Huquq faollariga ko'ra, Rustam Abdumannopov O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlari davrida hibsga olingan yana bir siyosiy mahbus. U “Said Ali” taxallusi ostida yozgan maqolalari, muxolifatdagi O’zbekiston xalq harakati bilan hamkorlik qilgani uchun shu yilning yanvar oyida 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Shu yilning yanvar oyida Toshkent shahar sudi tomonidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda aybdor topilib, 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Rustam Abdumannopovning ishini huquq himoyachisi A’zam Turg’unov o’rgangan.
Uning aytishicha, 36 yoshli Abdumannopov malakali mutaxassis sifatida tanilgan, Milliy universitetni siyosatshunoslik bo’yicha bitirgan, bir necha xalqaro o’quv markazlarida malaka oshirgan. 2016- yilning iyuliga qadar Adliya vazirligiga qarashli respublika sud-ekspertiza markazida ekspert lavozimida ishlagan.
Bu shaxsga qo’yilgan asosiy ayb O’zbekiston xalq harakati rahbari Muhammad Solih bilan aloqada bo’lgani, bu tashkilotning rasmiy saytida “Said Ali” taxallusi bilan maqolalar chop etganidir. Yanvar oyida xuddi shunday ayblov bilan yosh tadqiqotchi Akrom Malikov ham 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
A’zam Turg’unovning aytishicha, har ikkisining ishi deyarli bir xil - faqat Malikov 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bo’lsa, Abdumannopovga 9 yil berilgan.
“Ikkovi ham deyarli bir vaqtda sud qilingan, hibsga olinishi ham bir xil, pasportini olib ketish uchun OVIRga chaqirtirilgan, qaytayotganda, yo’ldagi to’qnashuv tufayli bir notanish ayolning arizasi bo`yicha hibs qilingan. Keyin darrov uni kishanlab, tintuv qilishgan, cho‘ntagidan fleshka topishgan, undan esa ayblovga asos bo’lgan materiallar chiqqani aytilgan. Ayblov ham deyarli bir xil, ikkovi ham Muhammad Solih bilan aloqada bo’lgan, tuzumni ag’darmoqchi degan gaplar, ya'ni ikkovi uchun ham bir xil qolip, ssenariy tayyorlangan. Ular ayblovda uyushgan jinoiy guruh rahbari bilan til biriktirgan deyapti, lekin guruh rahbariga nisbatan xususiy ajrim yo’q, chunki Muhammad Solihni ayblay olmaydi, chunki uni Interpolga berib, Pragadagi voqeadan keyin bular qattiq kuygan. Qolaversa, Solihning jinoyatchi emasligini hamma yaxshi biladi. Ikkinchidan, O’zbekiston xalq harakati ekstremistik tashkilot deb keltirilmoqda. Vaholanki, harakatning ustav va nizomi bor, o’shanga qarab ko’rish kerak edi, u yerda O’zbekistonga qarshi qaratilgan hech narsa yo’q”, - deydi A’zam Turg’unov.
Jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudi tomonidan e’lon qilingan hukmga ko’ra, Rustam Abdumannopovga nisbatan ayblovlar uning Turkiyaga qisqa safaridan so’ng boshlangan. U Turkiyada Muhammad Solih bilan ko’rishgani, amaldagi tuzumni ag’darishga qaratilgan da’vatlar bilan tanishgani, siyosiy yo’l bilan hokimiyatni egallash amalga oshmagan taqdirda, konstitutsiyaga xilof ravishda kuch bilan o’zgartirishga qaratilgan harakatlarni rejalashtirgani iddao qilinadi.
Abdumannopov “Said Ali” taxallusi ostida amaldagi tuzumni ag’darish ruhidagi maqolalar yozganlikda ham ayblanmoqda.
Ammo aybnomada u O’zbekiston xalq harakati uchun maqolalar yozmagani, uning maqolalari boshqa nashrlarda e’lon qilinganini, tergov-surishtiruv jarayoni bir qator qonunbuzarliklar bilan kuzatilgani, u jumladan advokat tanlash, himoyachisi bilan yolg’iz gaplashish huquqidan mahrum qilinganini ta’kidlaydi.
A’zam Turg’unovga ko’ra, Abdumannopovning yaqinlariga jiddiy bosim ko’rsatilgan, hukm e’lon qilinishi ortidan ular shikoyat bildirmaslik, aks holda hammasi yanada og’irroq bo’lishi mumkinligidan ogohlantirilgan.
Huquq himoyachisi Mirziyoyev boshqaruvi davomida ham yangi siyosiy mahbuslar paydo bo’layotganini e’tirof etar ekan, siyosiy faollar prezident tomonidan emas, huquq-tartibot tizimlaridagi sobiq tuzum tarafdorlari tomonidan tahdid sifatida ko’rilmoqda, deb hisoblaydi.
“Aksincha, siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqishi, siyosiy faollar borligidan prezidentga yomon emas, bu sobiq tuzum tarafdorlari uchun tahdid. Chunki faollar ichki ishlar, prokuratura, xavfsizlik xizmatida o’tirgan avvalgi tuzum tarafdorlarini, o’z mansabini suiiste’mol qilayotgan mansabdorlarni fosh qilishadi. Aynan shular siyosiy mahbuslarning birdaniga butunlay ozodlikka chiqishiga qarshi turishibdi”, - deydi Turg’unov.
Rustam Abdumannopov O’zbekistonda hokimiyat almashishidan so’ng o’tgan bir yil ichida muxolifatdagi siyosiy faoliyati uchun qamoq jazosiga loyiq ko’rilgan navbatdagi mahbus. Ayni paytda jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudi jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinovlarning hokimiyatni ag’darishga urinish, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish ishini ko’rib chiqmoqda. Bu jinoyat doirasida hibsga olinganlar ham, asosan, siyosiy muxolifat bilan bog’liq faoliyat uchun javobgarlikka tortilmoqda.
Facebook Forum