat tantana qilishiga doir ijobiy taassurot qoldirdi"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:58 0:00

Ekspertiza xulosasi chiqqanidan so’ng mahkama davom etishi kutilmoqda. Huquq himoyachilari sudlarning ishlash tartibidagi keskin o’zgarishlarni e’tirof etishmoqda.

Jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov hamda tadbirkorlar Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar ustidan birinchi sud 7-mart kuni jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudida bo'lib o'tdi.

Abdullayevning advokati Sergey Mayorov jurnalistga nisbatan qiynoq qo'llangani yuzasidan tekshiruv o'tkazishni so'ragan. Mahkamada qatnashgan huquq himoyachilari O’zbekiston sud-huquq tizimida qiynoqlar haqidagi taqdimnoma ilk bor inobatga olinganini aytishmoqda.

Huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaga ko’ra, sud ishi adolat tantana qilishiga doir ijobiy taassurot qoldirgan.

“Yanglishmasam, bugun O’zbekistonda birinchi marotaba qonunchilikka asoslangan ochiq sud majlisi o’tkazilganiga guvoh bo’ldik. Bu juda quvonchli. Biz hatto kiritmasa kerak deb cho’chib turgan edik, lekin hammani kiritishdi, zal to’la odam. Men sudya Zafar Nurmatovni mahkamani olib borishidan mamnun bo’ldim. Sudda Abdullayevning advokati Mayorov o’z himoyasidagi jurnalistga nisbatan shafqatsiz qiynoqlar ko’rsatilgani, qiynoqlar asorati hozir ham uning tanasida qolgani haqida gapirdi. Sudya bu haqdagi talabnomani inobatga oldi. Bobomurodga qarab, qiynoq izlarini bizga ko’rsata olasizmi, deb so'radi. Bobomurod buni tasdiqladi va yechinib, qiynoq izlarini ko’rsatdi. Shundan so’ng sudya Bobomurodni tibbiy ekspertiza o’tkazish haqida qaror qabul qildi. Mahkama esa shu ekspertiza xulosalari ayon bo'lishidan so'ng davom etadigan bo’ldi”, - deydi Eshonqulova.

Sud zaliga ayblanuvchilar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar olib kelingan. Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) tergov guruhi tomonidan tayyorlangan bu jinoyat ishi o’tgan yili sentabr oyida Abdullayevning hibs qilinishi ortidan qo’zg’atilgan edi. Keyinchalik bu jinoiy ish doirasida tadbirkorlar Salayev va Olloyorov, oktabr oyiga borib esa jurnalist va bloger Hayotxon Nasriddinov ham MXX tomonidan hibs qilindi.

Malohat Eshonqulova qisqa tanaffus paytida Nasriddinov bilan biroz muloqot qilishga ham ulgurgan.

“Hayotxon Nasriddinovning onasi sud zaliga qo’llarida kishan bilan olib kirilgan o'g'lini taniy olmay ham qoldi. Shunchalar ozib-to’zib ketgan. Advokat qiynoqlar haqida taqdimnoma kiritgandan keyin, sud maslahatga kirib ketdi, shu paytda men Hayotxon Nasriddinovning oldiga bordim, o'zimni tanishtirdim, ularni shuncha odam qo’llab-quvvatlayotgani haqida aytdim. Tashqaridagilarga nima degan bo‘lardingiz, deb so’radim. Qiyinchilik bilan bo'lsa-da, javob olishga ham ulgurdim. Nasriddinov hammaga, ularni qo’llab-quvvatlab turganlarga o’z minnatdorchiligini bildirdi, mahkama davomida o’z fikrlarini aytish uchun imkoniyat bo'lishiga umid bildirdi”, - deydi Eshonqulova.

Mahkama ishini qachon davom etishi Abdullayevga nisbatan qiynoq qo'llangani yuzasidan tibbiy ekspertiza o'z xulosasini bildirganidan keyin bo'ladi.

Advokat Sergey Mayorovning O’zbekiston bosh prokuroriga yozgan murojaatida jurnalist o’z aybiga iqror bo’lgunga qadar qiynoqqa solingani aytilgan. MXX hibsxonasida u kaltaklangan, oila a’zolari zo’rlanishi bilan tahdid qilingan, uxlatilmagan, ochlikda saqlangan.

Toshkent shahar sudida ko’rilayotgan bu ish hokimiyatdagi ziddiyatlardan darak beruvchi yangi tafsilotlar bilan boyimoqda. MXX tergovchilari Bobomurod Abdullayevni o’sha paytdagi Bosh prokuror (hozirda MXX raisi) Ixtiyor Abdullayevga, shuningdek, hozirgi Ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonovga qarshi ko’rsatma berishni talab qilishgan.

“Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida maqola yozgan Bobomurod Abdullayevning manbalari tadbirkorlar Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorovlar bo’lgani gumon qilinadi. Bobomurod esa ma’lumotlarni bevosita Ixtiyor Abdullayev va Po’lat Bobojonovlardan olgani haqida ko’rsatma berishga majburlangan.

Hayotxon Nasriddinovning advokati ham ayblanuvchiga nisbatan qiynoq qo'llangani haqida bosh prokurorga murojaatnoma yo'llagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG