AQSh Davlat departamenti nazarida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston to'g'ri yo'ldan ketmoqda. 2009-yilda qamalgan jurnalist Dilmurod Sayidning ozod etilishi olqishlanmoqda. Sayid shartli ravishda chiqarilgan. Jurnalist o'zini hamon asossiz qamalgan, professional faoliyati uchun jazolangan fuqaro deb hisoblaydi.
Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri qairyb 20 nafar siyosiy mahbus erkinlikka chiqdi. Hukumat "siyosiy mahbus" degan tushunchani qoralab kelgan, chunki unga ko'ra, qamoqdagi hamma aybi isbotlangan jinoyatchilar. Lekin huquq tashkilotlari O'zbekistonda minglab insonlar repressiya sabab, o'z fikri va so'zi uchun nohaq qamalgan, deya bong urib, ularning ayrimlarini, siyosiy mahbuslar deb kelgan, jumladan jurnalistlar va faollarni.
AQShning Toshkentdagi elchisi Pamela Spratlen bir necha oy oldin sobiq siyosiy mahbuslar bilan uchrashib, ularni bir dasturxon atrofiga to'plagan.
Elchi Spratlen "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Mirziyoyev islohotlar yo'lida qat'iy ko'rinadi va mamlakatini yangi yo'ldan olib bormoqda. Oldinda vazifalar, atrofda muammolar talay, deydi elchi, biroq bugun respublikada vaziyatni yaxshilash, hukumat xalq xizmatida bo'lishi uchun iroda borligi sezilmoqda.
AQSh Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul bosh diplomat Elis Uells yaqinda Toshkentda bo'ldi. Korrupsiyani yoritib tanilgan va moliyaviy tovlamachilikda ayblanib qamalgan Dilmurod Sayid o'sha paytda ozodlikka chiqdi. Uells xonim Vashingtonga qaytgach, Davlat departamenti Sayidning chiqarilganini olqishlab bayonot berdi. (Quyida ingliz tilida)
Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti ham siyosiy mahbuslar soni kamayganidan xursand. Lekin, deya yozadi Stiv Sverdlov, HRW vakili o'z "Twitter" sahifasida AQSh hukumati o'zgarishni bo'rttirmay tahlil qilishi kerak. Uning qayd etishicha, erkinlik va qonun ustuvorligi bobida O'zbekiston olg'a siljishi uchun hali ko'p ishlar qilinishi kerak.
Facebook Forum