Breaking News

"Amerika Ovozi" intervyusi ketidan Tolibon AQShni muloqotga chaqirmoqda


AQSh: Tolibon tinchlik xohlasa, muzokara qilamiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:12 0:00

AQSh: Tolibon tinchlik xohlasa, muzokara qilamiz

Qo'shma Shtatlarning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh rasmiysi Elis Uels (Alice Wells) Davlat kotibi muovini vazifasida Afg'onistondagi urushni yakunlash uchun ham mas'ul. "Amerika Ovozi" bilan qilgan suhbati bugun efirga uzatilgach, uni dari, pashtu va o'zbek tillarida tinglab tomosha qilgan Tolibon bayonot chiqarib, Vashingtonni bevosita muloqotga chorlamoqda.

Uels xonim intervyuda shunday degan edi:

"Urush va qon to’kishni to’xtatib, tinchlikda yashashni istagan toliblar bilan gaplashishga shaymiz. Terrorizmdan qaytib, Afg’oniston bosh qomusiga bosh egib, ozchilikdagi elatlar va xotin-qizlarning huquqlarini hurmat qilgan holda kun kechirishga tayyor bo’lsa, murosa yo’llari bor. Men bu lavozimda sakkiz oydan beri o’tirgan bo’lsam, bir narsani aniq aytishim mumkin: mintaqadagi har bir davlat, Qo’shma Shtatlar va Afg’oniston faqat tinchlik va barqarorlik istaydi. Tinchlik muzokaralari ish bersin, deydi".

Maqsad Uels xonim aytganidek tinchlik bo'lsa, deydi toliblar, niyat uzoq yillik urushni tugatish bo'lsa, harakat Amerika bilan murosa yo'llarini izlashga shay.

"AQSh afg'on xalqi shartlarini qabul qilishi kerak bo'ladi. Afg'oniston Islomiy Amirligi Siyosiy Idorasi bilan muloqot qiling", - deya undamoqda Tolibon Vashingtonni.

Tolibon o'zini Afg'oniston Islomiy Amirligi deb ataydi. Bu hafta Kobulda tinchlik muzokaralari yuzasidan maslahatlashuv kechadi.

24-26 mart kunlari O'zbekiston Afg'onistonda barqarorlikka erishish yo'llarini muhokama qilish maqsadida xalqaro anjuman o'tkazmoqchi. Yig'in poytaxt Toshkentda rejalangan.

"Amerika Ovozi" Elis Uels bilan suhbatda bu mavzuni ko'tardi. Intervyu tafsilotlari bilan quyida tanishing.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Donald Tramp prezidentlikka kelishi bilan nima yangilik qilindi, aynan bu mintaqaga nisbatan siyosatda?

Toshkentdagi anjumanga AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson ham boradimi?

Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Ikki omilni tilga olgan bo’lardim. Avvalo, siz haqsiz. 1991-yildan boshlaboq biz Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini himoya qilishimizni doimo aytib kelamiz. Hozirgi muhim yangiliklardan biri shuki, O’zbekistonda Prezident Mirziyoyev olg’a surgan tashabbuslar sabab, mintaqalararo hamkorlik real tarzda oldinga siljishi mumkin. Markaziy Osiyo davlatlari asl potensialini namoyon eta olishi uchun imkoniyatlar paydo bo’lmoqda. Iqtisod, tijorat, energetika, ekologiya sohalarida, qolaversa o’z iqtisodiy tizimlarini ko’tarish, shuningdek, qo’shni Afg’onistonda barqarorlikka erishish uchun o’z hissalarini qo’shish imkoniyati kengaymoqda. Prezident Mirziyoyev o’z davlatini ochar ekan, qo’shnilarga qo’l cho’zar ekan, chegara muammolarini hal etish yo’lida harakat qilar ekan, biz ham Markaziy Osiyoning yangi qirralarini kashf etayapmiz va yangicha hamkorlik haqida o’ylanayapmiz.

Ikkinchi yangilik prezidentimizning Janubiy Osiyo strategiyasidir. O’tgan yilning avgustida e’lon qilingan bu strategiya Afg’onistonda barqarorlik va xavfsizlik ta’minlanmaguncha, u yerni tark etmaymiz, degan va’daga asoslanadi. Bu O’zbekiston va Afg’onistonning boshqa qo’shnilari uchun juda muhim qaror. Biz chiqib ketish muddatini oldindan belgilamaymiz. Afg’onistonda hukumat va Tolibon orasida tinchlik yuzasidan siyosiy murosa qilinmaguncha, biz o’sha yerdamiz. Mintaqa rahbarlari bu qarorimizni olqishlamoqda. Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani mana shu e’londan keyin Toshkentga safar qildi. Qator bitimlar imzolandi. G’ani o’z davlatini Markaziy Osiyoning bir qismi, deya atadi. Biz mintaqadagi hozirgi manzaraga qarab, umidga to’lamiz. Chunki, u yerda nafaqat ikki tomonlama aloqalar jonlanmoqda, balki butun Markaziy Osiyoda o’ziga xos ochilishga guvohmiz. Bu degani xalqaro hamjamiyat ham unga yangi nazar bilan qaramoqda va bu holat Afg’onistonda tinchlikka erishish umidini ham kuchaytirgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Toshkent uchun mart oyida rejalangan Afg’oniston anjumani juda muhim.

Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilamizki, qo’shni davlatlardan yuqori lavozimli rasmiylar, xususan tashqi ishlar vazirlari borishi kutilmoqda. AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson ham boradimi?

Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Bizdan kim borishini hozircha ayta olmayman, aynan qay darajadagi rasmiy. Lekin gapingizga mutlaqo qo’shilaman: bu anjuman O’zbekiston uchun nihoyatda muhim. Bu davlat Afg’onistonda tinchlikka erishish yo’lida tarixiy rol o’ynab kelgan, mintaqada diplomatik kuchg a ega bo’lgan. Bu anjuman qaysidir jihatdan Toshkentning mana shu rolga qaytayotganini anglatadi.

Anjuman nimani o’zgartiradi? Birga gaplashib olasiz, ammo amalda nima o’zgaradi?

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Toshkentning qaytishi.

Elis Uels, Davlat kotibi muovini: To’g’ri, Prezident Mirziyoyev xatti-harakati bilan mintaqaning roli ham oshmoqda. Kobulda yaqinda o’tadigan muzokara ko’p narsani hal qiladi. Afg’onlar o’zlari tinchlik istayotgani, o’z yechimlariga ega ekani, umuman maqsad tinchlik ekanini namoyon etuvchi tadbirlar. Undan keyin Toshkentda yig’ilish, mintaqadagi qudratli davlatlar va global yetakchilar bir davrada o’tirib, Afg’oniston tinchligi uchun o’z hissasini qo’shishga tayyor ekanini bayon etishi muhim voqea, albatta.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin Afg’onistondagi bugungi xavotirli vaziyat o’zingizga ma’lum. Anjuman nimani o’zgartiradi? Birga gaplashib olasiz, ammo amalda nima o’zgaradi?

Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Ishonch bilan aytamanki, bu anjuman Tolibonga muzokara uchun yo’l hamon ochiq ekanini ko’rsatadi. Bu o’ta ahamiyatli signal. Urush va qon to’kishni to’xtatib, tinchlikda yashashni istagan toliblar bilan gaplashishga shaymiz. Terrorizmdan qaytib, Afg’oniston bosh qomusiga bosh egib, ozchilikdagi elatlar va xotin-qizlarning huquqlarini hurmat qilgan holda kun kechirishga tayyor bo’lsa, murosa yo’llari bor. Men bu lavozimda sakkiz oydan beri o’tirgan bo’lsam, bir narsani aniq aytishim mumkin: mintaqadagi har bir davlat, Qo’shma Shtatlar va Afg’oniston faqat tinchlik va barqarorlik istaydi. Tinchlik muzokaralari ish bersin, deydi.

Mintaqadagi har bir davlat, Qo’shma Shtatlar va Afg’oniston faqat tinchlik va barqarorlik istaydi. Tinchlik muzokaralari ish bersin, deydi.

Kobulda 31-may kuni qilingan qaqshatqich xuruj, 27-yanvar kuni amalga oshirilgan hujum xalqaro hamjamiyatga tinchlikning dushmani aslida kim ekanini yaqqol ko’rsatdi. Bu – Tolibon. Biz shu bois butun e’tiborimizni mana shu yovuz kuchga qaratayapmiz. Lekin bilamizki, uning ichida qurol tashlashga rozi tomonlar bor. Shunday ekan, murosa umidi so’nmagan. Afg’on hukumati hamon toliblar bilan til topisha olishiga ishonadi. Tolibon esa buni tushunmayapti.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bosim, demak, Tolibonda.

Elis Uels, Davlat kotibi muovini: Ha.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG