Breaking News

AQSh elchixonasi: Siyosiy mahbuslarning ozod qilinishini olqishlaymiz


AQSh O’zbekistonda siyosiy faollarni qamoqqa olish amaliyoti o’tmishda qolishiga umid bildirmoqda. Mamlakatda navbatdagi siyosiy mahbuslar ozod etilishi ortidan AQSh elchixonasi tarqatgan bayonotda aynan shunday deyiladi. Mart oyi boshida 19 yillik qamoq jazosini o’tagan jurnalist, muxolafatdagi “Erk” partiyasi faoli Yusuf Ro’zimurodov ozodlikka chiqdi. Avvalroq esa 11 yillik qamoq jazosini o’tagan yana bir siyosiy mahbus Isroiljon Xoldorov ozodlikka chiqarilgan edi.

Yusuf Ro’zimurodov O’zbekistonda jurnalistik faoliyati uchun uzoq muddatli qamoq jazosini o’tab chiqqan faollardan biri. Bundan avval dunyo bo’yicha eng uzoq muddat qamoqda o'tirgan jurnalist sifatida e’tirof etilgan Muhammad Bekjon ozod etilgan edi.

Jurnalistlar Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid ham aynan kasbiy faoliyati uchun o’n yilga yaqin muddat qamoqxonada o’tirishdi va yangi hokimiyat davridagi o’zgarishlar ortidan ozodlikka chiqishdi. Mustaqil jurnalist Jamshid Karimov esa 10 yildan oshiq majburan ruhiy kasallar shifoxonasida saqlandi.

Uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan siyosiy mahbuslar faqatgina jurnalistlardan iborat emas, o’tgan yili umrining chorak asrini qamoqxonada o’tkazgan Samandar Qo’qonov ozodlikka chiqqan edi. Huquq himoyachilari A’zam Turg’unov, A’zam Farmonov, G’anixon Mamatxonov, Bobomurod Razzoqov va boshqalar ham aynan mamlakatda hokimiyat o’zgarishidan so’ng tutqunlikda chiqarildi. O’tgan fevral oyida yana bir huquq himoyachisi, muxolifatchi Isroiljon Xoldorov 9 yillik qamoq jazosidan so’ng ozod etildi.

Siyosiy mahbuslarning ozod etilishi AQSh elchixonasi tomonidan muntazam kuzatib kelinadi. Elchixona deyarli har bir siyosiy mahbusning ozod etilishiga doir o’z munosabatini bildiradi. Ammo Yusuf Ro’zimurodov, Isroiljon Xoldorov ozod qilinishiga doir so’nggi bayonot, ayniqsa, O’zbekistonda borayotgan islohotlarga bog’langan umid bilan ajralib turadi.

“Biz O’zbekiston hukumatini yana boshqa mahbuslarni ozodlikka chiqarishga va ozod bo’lganlarga ularni to’laqonli ozod inson ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirishga chaqiramiz. Biz umid qilamizki, siyosiy mahbuslarni hibsga olish amaliyoti O’zbekiston o’tmishida qoladi va islohotlar izchil davom ettiriladi”, - deyiladi bu bayonotda.

Elchixona bayonotida qamoqdan ozodlikka chiqqan mahbuslar to’qnash keladigan muammo - ularning ozod fuqaro sifatida jamoatchilikka to’laqonli qo’shilishi, fuqarolik pasportiga ega bo`lishi lozimligiga diqqat qaratiladi. Uzoq yillik qamoqdan chiqqan sobiq mahkumlar uchun to’siq bo`lib turgan dolzarb muammolardan biri ham shu.

Bir yil avval ozod etilgan jurnalist Muhammad Bekjon yaqinda IIB nazoratidan chiqarilgani haqida jamoatchilikka ma’lum qildi; ozod etilishidan bir yil o’tib jurnalist Xorazmdan poytaxtga kelishga muyassar bo’ldi.

Muhammad Bekjon poytaxtga kelishi ortidan AQSh elchisi Pamela Spratlen tomonidan qabul qilindi. Uchrashuv davomida O’zbekistondagi bugungi o’zgarishlar, shuningdek, jurnalistning AQShda yashayotgan o’z farzandlari bilan uchrashish imkoniyatlari ham muhokama qilingan.

AQSh elchisi O’zbekiston tomoni Muhammad Bekjonga o’z farzandlari bilan uchrashish imkoniyatini berishiga, uning xorijga chiqish uchun qilgan murojaati O’zbekiston tomonidan qondirilishiga umid bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG