Breaking News

Putin boshchiligidagi Rossiya va Markaziy Osiyo aloqalari tahlili


Markaziy Osiyo yetakchilari Vladimir Putinni saylov g’alabasi bilan olqishlamoqda. Putin bilan telefon orqali gaplashgan Shavkat Mirziyoyev uni O'zbekistonga taklif etgan. Rossiya rahbari taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgani xabar qilinmoqda.

Markaziy Osiyo integratsiyasi va Rossiya ta'siri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:45 0:00

Nursulton Nazarboyev Putinga yo’llagan tabrigida Qozog’istonning Rossiya bilan hamkorlikni yanada kengaytirish niyati izhor etiladi. Sharhlovchilarga ko'ra, Rossiya o’zaro hamkorlikka intilayotgan Markaziy Osiyodagi vaziyatga bevosita ta’sir qiluvchi omillardan.

Mintaqaning yirik qo'shnisi Xitoyda ham o'tgan hafta prezident vakolati cheksiz muddatga uzaytirildi. Putinning yana olti yilga saylanishi bilan Rossiyada ham, Xitoyda ham siyosiy yo’nalish o’zgarmasligi ko'rinib turibdi.

Markaziy Osiyo liderlarining hammasi Putinni yangi muddati bilan tabriklashga ulgurdi. Bu tabriklar yo’sinidan Rossiya va region aloqalari barqaror qolishini xulosa qilish mumkin.

Putinning hokimiyatda qolishi Markaziy Osiyoda o’zaro hamkorlikka intilish kuchaygan bir davrda kuzatilayotgani inobatga olinsa, bu davr mintaqa va Rossiya aloqalarining haqiqatda qanday rivojlanishini ko’rsatib berishi ta’kidlanmoqda.

Rossiyalik ekspert Andrey Sirenkoga ko’ra, bir necha yil avval Markaziy Osiyoda integratsiyani tasavvur etish qiyin edi, ammo O'zbekistondagi o’zgarishlar bu g’oyani amaliyotga yaqinlashtirmoqda. Bu esa Rossiyani bezovta qilmasdan qo’ymaydi.

“Albatta, bugunga kelib Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikka asoslangan tuzilma tashkil etish imkoniyati reallashmoqda deyish mumkin. Ammo bunday ittifoqning yoki tashkilotning yuzaga kelishi Moskva tomonidan olqishlanishini kutish qiyin, chunki Rossiya mintaqa davlatlari bilan faqat o’zi yetakchilik qilayotgan tashkilotlar vositasida yoki nari borsa ikki tomonlama ravishda hamkorlik qilishini xohlaydi. Rossiya Markaziy Osiyoni tamsil etuvchi yagona bir tashkilot bilan ishlash niyatida emas. Ammo boshqa bir global kuch Xitoy haqida bunday demagan bo’lardim. Aksincha, Buyuk Ipak yo’li loyihasini olg'a surayotgan Xitoy uchun yaxlit mintaqa bilan ishlash ancha qulaydek, qolaversa Xitoy mintaqada Rossiya yetakchiligini cheklashdan ham manfaatdor. Rossiya va Xitoy manfaatlarining to’qnashishigina Moskvani mintaqaviy tashkilotlar faoliyatini tan olishga majbur etishi mumkin”, - degan fikrda Andrey Sirenko.

Yaqinda Ostonada mintaqa liderlarining salkam 10 yillik tanaffusdan so'ng ilk sammiti o’tdi. Rus matbuotidagi ayrim xabarlarda Putinning bu anjumanda ishtirok etmagani aynan saylov kampaniyasi bilan bog’lab yoritilgan. Rossiya prezidentining Markaziy Osiyo sammitida qatnashishi qanchalik reglamentga muvofiqligi haqida hech narsa deyilmaydi.

Sammitda Nursulton Nazaboyev mintaqa davlatlari baribir Rossiya va Xitoy bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini alohida urg’uladi. Shu bilan birga mintaqa o'z muammolarini mustaqil tarzda muhokama qilish va yechish imkoniyatiga ega ekanini ham aytdi.

Ostona uchrashuvini tarixiy voqea sifatida baholagan Prezident Mirziyoyev mintaqada o’tgan bir yil ichida iqtisodiy aloqalarda jiddiy o’sish bo'lganini ta’kidlar ekan, xalqaro ekspertlar integratsiya amalga oshgan taqdirda rivojlanish, jumladan ishlab chiqarish hajmi ham keskin oshishiga diqqat qaratadi.

Sammit yakunida imzolagan bayonotda biror mintaqaviy tashkilot rejasi aks etmagan. Nursulton Nazarboyev mintaqa davlatlarining ayrimlari Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga, ayrimlari Bojxona ittifoqiga, ayrimlari Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo ekanini eslatib, uchrashuv maslahatlashuv maqomida ekanini e’tirof etdi.

Rossiya yetakchiligidagi bu tashkilotlarga O’zbekistondan tashqari mintaqa davlatlarining hammasi a’zo. Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti faoliyati aynan shu sabab, tashkilotga Rossiya a’zo bo’lib qo’shilishi ortidan tugatilgan edi.

Rossiya Markaziy Osiyoni o’z strategik manfaatlariga kiruvchi hudud deb biladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG