Breaking News

"O'zbekiston Nilufar Rahimjonovaning o'limini tergov qilsin"


Huquq tashkilotlari joriy yilning sentabrida o'lgan siyosiy mahbus, 37 yoshli Nilufar Rahimjonovaning ishini atroflicha tergov qilishga da'vat etayapti.
Huquq tashkilotlari joriy yilning sentabrida o'lgan siyosiy mahbus, 37 yoshli Nilufar Rahimjonovaning ishini atroflicha tergov qilishga da'vat etayapti.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti va Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi O'zbekiston hukumatini barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga undayapti.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan e'lon qilingan amnistiya bu insonlarga ham taalluqli bo'lishi kerak, deb hisoblaydi yuqorida tilga olingan organlar.

Ular, shuningdek, joriy yilning sentabrida qamoqda o'lgan 37 yoshli Nilufar Rahimjonova ishini atroflicha tergov qilishga da'vat etayapti.

"Dunyoda eng uzoq qamoq muddatini o'tayotgan, qiynoqqa solinayotgan siyosiy mahbuslar, mustaqil jurnalistlar va faollar aynan O'zbekistonda", - deydi "Human Rights Watch" tashkilotidan Stiv Sverdlov.

"O'zbekiston hukumati amnistiyadan foydalanib asossiz qamalgan, uzviy huquqlaridan foydalangani uchun ozodlikdan mahrum etilgan, qamoq muddati asossiz uzaytirilgan bu odamlarni qo'yib yuborishi lozim", - deydi ekspert.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan o'lkada minglab odamlar amnistiyaga tushdi. Bu avfga ko'ra, og'ir bo'lmagan jinoyatlarda ayblanib qamalganlar hamda ayollar va yoshi 60 dan oshgan mahbuslar qo'yib yuboriladi.

Ammo siyosiy mahbuslar kamdan-kam hollarda ozodlikka chiqadi, hatto amnistiyaga tushadiganlar toifasiga kirsa-da.

"Human Rights Watch" aniqlashicha, "qamoq qoidalarini buzganlik" bahonasi bilan so'nggi yillarda sudlangan siyosiy mahbuslardan 14 nafariga qo'shimcha muhlat berilgan. Diniy ekstremizm ayblovi bilan qamoqqa olinganlarga nisbatan ham xuddi shu usul qo'llanadi. Ruxsatsiz qaychi olib yurish, namoz o'qish, oq ko'ylak kiyish kabilar ana shunday buzg'unchilikka kirgani aytiladi.

O'zbekiston - siyosiy mahbuslar mamlakati, deya bildiradi HRW
O'zbekiston - siyosiy mahbuslar mamlakati, deya bildiradi HRW

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayevaning aytishicha, asossiz qamalganlar ro'yxatida "Erk" muxolif gazetasini yuritgan Muhammad Bekjonov, 2005-yilda Andijon voqealarida ayblangan Akrom Yo'ldoshev, siyosatni qoralagan deputat Murod Jo'rayev, Orolbo'yi muammolari va Qoraqalpog'istondagi masalalarni yoritgan Solijon Abdurahmonov va boshqalar bor.

Haqqini talab qilgani uchun ozodlikdan mahrum qilinganlar orasida 14 nafar faolini ko'rish mumkin: A'zam Farmonov, Mehriniso Hamdamova, Zulxumor Hamdamova, Isroiljon Xoldorov, G'aybullo Jalilov, Nuriddin Jumaniyozov, Matluba Komilova, G'anixon Mamatxonov, Chuyan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo'ldosh Rasulov, Bobomurod Razzoqov, Faxriddin Tillayev, Akrom Turg'unov.

Nilufar Rahimjonova shu yilning 13-sentabrida Toshkent yaqinidagi Zangiota ayollar koloniyasida jon bergan. 10 yilga qamalgan, shundan uch yilini o'tab bo'lgan. Unga qo'yilgan chegarani noqonuniy kesib o'tganlik va josuslik ayblovlari soxta ekani, uning Tojikistondagi otasi, peshvo Domulla Istravshoniy va Erondagi turmush o'rtog'i Sayidyunus Burxonov bilan bog'liq ekani aytiladi.

Har ikkisi O'zbekiston hukumatini e'tiqod ahliga bosimi uchun oshkora tanqid qilgan.

Rahimjonovaning erining "Human Rights Watch" tashkilotiga bildirishicha, ayol 2011-yilning dekabrida ushlangan va televideniyega intervyu berishga, eri va otasini O'zbekiston islomiy harakatiga a'zolikda ayblashga majbur qilingan. Chala tergov, advokatlar bilan erkin ishlashga imkon berilmagan jarayon ketidan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Istravshoniyning aytishicha, Nilufar Rahimjonova surunkali kasallik bilan og'rimagan, salomatligidan shikoyat qilmagan. Toshkentdagi qarindoshi o'limidan ikki oy uni ko'rishga borganida sog'lig'idan shikoyat qilmagan.

Rasmiylar Rahimjonova nimadan o'lganini tushuntirmagan. Biroq o'limidan bir oy o'tib oila yollagan advokatning qo'liga berilgan hujjatda aytilishicha, ayol o'zini osgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG