Bugun Ostonada Markaziy Osiyoning to'rt davlati rahbari uchrashdi. Turkmaniston prezidenti tadbirga kelmadi, o'rniga o'z vakilini yubordi. Rahbarlar suv taqsimoti, savdo singari nozik masalalarni muhokama qildi va har yili Navro'z oldida shunday uchrashishga kelishib oldi.
Qozog'istonda bugundan binoan O'zbekiston yili boshlandi. Rasmiy bayonotlar ketidan konsert taqdim etildi.
Uzoq yillik tanaffusdan so’ng ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari sammiti o’tdi. Prezidentlar Nursulton Nazarboyev, Sooronboy Jeenbekov, Emomali Rahmon va Shavkat Miziyoyev qatnashgan tadbir O’zbekiston prezidenti tashabbusiga ko’ra o’tkazildi. Buning uchun Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan Nazarboyev mintaqa davlatlari o’rtasida iliqlik boshlanganini, hamkorlik rivojlanayotganini e’tirof etdi. Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy bilan har tomonlama munosabatlarni davom ettirishi alohida urg’ulangan.
Sammit mintaqa liderlarining o’zaro maslahatlashuvi maqomida taqdim etilmoqda, uchrashuv yakunida Navro’z munosabati bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish aks ettirilgan qo’shma bayonot imzolangan.
Maslahatlashuv maqomidagi bu uchrashuvdan aniq bir qarorlar kutilgani yo’q, ammo bir necha yil burun keskin ziddiyatlar hududi sifati qayd etilgan Markaziy Osiyoda o’zaro sammit o’tayotgani mintaqa siljishidan darak o’laroq qabul qilinmoqda.
Nursulton Nazarboyev sammit arafasida 14-mart kuni Tojikiston prezidenti Rahmon bilan ikki tomonlama muzokara o’tkazdi. Tomonlar fuqarolarning 30 kun muddatgacha o’zaro tashrifini rasmiylashtirish tartibidan voz kechishdi.
Bir necha kun avval Emomali Rahmon Dushanbeda O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tantanali kutib olgan edi, muzokaralar natijasida ikki davlat o’rtasidagi vizali tartib bekor qilindi, uzoq yillik ziddiyat o’chog’i bo’lib kelgan Rog’un GESi masalasida ham hamkorlikka kelishildi.
Ostonadagi sammit mintaqa bo’ylab shunday ko’tarinkilik kuzatilayotgan bir davrda o’tmoqda, ayrim ekspertlar Markaziy Osiyo yaxlitlashayotgani haqida gapirishmoqda.
Ammo bu fikrlarga hamma ham qo‘shilmaydi, aksincha mintaqa tobora global kuchlar qurshovida qolayotgani, mintaqa muhofazasini mustahkamlash prezidentlarning deklarotiv bayonotlarini emas, aniq choralar ko’rilishini talab qilishi ta’kidlanmoqda.
Sammitga mezbonlik qilayotgan Qozog’iston muxolifati ham shunday tanqidiy qarashlarda xoli emas.
Muxolifatdagi “Qozog’iston demokratik tanlovi” hamraisi Aydos Sodiq:
“Men mintaqa prezidentlarining o’zaro mustaqil bir qaror qabul qilishiga shubha bilan qarayman, agar shunday bo’lgan taqdirda, prezidentlar Qozog’iston, shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlar uchun ham dolzarb turgan muammo - Xitoyning tobora o’sib borayotgan qudratiga qarshi aniq bir choralarni muhokama qilishi zarur. Qozoq muxolifatini bu masala jiddiy bezovta qiladi, chunki Xitoy Qozog’iston, Qirg’iziston, qisman Tojikistonga ham shiddat bilan kirib kelmoqda, bu jarayon tobora kuchayib bo‘rayapti. Shuning uchun ham prezidentlar bu ta’sirga qarshi o’zaro muvofiqlashgan holda aniq choralarni ishlab chiqishi kerak. Ammo mintaqa prezidentlari bu masalani ko’tarishiga ishonmayman, chunki ularning har biri Xitoydan o’z holicha manfaatdor, sarmoyalar va boshqa turli ko’rinishidagi hadyalarni olib turishibdi ”.
Facebook Forum