Breaking News

12 tashkilot O'zbekistonga: Qamoqdagi jurnalistlarni ozod eting


Hayotxon Nasriddinov, Bobomurod Abdullayev va Akrom Malikov
Hayotxon Nasriddinov, Bobomurod Abdullayev va Akrom Malikov

O'zbekiston hukumati jurnalist Bobomurod Abdullayev qiynoqqa solingani yuzasidan boshlangan tekshiruv xolis va haqqoniy o'tishini ta'minlashi lozim. 12 xalqaro tashkilot Abdullayevni va erkin fikr bildirgani uchun qamalgan boshqa insonlarni zudlik bilan ozod etishga undamoqda.

Fergana.ru onlayn axborot nashri hamda Urush va tinchlik instituti bilan hamkorlik qilgan Abdullayev Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) tomonidan 2017-yilning sentabrida hibsga olingan edi. Unga qo'yilgan ayb - konstitutsion tizimga qarshi fitna uyushtirish. Oila a'zolari jurnalist qiynoqqa solingani, tahqirlanganini aytadi.

"O'zbekiston hukumati xavfsizlik organlarini isloh qilish tomon qadam qo'yayotgan bir mahalda, jurnalistning azoblangani to'g'irisidagi xabarlar darhol tekshirilishi va oshkora qoralanishi kerak", - deydi Stiv Sverdlov, "Human Rights Watch" tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi.

Murojaat bilan chiqqan 12 tashkilot: Xalqaro Amnistiya; Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi; Fuqaro huquqlari himoyachilari; Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi; Ozodlik uyi; "Human Rights Watch"; Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik; Norveviya Xelsinki qo'mitasi; Chegara bilmas muxbirlar; "Freedom Now"; "Article 19"; va O'zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi.

Bu ishni kuzatib kelayotgan huquq faoli Surat Ikromovga ko'ra, hozirda Bobomurod Abdullayevni so'roq qilgan MXX tergovchilari ishdan chetlatilgan va tekshiruv boshlangan. 31-yanvar kuni MXXning uzoq yillik rahbari Rustam Inoyatovning boshqa ishga o'tgani ham e'lon qilingan edi.

Bobomurod Abdullayev qatorida bloger Hayotxon Nasriddinov va tadqiqotchi Akrom Malikovga ham konstitutsiyaviy tuzumni ag'darish aybi qo'yilgan. Xotini va onasi bilan ko'rishganida, Abdullayev Toshkentdagi uyi yonida MXX xodimlari tomonidan kaltaklanib, boshiga xalta kiydirilib olib ketilganini, hibsxonada qayta-qayta qiynoqqa solingani aytgan.

"Uni muzday kamerada yalang'och qilib turg'izib qo'yishgan. Besh kun ovqat berishmagan. O'zingni va oilangni yo'q qilamiz, deb qo'rtiqilgan. Karavotiga soatlab bog'lab qo'yishgan", deyiladi xalqaro tashkilotlar bayonotida.

O'g'li azoblanayotgani haqida Abdullayevning onasi hukumat idoralariga maktublar yozgan, ijtimoiy tarmoqlarda nolalar qilgan edi.

"O'zbekiston o'zgarishi uchun real imkoniyat bor hozir. Ammo jurnalist va blogerlar qamoqqa olinib, qiynoqqa solinayotgani haqida eshityapmiz. Abdullayevning ishi huquq bobida katta sinov", - deydi Brijit Dufur, Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik tashkiloti direktori.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva:

"O'zbekiston hukumatiga yana bir bor eslatamiz: qamoqxonalardagi ahvolni mustaqil ekspertlar hech bir cheklovsiz kirib kuzatsin, bunga ruxsat bering. BMTning qiynoqlar bo'yicha maxsus vakili ham taklif eting. Mahalliy qonunlarni xalqaro me'yorlar bilan uyg'unlashtirish vaqti keldi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG