2009-yildan beri qamoqda o'tirgan huquq faoli G‘anixon Mamatxonov 16-oktabr kuni ozodlikka chiqdi. “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati bu borada ma'lumot tarqatdi.
Mamatxonov Farg‘ona viloyatida uzoq yillar mobaynida ijtimoiy va iqtisodiy huquqlar uchun kurashib, mahalliy va xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari bilan hamkorlik qilgan.
"Human Rights Watch" tashkiloti nazarida Mamatxonov nohaq qamalgan va aynan siyosiy faolligi uchun nishonga olingan. Shu bois ham u "siyosiy mahbus" sanalar edi.
2009-yilning 12-oktabrida hibsga olinib, Mamatxonov o‘sha yilning 25-noyabrida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berganlik), 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ayblangan. Besh yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.
Keyinchalik Mamatxonov jazoni ijro etish muassasasi tartibini buzganlikda ayblanib, uning jazo muddati uzaytirilgan.
U o'tgan bir yil ichida qo'yib yuborilgan to'qqizinchi siyosiy mahbus. Prezident Shavkat Mirziyoyev adolatli jamiyat qurishni, qonun ustuvorligi ta'minlanishini va'da qilgan.
Facebook Forum